Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini mushohada qilar ekanmiz, unda beshinchi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi shunchaki bugungi kun shiori emas, balki millat genofondi va iqtisodiy barqarorlikning imperativ sharti ekaniga amin boʻlamiz. Toʻliq ishonch bilan aytishimiz mumkinki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimizni anʼanaviy resurslarga asoslangan iqtisodiyotdan ilm-fan va yuqori texnologiyalarga tayangan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtkazish yoʻlidagi inqilobiy qadamdir.

Global iqlim oʻzgarishlari, suv tanqisligi va atmosfera ifloslanishi XXI asrning eng jiddiy xavf-xatarlari qatoridan oʻrin olgan bir pallada davlatimiz rahbarining ekologik muammolarga kompleks yondashayotgani tahsinga sazovor. Bugungi kunda sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish masalasi alohida diqqat markazida turibdi. Maʼlumki, jadal sanoatlashtirish jarayoni koʻpincha ekologik meʼyorlarning buzilishi hisobiga amalga oshiriladi, biroq Oʻzbekiston tanlagan yoʻl mutlaqo oʻzgacha. Yirik korxonalarga filtrlar va tozalash inshootlari oʻrnatish, shuningdek, havoga chiqariladigan zararli tashlanmalarni monitoring qilish stansiyalarini joriy etish maqsadida 100 million dollarlik kredit liniyasining ochilishi davlatning bu boradagi siyosati qatʼiy ekanidan dalolat beradi. Mazkur moliyaviy mexanizm korxonalarga oʻz faoliya­tini toʻxtatmasdan, aksincha, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish imkonini yaratadi. Iqtisodiyot nazariyasida “tashqi taʼsirlarni ichki xarajatlarga aylantirish” (internalizing externalities) deb ataluvchi ushbu yondashuv uzoq muddatli istiqbolda jamiyat farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Poytaxtimiz va uning atrofidagi ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ham oʻzining aniqligi va samaradorligi bilan ajralib turadi. Xususan, Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritayotgan koʻmir va gazda isitiladigan issiqxonalarning ish tartibini qayta koʻrib chiqish hayotiy zaruratga aylandi. Qish mavsumida kuzatiladigan havo ifloslanishining asosiy omillaridan biri sifatida aynan filtrsiz, koʻmirda ishlaydigan qozonxonalar eʼtirof etilmoqda. Endilikda bunday samarasiz va ekologiyaga ziyon yetkazuvchi usullardan voz kechish vaqti keldi. Ushbu issiqxonalarning poytaxt atrofidan koʻchirilishi va markazlashgan qozonxonalar orqali isitish tizimiga oʻtkazilishi nafaqat havo musaffoligini taʼminlaydi, balki energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini ham keskin oshiradi. Shu maqsadda tashkil etilayotgan, maydoni 200 gektardan kam boʻlmagan agroklasterlar qishloq xoʻjaligida koope­ratsiya va klasterlashuv jarayonini yangi bosqichga olib chiqadi. Mazkur agroklas­terlar tarkibiga oʻtish istagini bildirgan tadbirkorlarga alohida subsidiyalar ajratilishi esa davlatning biznesni qoʻllab-quvvatlash va ekologik transformatsiyani ragʻbatlantirish siyosatining yorqin namunasidir.

Shaharsozlik va transport tizimidagi muammolar ham Murojaatnomada oʻzining mantiqiy yechimini topgan. Shaharlardagi tirbandliklar bugungi kunda nafaqat aholining qimmatli vaqtini oʻgʻirlab, asab tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, balki ekologik muvozanatni buzuvchi asosiy manbalardan biriga aylanib ulgurdi. Avtomobillardan chiqayotgan zararli gazlar megapolislarimizning “oʻpkasi”ni zararlayotgani hech kimga sir emas. Shu bois, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimining joriy etilishi ayni vaqtida qabul qilingan qaror sanaladi. Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan, yaʼni “yashil” standartlarga javob bermaydigan avtomashinalarning poytaxt, viloyat markazlari va yirik shaharlarga kirishining cheklanishi — aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlidagi dadil qadamdir.

Albatta, har qanday cheklov ortida aholining ijtimoiy himoyasi va muqobil imkoniyatlar turishi lozim. Prezidentimiz aynan shu jihatni inobatga olgan holda, eski transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga zamonaviy filtrlar oʻrnatish uchun davlat tomonidan keng koʻlamli qoʻllab-quvvatlash choralarini belgilab berdi. Buning uchun maxsus jamgʻarma tashkil etilishi masalaning moliyaviy yechimi mavjudligini anglatadi. Eski mashinasini almashtirish istagida boʻlgan fuqarolarimizga ­avtokredit foizining bir qismi qoplab berilishi, shuningdek, filtr oʻrnatib, zararni kamaytirishga tayyor haydovchilar xarajatlarining bir qismi boʻyicha subsidiya ajratilishi ijtimoiy adolat tamoyillariga toʻla mos keladi. Ushbu yondashuv aholini ekologik islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantiradi va jamiyatda ekologik madaniyat yuksalishiga xizmat qiladi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirishda jamoat transportining ustuvor vazifa sifatida belgilanishi urbanizatsiya jarayonlarini toʻgʻri bosh­qarish imkonini beradi. Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, shaxsiy avtomobillar sonining ortishi tirbandlik muammosini hal qilmaydi, aksincha, vaziyatni yanada chigallashtiradi. Yechim — qulay, tezkor va ekologik toza jamoat transportidir. Poytaxtimiz va yirik shaharlarda avtobus hamda taksilar uchun maxsus yoʻlaklarning koʻpaytirilishi jamoat transportining harakat tezligini oshirib, uni aholi uchun jozibador tanlovga aylantiradi. Toshkent, Samarqand va Namangan kabi yirik shaharlarda transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimining joriy etilishi esa raqamli texnologiyalarning shahar boshqaruviga integratsiyasidir. Mazkur “aqlli” tizimlar yoʻllarning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirib, behuda toʻxtab turishlar va yoqilgʻi sarfini kamaytirishga olib keladi.

Murojaatnomada elektromobillar sanoatini rivoj­lantirish va ulardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan eʼtibor Oʻzbekistonning kelajak texnologiyalariga intilishini namoyon etadi. ­Ekologik avtomobillarni koʻpaytirish boʻyicha besh yillik dasturning qabul qilinishi avtomobilsozlik sanoatimizda yangi davrni boshlab beradi. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratilishi isteʼmolchilar uchun tanlov imkoniyatini kengaytiradi hamda bozorda sogʻlom raqobat muhitini shakllantiradi. Ayniqsa, elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasini yaratishda tadbirkorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar tahsinga loyiq. Quvvatlash stansiyalarini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar berilishi va yerlarni auksion orqali 2 barobar arzon narxda sotib olish imkoniyatining yaratilishi xususiy sektor vakillarini ushbu istiqbolli yoʻnalishga jalb qilishda kuchli motivatsiya boʻlib xizmat qiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 soʻmdan oshgan qismini davlat byudjetidan qoplab berish mexanizmi iqtisodiy nuqtayi nazardan chuqur oʻylangan qarordir. Ushbu subsidiya tadbirkor uchun ham, isteʼmolchi uchun ham narx barqarorligini taʼminlaydi va elektromobillardan foydalanishni iqtisodiy jihatdan eng maqbul variantga aylantiradi. Elektromobilda taksi xizmati koʻrsatadigan fuqarolarga beriladigan qoʻshimcha imtiyozlar esa bandlikni taʼminlash va xizmat koʻrsatish sohasini “yashillashtirish”da muhim omil boʻladi. Bularning barchasi pirovardida mamlakatimizning neft mahsulotlariga boʻlgan tobeligini kamaytirish va energetik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ekologik barqarorlikni taʼminlashda “Yashil makon” umummilliy loyihasining oʻrni va ahamiyati be­qiyos. Mintaqamizda tez-tez kuzatilayotgan chang-toʻzonlar va choʻllanish jarayonlariga qarshi kurashish maqsadida Surxondaryo viloyatida 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryo viloyatida 84 kilometrli “yashil devor” barpo etilishi tabiat injiqliklariga qarshi inson aql-­zakovati bilan berilayotgan munosib javobdir. Ayniqsa, ekologik ofat hududi hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida jami 250 ming gektar, shundan Orolning qurigan hududidagi 115 ming gektar maydonda daraxt va butalar ekilishi global ahamiyatga molik tashabbus hisoblanadi. Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan bu ishlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ezgu harakat, desak ayni haqiqatdir.

