Unda Belarus, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston adliya vazirlari va Qirgʻiziston adliya vaziri oʻrinbosari ishtirok etdilar.
Taʼkidlanganidek, globallashuv va davlatlararo aloqalarning kuchayishi sharoitida MDH mamlakatlari huquqiy sohada faol muloqot va hamkorlikni talab etadigan yangi muammolarga duch kelmoqda. Adliya vazirlari kengashi ishtirokchi mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqiy bazani mustahkamlash va qonunchilikni rivojlantirishda muhim rol oʻynamoqda. Bu fuqarolar huquqlarini yanada samarali himoya qilish, huquqiy xizmatlar sifatini oshirish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi.
Mintaqaviy va global muammolar kuchayib borayotgan bir paytda Oʻzbekiston poytaxtida oʻtkazilgan ushbu uchrashuv nafaqat dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoni, balki MDH mamlakatlarining huquqiy tizimini sezilarli darajada oʻzgartira oladigan strategik yechimlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi.
Toshkentdagi majlis qoʻshma tashabbuslarni muhokama qilish, milliy darajada qabul qilingan muvaffaqiyatli amaliyotlar va huquqiy qarorlar bilan oʻrtoqlashish imkoniyatini berdi. Ishtirokchilar Hamdoʻstlik makonida huquqiy maʼrifat, jumladan, yoshlarni huquqiy tarbiyalash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati sifatini oshirish kabi keng koʻlamli masalalarni koʻrib chiqdilar.
Bir qator muhim tashkiliy masalalar muhokama etildi. Xususan, Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Adliya vazirlari kengashidagi raisligi yakunlari sarhisob qilindi, ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosining borishi koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri Oʻzbekiston Respublikasining MDHga aʼzo davlatlar adliya vazirliklari oʻrtasida axborot almashishning elektron tizimini yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha tashabbusini muhokama qilish boʻldi.
Yagona elektron tizimni yaratish soʻrovlarning samaradorligi va tezkorligini oshirish, hujjatlarni qayta ishlash, ijro etish va saqlash ustidan nazoratni kuchaytirish, hujjatlarni yoʻqotish holatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bu tarqoq hujjatlar oqimini yagona tizimga birlashtirish, hujjat yaratish vazifasidan tortib, uni arxivga topshirish va saqlashni taʼminlashgacha boʻlgan hujjat aylanishining butun jarayonini qamrab olish, pirovardida vaqtni tejash imkonini beradi.
Umuman olganda, ushbu tashabbus Hamdoʻstlik makonida huquqiy hamkorlikni jadallashtirishga, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bunda Yagona elektron tizimni yaratish davlat siri yoki boshqa himoyalanuvchi axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarni almashishni nazarda tutmaydi.
MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari kengashining 2025-yilga moʻljallangan asosiy tadbirlar rejasi, 19-yigʻilish kun tartibi loyihasi tasdiqlandi. Xususan, 2025-yilda Kengash ishchi guruhlari va organlarining yigʻilishlari bilan bir qatorda “Tashkent Law Spring” IV Xalqaro yuridik forumini oʻtkazish, notariat vakillari uchun stajirovkalar, MDHga aʼzo davlatlarning stajyorlari va yosh advokatlari uchun vebinarlar turkumini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ekspertlarning fikricha, Toshkent majlisi natijalari MDH huquqiy tizimlaridagi keyingi oʻzgarishlarning turtki boʻlishi mumkin. Qabul qilingan qarorlar mamlakatlar ichida ham, xalqaro maydonda ham qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyoti va institutsional hamkorlik rivojiga taʼsir koʻrsatadi.
Eslatib oʻtamiz, MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashining Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar adliya vazirlari kengashi toʻgʻrisidagi 2005-yil 26-avgustdagi qarori bilan tashkil etilgan. Uni besh davlat — Armaniston, Belarus, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2019-yil 19-noyabrda Kengash aʼzoligiga kirdi, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashiga raislik qilib kelyapti.
Adliya vazirligi matbuot xizmati.