Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari hududlari rahbarlari forumi oʻz ishini boshladi

    Xalqaro hamkorlik 4 Avgust 2022 1436

    Joriy yil 3-avgustda Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) mamlakatlari hududlari rahbarlari forumi oʻz ishini boshladi. Tadbir Oʻzbekistonning ushbu Tashkilotga raislik qilishi doirasida oʻtkazilyapti va shu bilan birga u bir qator ustuvor yoʻnalishlarda hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi muloqot maydonchasiga aylanishi kutilyapti.

    Kun tartibiga muvofiq, Forum vazirliklar va idoralar, hududlar rahbarlari hamda Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston delegatsiyalari rahbarlari ishtirokidagi yalpi majlis bilan ochildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarlik qildi. Forumdagi nutqida u SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida koʻp qirrali strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, hozirgi tadbirning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hududlararo hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirishdan iborat ekanligini taʼkidladi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlik nuqtayi nazaridan qayd etilganidek, davom etayotgan pandemiyaga qaramay, Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar bilan savdo aylanmasi 2021-yilda 24 foizga oʻsib, 20 milliard dollardan oshdi. 2022-yil birinchi yarmida bu koʻrsatkich qariyb 30 foizga koʻpayib, 12 milliard dollarni tashkil etdi. Ijobiy dinamikani saqlab qolish uchun Tashkilot doirasida 2023-2025-yillarga moʻljallangan hududlararo savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi ishlab chiqilyapti. Joriy yil kuzda oliy darajada imzolanishi kutilayotgan ushbu hujjat savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni birlashtirish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish, mahsulotlarning bozorlarga oʻzaro yetkazilishini osonlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qamrab oladi, bu esa SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi hududlararo savdoni butunlay yangi bosqichga olib chiqadi.

    Erishilgan natijalar va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari qayd etildi. Bu yoʻnalishda ham ijobiy dinamika kuzatilyapti. Soʻnggi bir necha yil ichida SHHTga aʼzo davlatlar kapitali ishtirokida Oʻzbekistonda tashkil etilgan korxonalar soni 4 baravar koʻpayib 7,5 mingdan oshdi, 2021-yil oxirida Tashkilot mamlakatlaridan jalb etilgan investitsiyalar hajmi 4,6 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa ishbilarmonlar oʻrtasida bevosita hamkorlikni oʻrnatishga oʻzaro qiziqishning yuqoriligini anglatadi.

    Samarqandda tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston – SHHT” sanoat zonasi Tashkilot doirasida yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun samarali platforma boʻlishi kutilyapti. Sanoat zonasi imkoniyatlarini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun uning hududida SHHT Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazini yaratish taklif etildi. Markazning asosiy vazifasi sanoat, infratuzilmaviy, xom ashyo va inson resurslarini safarbar etishdan iborat boʻladi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, ekologik, sogʻlomlashtirish, ziyorat turizmi va boshqa sohalar boʻyicha munosabatlarni kengaytirishga doir aniq takliflar ilgari surildi.

    SHHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari oʻz maʼruzalarida Oʻzbekistonning Tashkilotga samarali raislik qilayotganligini taʼkidladilar va hududlar oʻrtasidagi ushbu muloqot platformasi doirasida munosabatlarni yanada kengaytirish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdilar.

    Tadbir davomida panel sessiyalari ham tashkil etildi. Mutaxassislar ochiq muloqotda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hududlararo hamkorlikni kengaytirish yoʻllarini muhokama qildilar.

    Forumning ikkinchi kunida davra suhbati tarzida biznes-forum, shuningdek, biznes tuzilmalari vakillari va rahbarlari oʻrtasida bir qator uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazilishi kutilyapti. Ushbu format ishbilarmonlarga aloqalarni oʻrnatish va hamkorlik istiqbollarini belgilab olish imkonini beradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.