Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu yilning 30-mart kuni Shanxaydan uchgan MU6037 reysi mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi.

Bortda 265 nafar yoʻlovchi boʻlgan samolyot anʼanaga koʻra suv arkasi bilan kutib olindi, ekipaj aʼzolariga gullar taqdim etildi. Shuningdek, poytaxt aeroportida Toshkentdan Shanxayga yoʻl olgan ilk yoʻlovchilar ham tantanali ravishda roʻyxatdan oʻtkazildi.

Qatnovlar haftasiga toʻrt marta — dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi. Parvoz davomiyligi taxminan 8 soatni tashkil etadi.

Maʼlumot uchun, “China Eastern Airlines” 1988-yilda tashkil etilgan boʻlib, shtab-kvartirasi Shanxay shahrida joylashgan Xitoyning yetakchi aviakompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Aviatashuvchi Oʻzbekiston bozoriga ilk bor oʻtgan yil iyul oyida Sian – Toshkent – Sian yoʻnalishini ochish orqali kirib kelgan va bu yoʻnalish qisqa vaqt ichida yoʻlovchilar orasida ommalashdi.