Tovoqsoydagi 7-son jazoni ijro etish muassasasi: mahkumlar orasida 2,5—3 million so'mgacha ish haqi olayotganlar ham bor

    O'tgan yili Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan turli masalalarda 3235 ta murojaat kelib tushgan.

    Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha Jamoatchilik guruhlari a'zolari Toshkent viloyatidagi 7-son jazoni ijro etish muassasasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Bu haqida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.

    Tashrif davomida, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo'limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o'rganildi. Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlar o'tkazildi.

    — Ozodlikda bo'lgan paytlarim jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar yaxshi emasligi haqida turli xil gaplar eshitganman, — dedi mahkumlardan biri. — Hozir ham ko'pchilik shunday deb o'ylaydi. Kelganimga 11 oy bo'ldi. Bunday ovqatlar berilishini to'g'risi o'ylamagan edim. Dam olish kunlari osh qilib berishadi. Baliq, tushlikda birinchi va ikkinchi ovqatlar tortiladi. TSexlardagi sharoitlar ham yaxshi. Oila a'zolarim kelishganda ularga ham aytaman, sharoitlar yaxshi, boshqalarga ham yetkazing.

    Jamoatchilik guruhlari a'zolarining e'tiborini tortgan jihatlardan yana biri elektron magazin xizmatining joriy etilgani bo'ldi. Koloniyaga o'rnatilgan elektron monitor orqali mahkumlar oldindan shartnoma qilingan tadbirkorlik sub'ektlari, yirik supermarketlar mahsulotlaridan buyurtma qilishmoqda. Buyurtma yetkazib berilgandan so'ng to'lov amalga oshiriladi.

    Qayd etish lozimki, shu kunlarda dunyo hamjamiyatining diqqat e'tibori O'zbekistonga qaratilgan. Chunki mamlakatda muhim jarayon — O'zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo'yicha referendumni o'tkazishga tayyorgarlik ko'rilmoqda. 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlangan Referendumda ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og'ir va o'ta og'ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ham ovoz berish imkoniyati yaratildi. Mingdan ortiq mahkumlar saqlanadigan mazkur muassasada 6 ta ovoz berish huquqiga ega bo'lgan mahkumlar mavjud. Ular bilan suhbatlashilganda albatta referendumda ishtirok etishlari, konstitutsiyaviy islohotlardan xabardorliklari, madaniy xordiq paytida turli ko'rsatuvlarni ko'rishlari va muassasa tomonidan ham tushuntirishlar berilishini aytishdi.

    Bu erda 9 ta, tikuvchilik, yog'och uymakorlik, mebellar tayyorlash, metaldan yasalgan va chinni buyumlar, shisha idishlari ishlab chiqarish, to'qish va boshqa tsexlar mavjud. 2022-yilda yangi kasbga o'rgatilgan 282 nafar mahkumga sertifikatlar berilgan. Sexlardan tushgan foyda hisobiga yana 2 ta yangi tsex qurilgan. Hozirda mahkumlarning 62 foizi ish bilan ta'minlangan. Yangi tsexlar ishga tushishi bilan mahkumlar bandligi 75 foizga oshiriladi. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi.

    Ish haqi masalasida bir nechta mahkumlar bilan suhbatlashilganda, tsexlarda ishbay asosida mehnat to'lanishi, tikuvchilik tsexida hattoki, ko'p ishlagani uchun 2,5—3 mln so'mgacha ish xaqi olayotganlar ham borligi, aksariyat mahkumlar esa 1 mln so'm atrofida ish haqi olishlari aytildi.

    Ma'lumot uchun, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining olish maqsadida 2021-yilda Ombudsman tomonidan 177 ta monitoring tashriflari o'tkazilgan bo'lsa, 2022-yilda bu ko'rsatkich 381 marotabani tashkil etgan.

    2022-yilda Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan turli masalalarda 3235 ta (2021 yilda 4541 ta) murojaat kelib tushdi. Ularning 1699 tasi yoki 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

    Ushbu shikoyat va arizalar ko'rib chiqilishi natijasida 2022-yilda prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qo'zg'atishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilinib, qo'shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o'tkazish belgilandi. 21 ta murojaat bo'yicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo engilrog'iga almashtirildi, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog'iga o'zgartirildi. 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila a'zolariga moddiy va ijtimoiy ko'mak berildi. 21 nafar mahkum Jazoni ijro etish departamenti tomonidan insonparvarlik tamoyili asosida, istisno tariqasida, yashash joyiga yaqin bo'lgan hududdagi koloniyaga o'tkazildi.