Bugun bo‘lib o‘tgan brifingda missiya rahbari Albert Yonsson joriy faoliyat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni kuzatish bo‘yicha o‘ninchi missiya ekanligini taʼkidladi. «Missiya YEXHT DIIHBga aʼzo mamlakatlardan saylov monitoringi bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan o‘n kishidan iborat, - dedi Albert Yonsson. - 3 aprel kuni missiyaning yana 14 nafar aʼzosi O‘zbekistonga keladi va ular bevosita mamlakatingiz hududlarida ishlaydilar».
Missiyaning asosiy maqsadi referendumning umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar va huquqiy meʼyorlarga muvofiq o‘tishini nazorat qilishdan iboratligi taʼkidlandi.
«Referendum yakunlangach, ertasi kuni missiya kuzatuvlarimiz bo‘yicha dastlabki xulosalarni taqdim etadi. U matbuot anjumani chog‘ida eʼlon qilinadi, - dedi missiya rahbari Albert Yonsson. — Missiyamiz natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalar ikki oy ichida taqdim etiladi».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov bugun YEXHT DIIHB Referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi rahbari Albert Yonsson bilan uchrashdi.