Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi quyidagicha belgilandi:

- mahalliy darajadagi davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tadbirkorlik subyektlari har yili 1-avgustga qadar oʻz xodimlarini koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni tegishlicha Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga taqdim etadi;

- Respublika darajasidagi davlat organlari, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tashkilotlar har yili 1-avgustga qadar oʻz xodimlarini koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni Qoʻmitaga taqdim etadi.

Bunda nomzod boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzodning obyektivka-maʼlumotnomasi hamda soʻnggi uch yil davomida u tomonidan turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar taqdim etiladi. Qoʻmita raisi tomonidan koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha Komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yigʻilishida nomzodlarga oid hujjatlar oʻrganilib, har yilning 15-sentyabriga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa chiqariladi. Komissiya xulosasi asosida Qoʻmita raisining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 20-sentyabrga qadar taqdim etiladi.

Koʻkrak nishoni “Butunjahon turizm kuni” – 27-sentyabrda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi yoki uning nomidan va uning topshirigʻiga koʻra boshqa masʼul shaxslar tomonidan tantanali ravishda topshiriladi. “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati Qoʻmitaning rasmiy va sohaviy veb-saytlarida hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladi. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.