Toshkent viloyatidagi tibbiyot muassasalariga quyosh panellari o'rnatilmoqda

    Mamlakatimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo'shimcha talab bor. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt-soatga oshishi kutilmoqda.

    Bunday vaziyatda eng samarali yo'l — uy, korxona, bog'cha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni ko'paytirishdir. Shu boisdan, Toshkent viloyatida ham qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

    Shu maqsadda, viloyatdagi 54 ta oilaviy shifokorlik punkti poliklinikalariga zamonaviy quyosh elektr panellari o'rnatish uchun mablag'lar ajratildi.

    Shuningdek, mahalliy byudjetning iqtisod qilingan qismidan Chinoz tumani tibbiyot birlashmasiga elektr transfarmator o'rnatish, Parkent tumani Tibbiyot birlashmasining xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo'limlarini 15 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, 2-sonli viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasining moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun ham mablag'lar yo'naltirilmoqda.