Toshkent viloyati gʻallakorlari rejani bajardi

    Agrosektor 3 Iyul 2020 1081

    Bugun Toshkent viloyati gʻallakorlarining ham yuzi yorugʻ boʻldi. Davlat ehtiyojlari uchun belgilangan don sotish shartnoma rejasini sharaf bilan bajardilar.

    Joriy yilda davlatga jami 350 ming 148 tonna boshoqli don topshirish koʻzda tutilib, uning 320 ming 323 tonnasi tovar don, 29 ming 425 tonnasi esa urugʻlik don sifatida rejalashtirilgandi.

    Bunday muvaffaqiyatga albatta, osonlikcha erishilgani yoʻq. Oʻtgan yilning kuzidan boshlab to shu kungacha qilingan zahmatli mehnat, tabiat injiqlarini yengish, joriy yil bahoridagi ketma-ket yogʻingarchiliklarga qarab oqilona ish yuritish oʻz samarasini berdi. Gʻallakorlarning katta tajribasidan foydalanilganligi ham bugun oʻz natijasini koʻrsatdi.

    Gʻalla maysalari oʻz vaqtida mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirilganligi, sugʻorilganligi, nihollar begona oʻtlardan tozalanganligi esa moʻl hosil yetishtirishga zamin boʻldi.

    Eng asosiysi, oʻrim mavsumida ishtirok etganlar vaqtida ragʻbatlantirib borildi. Kombaynlar mexanizatorlari, daladan davlat omborlariga hosilni tashishda qatnashgan yuk tashish avtomashinalari haydovchilari, bir soʻz bilan aytganda, oʻrim mavsumida qatnashgan barchaga oʻz vaqtida ish haqi berib borildi.

    Joriy yilda viloyatdagi 2 ming 697 ta fermer xoʻjaliklari ixtiyoridagi jami 116 ming 100 gektar suvli maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarishlandi. Oʻrim-yigʻim otryad usulida tashkil etilganligi ham oʻzini toʻla oqladi. Mavsumga 365 ta kombaynlar jalb qilindi.

    Shartnoma rejasining qisqa kunlarda ortigʻi bilan bajarilishida Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Toshkent tumanlarining dehqon va fermer xoʻjaliklari ayniqsa, fidoyilik koʻrsatishdi.

    Gʻalabani qoʻlga kiritishda ayrim fermer xoʻjaliklarining hissasini alohida taʼkidlash lozim. Xususan, rejani 105 foizga bajargan Oʻrta Chirchiq tumanidagi Shahzoda Shooxunova rahbarligidagi “Sheraziz Muhammad agro” fermer xoʻjaligi viloyatda birinchilardan boʻlib, davlatga don sotishni ortigʻi bilan bajarib, 230 tonnadan ziyod bugʻdoy davlat omborlariga yetkazib berildi.

    Oqqoʻrgʻon tumanida ham joriy yilda 10 ming 600 gektar maydonda boshoqli don parvarish qilindi. Hosilni belgilangan muddatda yigʻib olish uchun tumanda tashkil etilgan 27 ta gʻalla otryadlari 29 ming tonnadan ziyod gʻallani nest-nobud qilmasdan, davlatga topshirishga erishishdi.

    Gʻalla xalq boyligi. Bobo dehqonlarning ertay-u kech qilgan mehnatlarining samarasi, xalqimizning rizq-u nasibasidir. Shu bois, dalalardagi gʻallani nest-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olish ishlarida barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi, bu muhim ishga tegishli tashkilotlarning ham vakillari ham jalb etildi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, bugun barcha tumanlar gʻallazorlarida oʻrim-yigʻim qizgʻin davom etmoqda. Boisi, hali dalalarda hosil koʻp. Mirishkor dehqonlar yalpi don ishlab chiqarishni 853 ming 700 tonnaga yetkazish boʻyicha barcha choralarni koʻrishmoqda.