Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, ayrim shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda shahar hokimi Shavkat Umurzakov nomidan foydalangan holda soxta akkauntlar ochib, fuqarolarga turli mazmundagi xabarlar yubormoqda. Mazkur akkauntlarda hokimning rasmi, ismi va familiyasi qoʻllanilmoqda.

Maʼlumotga koʻra, hokim nomidan ochilgan, shaxsiy yozishmalar olib borayotgan yoki turli iltimos va takliflar bilan murojaat qilayotgan barcha bunday akkauntlar soxta hisoblanadi va firibgarlarga tegishli.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimi yoki hokimlikka aloqador mansabdor shaxslar aholiga shaxsiy tartibda xabar yubormaydi. Agar rasmiy sahifa yoki aloqa kanali ochilsa, bu haqda faqat hokimlik matbuot xizmatining rasmiy axborot manbalari orqali maʼlum qilinadi.

Hokimlik fuqarolarni shubhali xabarlarga ishonmaslikka, shaxsiy maʼlumotlarni begonalarga taqdim etmaslikka hamda bunday holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi.