Yigʻilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek videokonferensiya orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumning biznes dasturini shakllantirish, xorijiy delegatsiyalar, investorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokini tashkil qilish, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda tayyorgarlikning boshqa jihatlari bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalar muhokama etildi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari tegishli yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berib, vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar oldi.
Forumning asosiy vazifalari Yangi Oʻzbekistonni dunyo miqyosidagi ishbilarmon doiralariga tanishtirish, mamlakatimizni chet ellik investorlar uchun ustuvor yoʻnalish sifatida ilgari surish, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yangi “oʻsish nuqtalari”ni belgilash, shuningdek, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlar ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish uchun mushtarak manfaatlar yoʻnalishlarini kashf etishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sheriklik sohasida qatʼiy kelishuvlardan iborat aniq natijalarga erishishni nazarda tutgan holda, Forumni yuqori tashkiliy va mazmun jihatidan yuksak darajada oʻtkazish maqsadida barcha imkoniyat va mexanizmlarni safarbar etish zarurligi taʼkidlandi.
Tadbir 24-26-mart kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Unda 56 mamlakatdan 1,5 mingdan ortiq yirik investorlar va yuqori darajadagi mehmonlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari qatnashishi kutilyapti. Xususan, Forumda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, qator xalqaro tashkilotlar prezidentlari, xorijiy davlatlar vazirlik va idoralari vakillari, yirik korporatsiya va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi. Forum davomida yalpi majlis, interfaol davra suhbatlari, panel sessiyalari, “Deep Dive” sessiyalari, biznes-nonushta, taqdimotlar, brifinglar, “G2G”, “G2B” va “B2B” shaklidagi uchrashuvlar kabi 40 dan ortiq tadbirlar oʻtkaziladi.
Shuningdek, Forum ishtirokchilari mamlakatning yetakchi sanoat korxonalariga tashrif buyurib, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli sohalardagi yutuqlarini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, chet ellik ishtirokchilar uchun Samarqand, Buxoro va Xiva tarixiy shaharlariga turistik sayohatlar tashkil etiladi. Mehmonlar Oʻzbekistonning boy meʼmoriy merosi va madaniyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.