Inson uchun salomatlikdan oliy neʼmat yoʻq. Jisman sogʻlom va ruhan yetuk fuqaro har qanday jamiyatning boyligi sanaladi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda inson salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.
Bu borada qabul qilingan qator meʼyoriy hujjatlarda xalqaro andozalar darajasidagi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini barpo etish, xalqimizni yanada sogʻlomlashtirish, el roziligiga erishishdek ulugʻ maqsad oʻz ifodasini topdi. Birlamchi tibbiyot tizimi, shoshilinch tibbiy yordam, xususiy sektor, dori-darmon taʼminoti hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat borasida amalga oshirilgan ishlar fikrimiz dalilidir.
Tibbiyotning eng murakkab, oʻta masʼuliyatli va ayni paytda ehtiyoj ortib borayotgan yoʻnalishlaridan biri transplantologiya, yaʼni inson organlari va toʻqimalari (hujayralari)ni transplantatsiya qilish masalasi bugungi kunning muhokamali va oʻz yechimini kutayotgan muammolaridan biridir. Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 4-oktyabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan xirurgiya xizmatini yanada takomillashtirish, tizimning moddiytexnik bazasini mustahkamlash, yurtimizda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini yoʻlga qoʻyish, tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish kabi qator masalalarga yechim topildi.
— Besh yil oldin bu masala juda ham murakkab edi. Aniqrogʻi, Oʻzbekistonda transplantatsiya mumkin boʻlmagan, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Poʻlat Sultonov. — Mutaxassislar ham yetishmasdi. 2017-yilga qadar yurtimizda jigar transplantatsiyasi umuman oʻtkazilmagan. 2017-yildan bugungi kunga qadar V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy markazida 10 ta jigar transplantatsiyasi, 600 tadan ortiq buyrak operatsiyasini oʻtkazdik. Natijalar yaxshi.
Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazida bolalarga buyrak transplantatsiyasi yoʻlga qoʻyilgan. 13-14 yoshgacha boʻlgan besh nafar bolada buyrak transplantatsiyasi oʻtkazildi. Ular orasida xorijlik bolalar ham borligi yurtimizda jarrohlik amaliyoti sifatli va yuqori saviyada oʻtkazilayotganidan dalolat beradi.
— Ayni paytda yurtdoshlarimiz chet elga borib operatsiya qildirishga muhtoj boʻlmayotgani, transplantatsiya amaliyoti va undan keyingi davolash jarayoni shu yerning oʻzida muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani quvonarlidir, — deydi suhbatdoshimiz. — Eʼtiborga molik yana bir jihat shuki, transplantatsiya boʻyicha xorijlik fuqarolarni ham qabul qilishimiz mumkin. Qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan murojaatlar boʻlyapti. Bu esa transplantatsiya imkoniyatlarini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda.
Shoshilinch tibbiy yordam markazida 25 oʻrinli yangi transplantatsiya boʻlimi ochilish arafasida. Bu boʻlimda nafaqat buyrak, balki jigarni ham koʻchirib oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilyapti. Yangi boʻlimda yiliga 300 ta transplantatsiya operatsiyasini bajarish mumkin boʻladi. Bu tibbiyotning shu yoʻnalishiga ehtiyoji bor yurtdoshlarimiz uchun yanada qulaylik yaratadi.
— Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidan keldim, — deydi jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazgan Fazliddin Pirmatov. — Shamollash natijasida buyragim ishdan chiqqan edi. Olti oy gemodializ oldim. Biz chekka tumanda turardik. Gemodializ olish uchun haftasiga ikki marta viloyat markaziga borishim shart edi. Bir kun yaxshi boʻlardim, keyingi kuni ahvolim yana ogʻirlashardi. Qon bosimim oshib ketardi. Buyrak almashtirish yaxshi natija berishini aytishdi. Donor topa olmay ancha qiynaldim. Ammo oila aʼzolarim qarab turmadi. Oʻgʻlim bitta buyragini beradigan boʻldi. Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazida buyrak almashtirildi. Operatsiya yaxshi oʻtdi.
Shifokorlar juda yaxshi qaradi. Barcha kerakli shart-sharoit yaratilgan, doridarmon davlat tomonidan bepul berildi. Agar yurtimizda shunday imkoniyat boʻlmaganda, chet elga borib, jarrohlik amaliyotidan oʻtishga qurbim yetmasdi.
Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Eʼtiborli jihati, aʼzo koʻchirib oʻtkazilgan bemorlarning sogʻligʻida operatsiyadan keyin tiklanish kuzatilmoqda. Shifokorlarning taʼkidlashicha, gemodializ olib yurgan bemor bilan tranplantatsiya amaliyotini oʻtkazgan bemor holati solishtirilsa, aʼzo koʻchirib oʻtkazilgan bemorning umri 17 yilgacha uzayishi mumkin.
Maʼlumotlarga koʻra, bugun Oʻzbekistonda oʻn minglab bemorning organ va toʻqimalar transplantatsiyasiga ehtiyoji bor. Xususan, buyrak transplantatsiyasiga 3,5 minggacha, jigar transplantatsiyasiga 2 minggacha, yurak transplantatsiyasiga 700-1000 gacha, oʻpka transplantatsiyasiga 500 gacha bemor muhtoj. Navoiy, Samarqand, Xorazm, Qoraqolpogʻiston Respublikasi, Namangan va Surxondaryoda shunday operatsiyalarni oʻtkazishga muvaffaq boʻlindi. Kelgusida bunday amaliyotlar Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, kelgusida bu kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish yurtimizning turli hududlarida yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa aholining ovora boʻlib, xorijdagi klinikalarga shifo istab borishlariga chek qoʻyadi.
Buyrak transplantatsiyasiga muhtoj bemorlar amaliyotgacha haftasiga ikki-uch marta gemodializ muolajasini olishi kerak. Bu bemorning holatini biroz qiyinlashtiradi. Ijtimoiy holatiga, mehnat faoliyatiga, sogʻligʻiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻz navbatida, bu iqtisodiy nuqtayi nazardan olib qaraganda ham katta mablagʻ talab qiladi. Transplantatsiya amaliyoti bajarilganidan keyin bu xarajatlarga oʻz-oʻzidan chek qoʻyiladi. Bemorning ijtimoiy holati, mehnat faoliyati birmuncha tiklanadi va jamiyatga qaytish imkoniyati koʻproq boʻladi.
— Buyrak kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar uch kunda bir shifoxonaga borib, gemodializ oladi. Buyrak bajarishi kerak boʻlgan vazifani gemodializ apparati bajaradi. Lekin uning oʻrnini toʻliq bosa olmaydi, — deydi Poʻlat Sultonov. — Bemor chekkaroq hududda yashayotgan boʻlsa, qaysidir markaziy shifoxonaga borishi kerak. Agar transplantatsiya amalga oshirilsa, bunday qiyinchilikka barham beriladi. Operatsiyadan keyin bemor oʻzini yaxshi his qiladi, kayfiyati joyiga tushadi. Jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan bemorlarning koʻpi farzandli ham boʻldi. Gemodializ esa, ayollarning farzand koʻrish imkoniyatini kamaytiradi. Erkaklarda ham jiddiy asorat qoldiradi. Kun ora 3-4 soat gemodializ qabul qilgan bemorlar juda qiynalib, charchaydi. Ular uchun operatsiyani oʻtkazish — baxt.
Afsuski, ayrim tibbiy muolajalarni oʻtkazish, xususan, transplantologiya amaliyoti masalasida yurtdoshlarimiz hamon xorijdagi shifoxonalarga murojaat etishga majbur boʻlmoqda. Xorijga ketayotganlarning qarshisida, avvalo, moliyaviy muammo turadi. Masalan, bunday amaliyot Hindistonda 15-20 ming, Turkiyada 25-30, Isroilda 100 ming, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida 120-150 ming, AQSHda 200 ming AQSH dollarigacha turadi.
Boradigan mamlakatining tilini bilmasligi, shifokor bilan erkin muloqotga kirisha olmasligi, operatsiyani oʻtkazib, uyga qaytib kelganidan soʻng xorijiy davlatdagi shifokorlar bilan doimiy muloqotda boʻlib turish shartligi bemor va uning yaqinlariga ancha noqulaylik tugʻdiradi. Konsultatsiyaga borish, toʻsatdan tobi qochib qolsa nima qilishini bilmaslik bemorni ruhiy zoʻriqtiradi. Xorijga shifo istab borganlar orasida jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz kechgani tufayli vafot etgan, uni qayta olib kelish qarindoshlari uchun juda katta muammo boʻlgan holatlar ham uchraydi.
2017-yildan buyon 21 nafar shifokor transplantatsiya rivojlangan, izchil yoʻlga qoʻyilgan Rossiya, Turkiya, Belarus, Xitoy va boshqa davlatlarda oʻqib, tajriba orttirib keldi. Bu jarayon davom ettiriladi. Joylarda transplantatsiya imkoniyatlari kengayar ekan, mutaxassislarga talab ortishi tabiiy. Sohani chuqur oʻrganish maqsadida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida yangi kafedra tashkil etildi. Shu yoʻnalishda xorijda tahsil olgan va malaka oshirgan shifokorlar mahalliy hamkasblarini oʻqitishi dasturi rejalashtirilyapti.
Immunogenetik, patogistologik tekshiruvlarni oʻtkazish uchun ixtisoslashgan laboratoriyalarni tashkil qilish va ularni uskunalar bilan taʼminlash zarurati mavjud. Bu murakkab laboratoriyada bemor bilan donor aʼzolarining mos kelishini aniqlash uchun genetik analizlar qilinadi. Bunday laboratoriya Oʻzbekistonda sanoqli. Joylarda tashkil etiladigan yangi transpantologiya boʻlimlarida mana shunday laboratoriyalarni ochish koʻzda tutilmoqda. Unda bemorlarga barcha shart-sharoit yaratiladi, tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi.
Ushbu laboratoriyalarda faoliyat yuritishi koʻzda tutilayotgan soha xodimlarining xorij davlatlarida oʻqitilishi va malaka oshirib qaytishiga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Zamonaviy bilim, eng soʻnggi rusumdagi tibbiy anjomlar kelajakda operatsiyalarning yanada sifatli oʻtkazilishi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar minimal darajaga tushishiga xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri