Joriy yilning 28-oktyabr kuni soat 13:44 da Toshkent shahar Olmazor tumani Universitet koʻchasida joylashgan oshxonada yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan 4 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji soat 13:50 da voqea joyiga yetib borib, yongʻin soat 14:03 da qurshab olindi va soat 14:09 da batamom oʻchirildi.
Yongʻin oqibatida oshxona binosining 120 m.kv maydoni yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok boʻlganlar yoʻq. Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.