Toshkentdan Fargʻona vodiysiga mikroavtobus qatnovi tashkil etiladi

    Transport vazirligi Toshkent shahridan Qamchiq dovoni orqali Fargʻona vodiysi viloyatlariga mikroavtobus qatnovi tashkil etilishini maʼlum qildi.

    Shu maqsadda 2024-yilning 1-may sanasida shaharlararo-viloyatlararo yoʻnalishlar boʻyicha ochiq tender tanlovlari boʻlib oʻtadi.

    Ushbu yoʻnalishda qatnovlarni amalga oshirishda quyidagi talablar mavjud:

    • Qamchiq dovoni orqali yoʻlovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari oʻn toʻrttagacha oʻrindiqqa ega boʻlgan M2 toifadagi transport vositalariga;
    • bunda faqat 1-apreldan 1-noyabrga qadar boʻlgan davrda kunduzi;
    • ishlab chiqarilganiga 3-yildan oshmagan va gaz ballon uskunalari oʻrnatilmagan;
    • sekinlashtiruvchi uskunasi (togʻ tormozi) mavjud boʻlgan;
    • harakatni kuzatish navigatsiya qurilmasi va taxograf oʻrnatilgan transport vositalarida kamida 7-yil staji bor haydovchilarga avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish faoliyati uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qatnovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.