Ijtimoiy tarmoqlarda qor uyumlarini Boʻrijar kanalining suvni muhofaza qilish zonasiga oʻzboshimchalik bilan joylashtirilganlik haqida video tarqaldi.
Maʼlum qilinishicha, Tabiat resurslari vazirligi davlat inspektorlari tomonidan tezkor oʻrganishlar oʻtkazilib, poytaxtimiz koʻchalaridan tozalangan qorlarni belgilanmagan hududlarga joylashtirish holatlari toʻxtatildi. Vazirlikning maxsus analitik laboratoriyasi jalb etilib, tahlil uchun ifloslangan qorlardan namunalar olindi.
Oʻrganish davomida tegishli tashkilotlarning xodimlari oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Kelgusida tozalash ishlarida hosil boʻladigan qor va muzlarni belgilangan chiqindi poligonlariga chiqarish va joylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi hamda bu kabi holatlarga qayta yoʻl qoʻyilmasligi nazoratga olindi.
Ushbu holat yuzasidan laboratoriya tahlil natijalariga koʻra, qoʻshimcha maʼlumot beriladigan boʻldi.