Unda Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosarlari Botir Shahriyorov, Nusratilla Zikrillayev, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Tursunali Kuziyev, vazirlik markaziy apparati boshqarma boshliqlari, vazirlik huzuridagi DUK (davlat unitar korxonalari) rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari oʻz nutqida sohaning normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish, turizm yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, kadrlar salohiyatini mustahkamlash va investitsiyalarni jalb etish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan koʻrsatkichlar boʻyicha atroflicha maʼlumot berdi.
“2021-yil davomida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 1 881 345 nafarga yetib, turistik xizmatlar eksporti 422,1 million dollarni tashkil etdi. Pandemiyadan soʻng ichki turizmni tiklash va aholining tizimli sayohatlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda hudud, yaʼni viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashqariga chiqqan aholining safarlari soni qariyb 6 millionga (5 813,9 ming) yetdi”, – dedi Botir Shahriyorov.
Matbuot anjumani doirasida berilgan maʼlumotlarga koʻra, hududlarda 133 ta yangi mehmonxona (xonalar soni 3 384 ta) va 210 ta xostel (xonalar soni 1 946 ta) faoliyati yoʻlga qoʻyilib, jami joylashtirish vositalari soni 1 442 ta, ulardagi oʻrinlar soni esa 71 247 taga yetkazildi.
Turistik obyektlarda internet tarmogʻiga ulanish uchun joriy yilda 702 ta Wi-Fi nuqtalari tashkil etilib, ularning soni respublika boʻyicha 3 450 taga yetkazildi.
Shuningdek, yil boshida turizm infratuzilmasini yaxshilash, xususan, yoʻlovchi sayyohlarning koʻzlangan manzil boʻylab toʻgʻri harakatlanishini taʼminlash boʻyicha jami 1 747 ta, shundan 2021-yil davomida 437 ta turistik yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatildi.
1 096 ta oilaviy mehmon uy (xonalar soni 3 952 ta)lari tashkil etilib, ularning umumiy soni 2 458 ta, oʻrinlar soni 21 018 taga yetdi.
Turistlar uchun xizmat koʻrsatuvchi 137 ta yangi turistik tashkilotlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida ularning soni 1 483 taga yetkazildi.
Sayyohlar tashrif buyuradigan obyektlar, barcha turdagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari, yoʻl boʻylari va aholi gavjum joylarda respublika boʻyicha 1 502 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi qurildi va taʼmirlandi.
Respublika hududida mavjud 4 114 ta AYOQSHlarning sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan taʼminlanganlik darajasi 85 foizga yetkazildi (3 491 ta AYOQSHlar SGSHlar bilan taʼminlangan).
Turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash:
– yangi turizm mahsulotlari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda targʻib qilish uchun 58 nafar turoperator va gidlarga 510 million soʻm miqdordagi grant;
– 97 ta joylashtirish vositasiga ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 4,1 milliard soʻm subsidiya;
– turoperatorlarga olib kelingan va xizmat koʻrsatilgan har bir turist uchun 26 415 dollar subsidiya;
– turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini qisman subsidiyalash boʻyicha 102.9 million soʻm mablagʻ;
– 3 nafar tadbirkorning mehmonxonaga toifa (yulduz) olish yoki toifani oshirish uchun mehmonxonani renovatsiya, rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlari uchun 1,2 milliard soʻm subsidiya;
– tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni tashkil etish boʻyicha 4 ta loyiha tashabbuskorlariga 281 million soʻm miqdorida grant mablagʻlari;
– yangi mehmonxona tashkil qilgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 9 nafar investorga 33,3 milliard soʻm hamda ulardan 1 nafariga tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida 52 400 dollar miqdorida subsidiyalar;
– Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini qoplash boʻyicha 52 nafar tadbirkorga 451,6 million soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlari ajratildi.
Turizm sohasidagi istiqbolli startap (smart turizm) loyihalar va innovatsion biznes gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Tourism. The path to innovation” tanlovi oʻtkazildi. Unga koʻra, 12 nafar gʻolibga 1 500 million soʻm ajratildi.
Turizm sohasida investitsiyalarni jalb etish yoʻnalishida:
2021-yilda turizm sohasidagi barcha investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati 6,9 trillion soʻm (shundan tashabbuskor mablagʻlari 3,5 trillion soʻm, bank kreditlari 737,5 milliard soʻm, xorijiy investitsiyalar – 238,7 million dollar, xorijiy kredit liniyalari – 15,6 million dollar) boʻlgan mablagʻlar oʻzlashtirilib, yil yakuniga qadar 490 ta loyiha amalga oshirilishi va 6 850 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Kadrlar salohiyatini mustahkamlash boʻyicha:
Vazirlik tizimidagi professional taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan 3 207 nafar oʻquvchidan tashqari 48 ta nodavlat taʼlim muassasasida – 761 nafar, Turizm va madaniy meros vazirligi tasarrufidagi kollej va texnikumlarda – 111 nafar, Turizmni rivojlantirish institutida – 17 nafar, jami – 899 nafar yoshlarni kasbga oʻrgatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar (TIKA va SESRIC) bilan hamkorlikda turizm taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 150 nafar yoshlar uchun oʻquv kurslar tashkil etildi.
Shu bilan birga, turizm sohasidagi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida travel-job.uz elektron platformasi ishga tushirilib, buning natijasida ishga joylashish istagi boʻlgan yoshlarga qulayliklar yaratildi.
Matbuot anjumani doirasida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar va takliflar bilan mutaxassislarga murojaat qildi hamda kerakli javoblarni oldi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.