Har bir hududda botanika va dendrologiya bogʻlari hamda 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari barpo qilinishi shaharlarimiz mikroiqlimini yaxshilash, biologik xilma-xillikni saqlash va aholi uchun qulay dam olish maskanlarini yaratishga xizmat qiladi. Shaharsozlikda yashil hududlarning koʻpayishi “issiqlik oroli” effektini kamaytiradi va yozning jazirama kunlarida haroratni moʻtadil saqlashga yordam beradi.

Bunday ulkan oʻzgarishlarni amalga oshirish, tabiiyki, yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy yondashuvni talab etadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologiya menejeriga ehtiyoj paydo boʻladi. Mehnat bozoridagi ushbu talabni qondirish maqsadida 2026-yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilishi va dual taʼlim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlashning yoʻlga qoʻyilishi kadrlar siyosatidagi yangicha yondashuvdir. Dual taʼlim tizimi nazariya va amaliyotni oʻzaro uygʻunlashtirib, bitiruvchilarning ishga joylashish koʻrsatkichlarini oshiradi hamda sanoat korxonalarini tayyor kadrlar bilan taʼminlaydi.

Ilm-fan sohasida ham tub burilishlar kutilmoqda. Yangi yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyatining kengaytirilishi mintaqamizda ekologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar markazini shakllantirish imkonini beradi. Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalarning tashkil etilishi ekologik monitoring tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaradi. Aniq maʼlumotlar va ilmiy tahlillarga asoslangan qarorlar har doim oʻzining yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlarning oʻtkazilishi esa shaharsozlik normalarini iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish va aholi salomatligini saqlashda muhim ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi.

2026-yilda ekologiya sohasiga 1 trillion 900 mil­liard soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgani ushbu soha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanining yaqqol tasdigʻidir. Mazkur mablagʻlar yuqorida sanab oʻtilgan barcha loyiha va dasturlarni moliyalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi. Bu shunchaki xarajat emas, balki kelajakka, farzandlarimiz salomatligiga va mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga kiritilayotgan eng samarali investitsiya sanaladi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, Prezidenti­miz Murojaatnomasida belgilangan beshinchi ustuvor yoʻnalish bu — Oʻzbekistonning “yashil” taraqqiyot sari dadil odimi, iqtisodiy pragmatizm va ekologik masʼ­uliyatning noyob uygʻunligi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, taʼlim va ilm-fan sohalarini qamrab olgan ushbu kompleks chora-tadbirlar mamlakatimizni ekologik toza, iqtisodiy baquvvat va ijtimoiy farovon davlatga aylantirishga xizmat qiladi. Biz — olimlar va ziyolilar, ushbu islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish va ilmiy salohiyatimiz bilan hissa qoʻshishni oʻzimizning burchimiz deb bilamiz. Zero, toza havo, musaffo suv va yashil tabiat — nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar oldidagi eng oliy omonatimizdir. Yangi Oʻzbekiston aynan shunday ­mustahkam poydevor uzra yuksalmoqda.

Abdugʻaffor JOʻRAYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor