Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilidan davlat oliy taʼlim muassasalarida turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida kadrlar tayyorlash tizimi uch yillik oliy taʼlim dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi va oʻquv jarayoni «blok-modul» tizimiga asoslangan dual taʼlim shaklida tashkil etiladi.

Bunda, oʻquv jarayonlarining nazariy va amaliy mashgʻulotlar ulushini:

1-bosqichda – 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy;

2️-bosqichda – 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;

3️-bosqichda – 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy boʻlishi nazarda tutiladi.

2024-yil 1-avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini koʻrsatish obyektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvargacha turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining amaliyot bazalarida koʻrsatilgan xizmatlar uchun foyda soligʻi ushbu soliq boʻyicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlanadi.