Hujjat bilan toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi:

- turistik industriya obyektlari, madaniyat tashkilotlari va madaniy meros obyektlari, shu jumladan muzey, teatr va joylashtirish vositalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning bemalol harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

- turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari egalari hamda transport xizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek sayohat davomida nogironligi boʻlgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolarni ragʻbatlantirish;

- nogironligi boʻlgan shaxslar toʻsiqsiz sayohat qilishlari uchun respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng targʻib qilish orqali ularning xabardorligini oshirish;

-zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm industriyasi obyektlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish.

2024-yildan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy meros obyektlarida toʻsiqsiz harakatlanishi uchun mazkur obyektlarga ularga ziyon yetkazmasdan pandus, plintus va liftlar, shuningdek koʻzi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan oʻlchamdagi maketlari oʻrnatiladi va ular toʻgʻrisida Brayl alifbosidagi maʼlumotlar joylashtiriladi.

Har yili Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida xorijiy turizm bozorlarida mamlakat turizm salohiyatini targʻib qilish uchun ajratiladigan mablagʻlarning 5 foizigacha boʻlgan qismi “Ipak yoʻlida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida “Oʻzbekistonda toʻsiqsiz turizm” ekspozitsiyasini tashkil etish uchun yoʻnaltiriladi va boshqa tadbirilar amalga oshiriladi.

2027-yil 1-yanvarga qadar Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxsga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming soʻmdan oshmagan qismi;

- eshitish qobiliyatini yoʻqotgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

2024-yil 1-apreldan 2026-yil 1-aprelga qadar mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga tegishli chorak yakuniga koʻra Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga oʻtkazilgan turistik (mehmonxona) yigʻimlar summasi hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlanganda, shuningdek eshitishi va koʻrishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilganda, ushbu tadbirkorlik subyektlariga har bir maxsus jihozlangan xona uchun 1 million soʻmdan 2 million soʻmgacha subsidiya beriladi.

Turizm qoʻmitasiga 2024-yil 1-aprelga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda toʻsiqsiz turizmni yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli standartlarni ishlab chiqish topshirildi. Bunda:

- nogironligi boʻlgan shaxslar uchun aravachalar, qoʻltiqtayoqlarning mavjudligi;

- mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, motellar, sanatoriylar va boshqa turistik obyektlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha qulayliklarning yaratilishi;

- mehmonxonalarning kirish qismida audio va matnli maʼlumotlarning taqdim etilishi;

- boshqa turdagi qulayliklar yaratish boʻyicha talablar joriy etiladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

- Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;

- 2024-yilda madaniy meros obyektlarida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur;

- 2024-yilda muzeylar va konsert-tomosha obyektlarida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 18-yanvardan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.