Toshkentdagi Nexia-1'ga tegishli davlat raqami o‘g‘irlanib, Toyota Prado, Tracker, Malibu-2 ga taqib kelingani aniqlandi 

    Xavfsizlik 12 Iyul 2023 1902

    Toshkent shahridagi ustaxonalarning biridan o‘g‘irlangan avtoraqam bir yil davomida beshta turli mashinaga taqib, qoida buzib kelingani aniqlandi.

    Bu haqda “Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” dasturida xabar berildi.

    Ma'lum qilinishicha, 10-iyul kuni xalqaro ahamiyatga ega yo'lning Jizzax viloyati G'allaorol tumanidan o'tgan qismida sirenani va migalkalarni yoqib kelayotgan Malibu-2 YPX xodimlari tomonidan to'xtatilgan. Transport tekshirilganda davlat raqami ushbu mashinaga tegishli emasligi va yukxonada yana bir davlat raqami borligi aniqlangan.

    Old oynalari “tonirovka” qilingan va davlat raqamini o'zgartirib harakatlangan haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

    Dastlabki surishtiruvlarga ko'ra, mashinadagi davlat raqami 2022-yil 4-avgust kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan ustaxonalarning biridan o'g'irlab ketilgan. O'g'irlangan davlat raqami Toshkent shahrida yashovchi fuqaroning Nexia-1 mashinasiga tegishli ekani aniqlandi.

    O'g'irlangan davlat raqami Toyota Prado, Tracker, Malibu-2, Lacetti va Nexia-3 mashinalariga taqilgan va 2022-yil 4-avgustdan shu kunga qadar tezlik oshirilgani bo'yicha 292 marta qoidabuzarlik sodir etilgan.