Ushbu aksiya Tibbiyot xodimlari kuniga bagʻishlangan boʻlib, unda exokardiografiya tekshiruvi, EKG hamda malakali shifokorlar konsultatsiyalari oʻtkaziladi.

Aksiya ishtirokchilari markaz qoshidagi konsultativ poliklinikada koʻrikdan oʻtkaziladi. Aytish lozimki, ushbu muassasa yiliga 80 ming nafar kishini qabul qilishga moʻljallangan. Jumladan, 2017-yilda 124 ming nafardan ortiq, 2018-yilda 130 ming nafarga yaqin, 2019-yilda 119 ming nafardan ortiq va 2020-yilning 10 oyi davomida 72 ming nafarga yaqin bemor qabul qilindi.

Taʼkidlash joizki, 2-noyabrdan boshlab akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining konsultativ poliklinika boʻlimi ikki smenali ishlash tizimiga oʻtdi, yaʼni tibbiyot xodimlari birinchi smenada soat 08:00 dan 14:00 gacha, ikkinchi smenada esa 14:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritishadi (avval ular faqat bir smenada – 08:00 dan 14:00 gacha ishlashgan).

Shuningdek, aksiyaning ikkinchi bosqichi sifatida hududlarga shifokorlar guruhi yuborilishi rejalashtirilmoqda. Ular joylarda tibbiy koʻriklar tashkil qilib, bemorlarga kerakli maslahatlarni berishadi. Guruhning birinchi manzili Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻladi. 

Muhimi, hozirda mamlakatimizning har bir hududiga markazdan masʼul jarroh biriktirilgan boʻlib, u doimiy tarzda oʻz hududida xirurgiyaning barcha yoʻnalishlarida tibbiy maslahatga muhtoj bemorlarga yordam beradi, zarur hollarda esa viloyatdagi mutaxassislar bilan birgalikda jarrohlik operatsiyalarini ham amalga oshiradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.