Mahalla raisi Dilmurod Qosimovning qayd etishicha, ayni paytda mingdan ortiq oilaning aksariyati oʻz tomorqasida qovun ekadi. Innovatsion yondashuv tufayli aholi tomorqalarida issiqxonalar tashkil etilib, intensiv usulda qovun yetishtirish yaxshi daromad manbaiga aylandi.
Dehqonchilik mahalla “drayver”i sifatida belgilangan boʻlib, mirishkor tomorqachilar yiliga uch-toʻrt marotabagacha hosil olishadi. Shuningdek, turli sabzavot va rezavorlar koʻchatlari yetishtirib sotish mahalla ahlining qoʻshimcha daromad manbai hisoblanadi.
- Qovun issiqxonada ochiq maydonda yetishtirgandan koʻra bir oy oldin pishadi, - deydi Ixtiyor Qamchiyev. – Oilamiz qovun sotishdan bir yilda oʻrtacha 50 million soʻm daromadga ega boʻladi. Yil davomida tomorqadan yana kamida ikki marotaba hosil olamiz.
Akbarali Ahmullayev oilasi yiliga 50-60 ming tup qovun koʻchati sotadi. Koʻchat savdosi qovun yetishtirish daromadidan kam emas. Shuning uchun ham Ahmullayevlar mahallada tomorqadan eng koʻp daromad topayotgan oilalar sirasiga kiradi.
Besarang qovuni nafaqat Fargʻona vodiysida, balki qoʻshni respublikalarda ham mashhur. Shu bois ekologik toza mahsulot MDH davlatlariga eksport qilib kelinmoqda.
Yaqin kunlarda bozorlar peshtaxtalarini besaranglik mirishkorlarning shirin qovunlari toʻldiradi.











