Prezident Shavkat Mirziyoyev hududdagi iqtisodiy-ijtimoiy natijalarni atroflicha tahlil qilib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
So‘nggi yetti yilda Toshkent viloyatida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Hudud iqtisodiyoti 1,5 barobarga o‘sib, o‘tgan yili 119 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi, tadbirkorlar 16 mingtaga ko‘payib, 170 ming doimiy ish o‘rni ochildi. 6 milliard dollarlik 826 ta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, 5 milliard dollarlik eksport bo‘ldi. Bularning natijasida o‘tgan to‘rt yilda 70 ming, bu yilning o‘zida 19 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Toshkent viloyati tuman va shaharlar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turadi. Hududdagi davlat idoralarida salkam 10 ming xodim ishlaydi. 1 ming 25 ta mahallada 6 ming 123 nafar “mahalla yettiligi” bor. Bu ichki imkoniyatlarni ishga solib, shaharu qishloqlarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish uchun yetarli kuch ekani ta’kidlandi.
Shunday manzilli o‘rganishlar natijasida qo‘shimcha 13 milliard dollar investitsiya, 500 ming ish o‘rni, budjetga 3,5 trillion so‘m tushum qilish imkoniyatlari aniqlangan. Bu imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun 22 ta tuman-shaharning har biri bo‘yicha hukmatning alohida qarorlari chiqishi aytildi.
Viloyatda tadbirkorlik qilishga ishtiyoq kundan-kun oshayapti. Poytaxtdagi korxonalar ham infratuzilma yaqinligi, yer, mulk solig‘i, ishchi kuchi arzonligi uchun Toshkent viloyatidan joy qidirayapti. Shu bois Toshkent, Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlari, Chirchiq va Nurafshon shaharlari poytaxt tumanlari bilan hamohang rivojlanishi kerakligi ta’kidlandi.
Masalan, Toshkent tumanida 97 gektarda industrial texnopark tashkil qilinadi. Unda tadbirkorlar va banklar ishtirokida 350 million dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalar joylashtiriladi. Shuningdek, tumanda ko‘p qavatli uylar, yangi sanatoriylar, sport va ko‘ngilochar maskanlar qurish imkoniyati bor.
Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Piskent va Ohangaron tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi 50 foizni tashkil qiladi. Ular yonma-yon joylashgan bo‘lib, xomashyo zaxirasiga juda boy. Shu bois bu shahar va tumanlarda ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish uchun mutlaqo yangi tizim – “sanoat uchburchagi” dasturi amalga oshirilishi aytildi.
Ushbu hududda 1 ming 100 ta korxona ishlayapti. Yangi loyihalar hisobiga 2-3 yilda ular 1,5 mingga yetadi. Bu kooperatsiya natijasida transport xarajati ham, tannarxi ham kamayadi.
Masalan, Olmaliq kombinati yiliga 9 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilayapti. Bu – atrofda joylashgan 5 ta shahar va tuman uchun katta imkoniyat ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, yil yakunigacha xorijiy investitsiyalar hajmini 2 milliard dollarga va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish, 661 ta loyihani yakunlab, 30 ming yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etildi.
Mashinasozlik sohasidagi talabni to‘liq tahlil qilib, mahalliylashtirishni kengaytirish hamda yirik korxonalar bilan kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Toshkent viloyatida yer va suv mo‘l. Lekin 1 gektardan o‘rtacha daromad boshqa viloyatlarga nisbatan kam. So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 57 ming aholiga berilgan.
Meva-sabzavot eksporti ham o‘tgan yilgicha bo‘lmagan. 2 ming 200 gektar samarasiz bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yo‘qotilayapti. Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda.
Shu kabi kamchiliklar sababli viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari vazifasidan ozod etildi.
Bog‘dorchilik bo‘yicha yangi tizim asosida Ohangaron va Bo‘stonliqdagi tog‘oldi yerlarda malina va golubika plantatsiyasi, Parkent va Ohangaronda uzum va gilos bog‘lari tashkil qilinishi aytildi. Angrenda anor sharbati ishlab chiqarish, Ohangaron tumanida olxo‘rini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu yil ham Toshkent viloyatidagi oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun qo‘shimcha 5 ming gektar yer beriladi.
Umuman, viloyatni bog‘dorchilikda namunali hudud qilib, eksportni 300 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish masalalari ham tahlil qilindi.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida 63 mingta kambag‘al oila qolgan bo‘lib, ularning 190 ming nafar a’zolari mehnatga layoqatli. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili viloyatda 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish rejalashtirilgan.
Lekin bu yetarli emas. Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinda. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga to‘g‘ri keladi. Shu bois tadbirkorlikni rivojlantirib, aholiga daromad manbai yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Buning uchun bir yil ichida “Sayxunobod” tajribasi asosida 27 ming, “Zarbdor” tajribasi asosida 8,5 ming, “Uychi” tajribasi asosida 39 ming, “G‘ijduvon” tajribasi asosida 10 ming kambag‘al aholini band qilish vazifasi belgilandi.
Kichik tadbirkorlik loyihalari uchun ajratiladigan 1 trillion so‘m imtiyozli kredit va 32 milliard so‘m subsidiyalar natijasida 30 ming aholi tadbirkorlikka jalb qilinadi.
Keyingi paytlarda Toshkent viloyatidan xorijga arzon ishlarga ketganlar 30 mingga kamaygan. Lekin hali 158 ming kishi chet elda mehnat qilayotgani qayd etildi.
Endi Migratsiya agentligi faoliyati takomillashtirilib, aholini xavfsiz va yuqori daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etiladi. Chet elda mavsumiy ishlab qaytgan va yana ketish istagida bo‘lgan kishilarga yuqori daromadli kasblar o‘rgatiladi. Kasb-hunari borlar xorijiy tillarga o‘qitiladi.
Go‘zal tabiati, qulay infratuzilmasi bor Toshkent viloyatida turizm salohiyati yuqori. Lekin taklifga nisbatan talab ko‘p bo‘lgani sababli narxlar qimmat. Turizm maskanlarini ko‘paytirib, xizmatlar hajmini 2 karra oshirish, 10 million sayyohni jalb qilish imkoniyati borligi qayd etildi. Mutasaddilarga kelgusi yil uchun 1,5 milliard dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
Yig‘ilishda qish mavsumiga tayyorgarlik, energiya iste’moli masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yirik korxonalarda energiya sarfi yuqori uskunalarni tejamkoriga almashtirish, mahallalarni issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Toshkent viloyati, shahar va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari yig‘ilishdan xulosalari va kelgusi rejalari yuzasidan axborot berdi. Davlatimiz rahbari aholi vakillari bilan samimiy muloqot qildi.