Bugun poytaxtimizning Bektemir, Sergeli, Shayxontohur hamda Uchtepa tumanlarida Investitsiya dasturi asosida mukammal taʼmirlangan toʻrtta umumtaʼlim maktablarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmasi, mahalliy hokimlik vakillari oʻquvchi hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Zamon talablari asosida mukammal taʼmirdan chiqqan mazkur maktablarda 5 mingdan ziyod oʻquvchining zamon talablari asosida sifatli taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Maktablarda axborot texnologiyalari xonasi, toʻgarak xonalari, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, oʻgʻil va qiz bolalar uchun texnologiya xonalari, musiqa xonasi, kutubxonalar faoliyat yuritadi. Bundan tashqari oʻquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron kutubxona, tibbiyot hamda tish shifokori xonasi, faollar zali, shinam oshxona, sport zallari mavjud.

Maktablar “Zamonaviy maktab” dasturi asosida tubdan yangicha qiyofaga keltirilib, fasad qismidan tortib, ichki, kommunal va issiqlik tizimlarigacha batamom zamonaviy taʼmirlash ishlari olib borildi hamda butunlay yangicha jihozlar bilan taʼminlangan.

Maktablarda fan xonalaridan tashqari oʻquvchilarning turli hunarlarni oʻrganib chiqishlari uchun pazandachilik, sartaroshxona, raqs toʻgaragi, milliy kurash kabi xonalari mavjud.

Taʼmirdan chiqqan maktablar:

Bektemir tumanidagi 289-sonli ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi (1751 nafar oʻquvchi);

Sergeli tumanidagi 266-sonli umumtaʼlim maktabi (1251 nafar oʻquvchi);

Shayxontohur tumanidagi 40-sonli umumtaʼlim maktabi (1026 nafar oʻquvchi);

Uchtepa tumanidagi 295-sonli umumtaʼlim maktabi (1206 nafar oʻquvchi).

Mazkur maktablar 14-sentyabrdan oʻquvchilarni oʻz bagʻriga oladi.