Turizm sohasida davlat tili qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan asosiy chora-tadbirlar belgilandi

    Turizm 13 Yanvar 2021 1515

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tizimida davlat tili qonunchiligiga rioya etilishi masalalari boʻyicha asosiy chora-tadbirlar belgilandi. 

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʻzbek tilining mavqeini oshirish, barcha sohalarda keng qoʻllanilishini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilib, har bir vazirlik va idorada rahbar oʻrinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etilgan.

    Bu kabi islohotlardan koʻzlangan maqsad davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka toʻliq rioya etilishini taʼminlash, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yana-da oshirishdan iboratdir.

    Xususan, turizm sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish hamda Qoʻmita tizimida hujjat yuritilishidan tortib to turizm obektlaridagi yozuv va eʼlonlargacha hal etilishi zarur boʻlgan tizimli masalalarda ish yuritish maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

    Unga koʻra, Qoʻmita tizimida ish yuritilishi va barcha hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek tiliga toʻliq oʻtkazish, turizm obyektlari va maskanlaridagi yozuv, eʼlon va peshlavhalarni davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqlashtirish, turizm sohasidagi atamashunoslik borasida ilmiy asoslangan tadqiqotlar asosida qoʻllanma chop etish, xodimlarning davlat tilida ish yuritish borasidagi malakasini oshirish kabi qator masalalar belgilab olindi.