Toshkentdagi 21-sonli Mehribonlik uyi faoliyatini to'xtatdi

    Ma'lum qilinishicha, mazkur Mehribonlik uyida 5 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan 122 o'g'il-qiz tarbiyalanayotgan bo'lgan.

    Bu haqda “Mehribonlik.uz” xabariga ko'ra, bugungi kunda 67 tarbiyalanuvchi oilaviy sharoitda voyaga etayotgan bo'lsa, ularning 12 nafari poytaxtdagi oilaviy bolalar uyida ulg'aymoqda, 6 bola ota-onasi yoki yaqin qarindoshlariga qaytarilgan.

    “Bu bolajonlar ota-onasidan birini yo'qotgan yoki ulardan butunlay ayrilgan bolalardir, Milliy gvardiya va hamkor vazirliklarning sa'y-harakatlari bilan ularning qarindoshlari topilib, oilasi bag'riga qaytarildi”, deyiladi xabarda.

    Shuningdek, 50 dan ortiq o'g'il-qiz vasiylikka olingan. Bolalar 18 yoshga to'lib, voyaga etgach muassasani tark etgan. Natijada 21-sonli Mehribonlik uyida atigi 27 tarbiyalanuvchi qolgan. Shu bois, barcha bolajonlar Toshketda joylashgan 22-sonli Mehribonlik uyiga o'tkazilgan va 21-sonli Mehribonlik uyi o'z faoliyatini yakunlagan.

    Ma'lumot uchun: joriy yilning birinchi choragi yakunlari bo'yicha olingan ma'lumotga ko'ra, Mehribonlik uylaridagi 1,5 mingga yaqin o'g'il-qiz oilalarga olingan, 116 ta oilaviy uy tashkil qilinib, 700 ga yaqin bola ota-ona bag'rida voyaga etishi uchun sharoit yaratilgan. Pirovardida, 10 ta Mehribonlik uyi, 4 ta Bolalar shaharchasi va 2 ta Bolalar uyi yopilgan. O'tgan yili 757 bola uy-joy bilan ta'minlangan bo'lsa, 2022-yil yakuniga qadar yana 350 nafariga shunday sharoit yaratib berilishi maqsad qilingan.