Ushbu holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda poytaxtda karantin eʼlon qilinishiga asos boʻladigan xavfli yuqumli kasalliklar boʻyicha epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olinayotgan qizamiq, meningit, gepatit, sil va boshqa kasalliklar boʻyicha ham karantin joriy etishni talab qiladigan holatlar mavjud emas.

Shu bilan birga, har yili qish mavsumida gripp va oʻtkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanish holatlari mavsumiy ravishda ortishi qayd etildi. Shu sababli taʼlim muassasalarida bolalar salomatligini muhofaza qilish maqsadida ertalabki filtr (sarlash) ishlari, tana haroratini oʻlchash, kasallik alomatlari kuzatilgan bolalarni vaqtincha ajratish hamda ota-onalarga tegishli tavsiyalar berish kabi profilaktik choralar amalga oshirilmoqda.

Qoʻmita taʼkidlashicha, aynan shu filtr jarayonlari ayrim fuqarolar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinib, “karantin” sifatida qabul qilinmoqda.

Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka, faqat rasmiy manbalar orqali eʼlon qilinayotgan axborotlarga tayanishga chaqirdi.