Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan "UZCARLSBERG" MCHJning "TOSHKENT SHAHAR SUV TAʼMINOTI" AJ xizmatidan norozi bo‘lib qilgan murojaati vakolat doirasida o‘rganib chiqildi.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida "TOSHKENT SHAHAR SUV TAʼMINOTI" AJ va "UZCARLSBERG" MCHJ o‘rtasida "Chiqindi suvlarni shahar kanalizatsiyasiga chiqarish to‘g‘risida"gi kommunal-ekologik normativ hujjat rasmiylashtirilgan. Unga ko‘ra, "UZCARLSBERG" MCHJga chiqindi suvlarni shahar kanalizatsiyasiga chiqarib yuborish uchun suv hajmi 68 % koeffisiyent qo‘llanishi belgilangan. Biroq, "TOSHKENT SHAHAR SUV TAʼMINOTI" AJ tomonidan "UZCARLSBERG" MCHJga 76 % koeffisiyent qo‘llanilganligi natijasida 75 mln so‘mga yaqin ortiqcha to‘lov hisoblanganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha, hududiy boshqarma tomonidan "TOSHKENT SHAHAR SUV TAʼMINOTI" AJga nisbatan "Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida"gi Qonunning 16-moddasi (tabiiy monopoliya sub’yektlarining tovarlaridan foydalanish shartlarini tiqishtirish yoki tabiiy monopoliya sub’yektlarining belgilangan narxlarda (tariflarda) hisobga olinmagan haq undirish evaziga daromad olishga olib keladigan boshqacha xatti-harakatlarni sodir etish man etiladi) talablarini buzganlik alomatlari mavjud deb belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.