Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, hisobot davrida YTH oqibatida halok boʻlganlar soni 136 nafarni tashkil etgan, 1463 nafari tan jarohati olgan.
Yoʻl-transport hodisalarining 32,5 foizini piyodalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar tashkil etadi. Bolalar ishtirokida 169 ta YTH sodir boʻlgan, buning oqibatida 56 nafar voyaga yetmaganlar tan jarohati olgan, 17 nafari vafot etgan.
Har bitta raqam ortida insonlar taqdiri yotibdi. Bitta insonning halok boʻlishi – uning oila aʼzolari, yaqinlari uchun ogʻir judolik hisoblanadi.
Oʻtgan bir yil davomida haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir boʻlgan YTHlar tahliliga toʻxtalsak.
Eng koʻp uchraydigan qoidabuzarlik tezlikni oshirish boʻlgan - 370 ta holat. 143 nafar haydovchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga oʻtgan. 8 ta baxtsiz hodisa avtomobil rulida oʻtirgan shaxslarning mast holatda boʻlganligi sababli sodir boʻlgan. 73 ta YTH jiddiy oqibatlarga olib keldi.
Bir soʻz bilan aytganda, har bir haydovchi transport vositasini boshqarayotganda nafaqat oʻzi, balki yoʻlovchilar va piyodalarning hayotiga masʼuliyat bilan qarashlari lozim. Piyodalar esa yoʻl harakati ishtirokchisi ekanligini unutmasligi va oʻrnatilgan qoidalarga rioya etishlari kerak.