«Toshkent metropoliteni» unitar korxonasining mutaxassislari tomonidan metroda adashmaslik hamda yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida, metrodagi yo‘nalish chizmalarini, turli ko‘rsatgichlarni va boshqa navigatsiya ko‘rinishlarini bosqichma-bosqich yangilash ishlari olib borilyapti.
Jumladan, «Yunusobod» metro liniyasining yangi stansiyalarida yo‘l ko‘rsatkichlari yangilandi, «O‘zbekiston» metro liniyasida «Do‘stlik» yer osti bekatidan «Do‘stlik-2» yer usti bekatiga o‘tish ko‘rsatkichi o‘rnatildi. Bundan tashqari, «Sergeli» metro liniyasidagi yangi bekatlargacha bo‘lgan ko‘rsatgichli belgilar «Chilonzor» metro liniyasining yo‘nalishidagi barcha stansiyalarida ham bosqichma-bosqich yangilab boriladi. Hozirgi vaqtda «Olmazor» va «Bodomzor» stansiyalarida hamda qisman «Yunusobod» metro liniyasida yangi navigatsiya belgilari o‘rnatilgan.
Keyingi uch oy mobaynida, bugungi kunda xizmat ko‘rsatayotgan metropoliten liniyalariga mingdan ortiq navigatsiya elementlari o‘rnatiladi.
Yangi metro stansiyalarining nomlanish masalasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tsak. Eslatib o‘tamiz, yangi qurilgan stansiyalarga nom berish jarayonida «Toshkent metropoliteni» UK ishtirok etmayapti. Biroq, aynan ushbu mavzu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar (aksatiyati tanqidiy va salbiy fikrlar) kelib tushyapti.
Ma’lumot uchun, ushbu masala Geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi vakolatiga kiradi. Bundan tashqari, loyihada ko‘zda tutilgan istiqbolli qurilish to‘liq amalga oshirilmagan. Rejalashtirilgan metro stansiyalardan bugungi kunga qadar yettita qurilgan stansiyalar foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.