Ijtimoiy tarmoqlarda 3 yoshar qizning oʻlimi holati yuzasidan videomurojaat tarqaldi. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 25-aprel kuni 1996-yilda tugʻilgan D.U. Sergeli tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, sinfdoshi 1996-yilda tugʻilgan Sh.N.ga voyaga yetmagan farzandi 2020-yilda tugʻilgan S.U.ni enagalik qilishi uchun topshirganligini, lekin farzandi uning xonadonida vafot etganligini maʼlum qilgan.

Tekshiruv jarayonida Sh.N.ning bildirishicha, 24-aprel kuni voyaga yetmagan S.U. yertoʻlaga tushish zinasidan yiqilib tushgan, lekin oʻrnidan turib, yana oʻynab ketgan. Shu sababli, Sh.N. bolaning onasiga bu haqda xabar bermagan. Ertasi kuni taxminan soat 10:00 larda S.U. hushidan ketib, yiqilgan va tez tibbiy yordam xodimlari kelguniga qadar vafot etgan.

Marhumaning oʻlim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumon qilinuvchi Sh.N. protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda.