Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi Oʻzbekiston-Latviya hamkorligining istiqbollari, turli darajalarda rejalashtirilayotgan muloqotlarga tayyorgarlik koʻrish jarayoni, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalar masalalari muhokama qilindi.

Latviya hukumati rahbarining maslahatchisi Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirildi.

Tomonlar vazirliklar oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi, iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisiga puxta tayyorgarlik koʻrilayotganini alohida qayd etdi.

Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 6 ming nomdagi tovarlarni bojsiz olib kirishga imkon beradigan “GSP+” tizimining benefitsiar maqomini olish boʻyicha saʼy-harakatlari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etildi.

2021-yilning Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyati taʼkidlandi.

Xususan, sentyabr oyida mamlakatimiz davlat mustaqilligini qoʻlga kiritganining 30 yilligi keng nishonlanadi, iyul oyida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya va “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” nomli Xiva forumini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Dana Goldfincha eʼtibori Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 46-sessiyasida soʻzlagan tarixiy nutqi mazmun-mohiyatiga ham qaratildi.

Suhbatdosh Latviyaning Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirishga qaratilgan amaliy qadamlar qoʻyishga sodiqligini bildirdi.

Riga Toshkent bilan sheriklik darajasini oshirishga qiziqish bildirayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻzaro hamkorlik kun tartibini amaliy mazmun bilan boyitish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar boʻyicha fikr almashildi.

Dana Goldfincha pandemiya sababli vaqtincha toʻxtatilgan “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasining “Toshkent-Riga-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha muntazam reyslarini tezroq qayta tiklash muhimligi haqidagi fikrga qoʻshildi. Bu ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga, savdo hajmini oshirishga va turistik almashinuvlarni faollashtirishga yordam beradi.

Latviya tomoni Oʻzbekistonning “GSP+” tizimi benefitsiar davlat maqomini olish va Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidladi.

Tadbirda Latviya Bosh vazirining maslahatchisi bilan muntazam amaliy aloqalarni davom ettirish va oʻzaro fikr almashish, Oʻzbekiston-Latviya hamkorligi kun tartibiga oid tegishli maʼlumotlar bilan almashish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.