Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha oʻrganishlar natijasi tahlil qilindi

    Mamlakatimizda 6 Oktabr 2020 603

    Toshkent viloyatida Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda viloyatni kompleks rivojlantirish borasida oʻtkazilgan oʻrganish yakunlari koʻrib chiqildi.

    Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 26 trillion 506,3 milliard soʻmga teng boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 101,5 foizga oshgan.

    Yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 47,2 foiz, qishloq xoʻjaligining ulushi 23,9 foiz, qurilish sohasining ulushi 5,1 foiz, xizmatlar ulushi esa 23,8 foizni tashkil etgan.

    Oʻrganish davomida ushbu yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim tizimli xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.

    Jumladan, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 655 ta normativ-huquqiy hujjatdagi 4 ming 155 ta topshiriqdan 41 tasi oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan.

    Davlatimiz rahbarining hududga tashriflari doirasida amalga oshirilishi belgilangan 30 ta investitsiya kelishuvi ijrosi oʻrganilganda, qiymati 622,4 million dollarlik 14 ta kelishuv ijrosi toʻxtab qolgani, 339,3 million dollarlik 7 ta kelishuv ijrosi muddatidan kechikkani, 450 million dollarlik 5 ta loyiha esa umuman boshlanmagani ayon boʻldi.

    Shuningdek, investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan 909 ta loyihadan 233 tasining ijrosi ortda qolmoqda.

    Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish 2019-yilda 67,7 foiz, 2020-yilning birinchi yarim yilligida 56 foiz koʻrsatilgan boʻlsada, oʻrganish natijasida ushbu koʻrsatkich mos ravishda 48,6 va 51 foizni tashkil etgan. Hisobotlarda qoʻshib yozish hisobiga oshirib koʻrsatish holatlariga yoʻl qoʻyilishi oqibatida mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan, oʻxshash mahsulotlar import qilingan.

    Qayd etilganidek, ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasini bajarishda ham muayyan kamchiliklar mavjud.

    Xususan, davlat buyurtmasidagi 7 ta yoʻnalish boʻyicha belgilangan koʻrsatkich 108 foizga bajarilgan boʻlsada, 2 ta yoʻnalishda 5 ming 439 ta ish oʻrni yaratilishi taʼminlanmagan. Tanlov asosida 2019-yilda haqiqatda yaratilmagan ish oʻrinlari hududlar va yoʻnalishlar kesimida oʻrganilganda, ularning soni hisobotlarda koʻrsatilganga nisbatan 797 taga koʻpni tashkil qilgan.

    Majlisda shu va boshqa kamchiliklarning sabablari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

    Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.