Turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi imkoniyatlar

    Bugun Samarqandning qadim ulugʻvor zamini yanada sayqal topib, yangi qiyofa kasb etgan — ShHTning navbatdagi sammitini kutib olishga koʻtarinki ruh bilan qizgʻin hozirlik koʻrilgan.

    Dunyo miqyosida yil voqeasi, yilning eng yirik va nufuzli siyosiy tadbiri deya eʼtirof etilayotgan Samarqand sammitida 15 davlat rahbari qatnashishi kutilmoqda. SHHTga aʼzo mamlakatlar rahbarlari soʻnggi uch yilda ilk bor bir joyga toʻplanadi. Bu voqelikka Samarqand mezbonlik qiladi.

    Shu munosabat bilan Samarqandda yangi aeroport, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi bunyod etildi. Bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress holl, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va koʻplab boshqa inshootlar bor. Hozir shahar koʻchalariga SHHT va unga aʼzo mamlakatlar bayroqlari, sammitga bagʻishlangan afishalar bayramona koʻrk bagʻishlab turibdi.

    Butun dunyo uchun turizm xabiga aylanayotgan Samarqand shahrida oʻtadigan SHHT sammiti turizmning yanada taraqqiy etishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

    Prezidentimizning Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 2021-yilda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida oʻtkazilgan majlisida ilgari surgan tashabbusi bilan Samarqandda tashkil etilgan “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Joʻliboy ELTAZAROV bilan suhbatimiz ana shu nufuzli tadbir shukuhi va SHHT makonida turizmni rivojlantirish, bu borada amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor masalalar haqida boʻldi.

    – Samarqandning sammit oʻtkaziladigan joy sifatida tanlanishi chuqur maʼnoga ega. Bu shahar azaldan tarixiy uchrashuvlar va sivilizatsiyalar muloqoti manzili, madaniy-gumanitar aloqalarni, xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash koʻprigi boʻlib kelgan, – deydi J.Eltazarov. – Turizm har doim xalqlar va davlatlar oʻrtasida manfaatli hamkorlik, ishonch, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishga, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga zamin yaratib kelgan. Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmaning faoliyat falsafasi hamda pirovard maqsadlari bilan mos tushgan xalqaro turizmni rivojlantirish gʻoyasi ham aʼzo mamlakatlar oʻrtasida bu borada hamkorlik, investitsiyalar hamda ilmiy tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

    Prezidentimizning SHHT makoni uchun turizm sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim tayyorlash taklifi juda katta ahamiyatga ega boʻldi. Bu tashabbusda SHHT mamlakatlari oʻrtasida sayyohlar oqimini koʻpaytirishning iqtisodiy, logistik imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqish, turizm infratuzilmasini yaxshilash uchun investitsiyalarni keng jalb etish, sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar majmuini ishlab chiqish lozimligi koʻrsatib berilgan.

    – SHHTga aʼzo davlatlar, kuzatuvchilar va hamkorlarning umumiy madaniy merosi YUNESKOning 207 ta jahon merosi obyektini tashkil etadi. Bu boradagi hamkorlik toʻgʻrisida maʼlumot bersangiz.

    – Bu madaniy meros obyektlari turizmni rivojlantirishda alohida ahamiyatga ega boʻlib, asrlar davomida butun dunyodan sayyohlarni oʻziga jalb etib kelmoqda.

    SHHTga aʼzo davlatlarning turizm hamjamiyatlari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlarini faollashtirish turizmni birgalikda targʻib qilish, sayyohlik resurslari imijini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻz navbatida, SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi xalqaro turizmni rivojlantirishga qaratilgan harakatlar dasturi izchil amalga oshirilishi ustuvor vazifadir.

    SHHT mamlakatlari oʻrtasida turizmni rivojlantirishning juda katta imkoniyatlari mavjud. Bu davlatlarning umumiy maydoni Arktikadan Hind okeanigacha va Shanxaydan Kaliningradgacha choʻzilgan, bu hududlarda dunyo aholisining 40 foizidan ortigʻi yashaydi. Bu ulkan turizm bozori, lekin uning salohiyatidan yetarlicha foydalana olayotganimiz yoʻq. Turizm uchun juda muvaffaqiyatli boʻlgan pandemiyagacha davrda – 2019-yilda SHHT davlatlaridan 250 millionga yaqin sayyoh chet elda dam olgan (Xitoy - 155 million kishi, Hindiston - 27 million kishi, Rossiya 20- million kishi, Oʻzbekiston - 1,7 million kishi, Qozogʻiston - 206 ming kishi, Tojikiston - 31 ming kishi). Bu esa xalqaro turizm uchun ajoyib imkoniyatlarni namoyish etadi.

    SHHT mamlakatlarining turizm imkoniyatlari juda keng. Bu madaniyat turizmida ham, ziyorat, dam olish, tibbiy va ekstremal turizmda ham koʻzga tashlanadi. Zero, Xitoydagi Buyuk Xitoy devori, Deamin imperator saroyi, Rossiyadagi qadimgi rus meʼmorligining “Oltin halqa” shaharlari, Moskva va Sankt-Peterburgning betakror saroy va koʻpriklari, tabiat moʻjizasi – Boykoʻl va Sibir oʻrmonlari, Hindistondagi Tojmahal va boshqa boburiy hukmdorlar saroylari, Pokistonning Lahor shahridagi boburiylar merosi, Qozogʻistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi, oltin kiyimli odam topilmalari sayyohlarni jalb etib kelmoqda. Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy va ochiq osmon ostidagi muzey-shaharlari, Amir Temur, Ulugʻbek, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Imom Termiziy, Pahlavon Mahmud kabi buyuk siymolar maqbaralari, Qirgʻizistonning moviy Issiqkoʻli, Tojikistonning osmonoʻpar choʻqqilari - bularning hammasi SHHTga aʼzo davlatlar sayyohlik imkoniyati ham bozor, ham talab, ham imkoniyat jihatidan naqadar katta va muhtashamligini koʻrsatadi.

    – Turizmni rivojlantirish amaliyotiga koʻra, sohaning yuqori daromadli boʻlishi uchun turizm bozoridagi barcha ishtirokchilar saʼy-harakatlarini birlashtirish zarur. Bu borada SHHT makoni doirasida qanday yangi imkoniyatlarni koʻryapsiz?

    – Oʻzbekiston turizmni rivojlantirishda katta yutuqlarga erishayotgani jahon hamjamiyati, jumladan, SHHTga aʼzo davlatlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – turizm. Mamlakatimizda 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros obyekti mavjud va aksariyati YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, yurtimizning oʻziga xos tabiati, goʻzal dam olish maskanlari imkoniyatlaridan foydalangan holda yangi sayyohlik yoʻnalishlarini ochish mumkin.

    Turizmni rivojlantirish strategiyasi qadam-baqadam amalga oshirib kelinayotgani uchun sanoqli yillar ichida katta salohiyatga ega boʻlgan turizm industriyasi yaratildi. Bu ish, avvalo, turizm sektori uchun yuqori malakali va jahon talablari darajasida kadrlar tayyorlovchi oliy oʻquv yurtini barpo qilish bilan boshlangan edi.

    Prezidentimizning 2018-yil 28-iyundagi farmoni bilan taʼsis etilgan “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qisqa muddatda ham mamlakatimiz, ham SHHT mamlakatlari uchun turizm sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtiga aylandi. Bu yerda tahsil olayotgan 1,5 mingga yaqin kunduzgi, 1,5 mingdan ziyod sirtqi boʻlim talabasi erta-indin turizm sohasiga “yangi qon” boʻlib qoʻshiladi. Bugungi kunda SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar yoshlari ham universitetimizda tahsil olmoqda.

    – Samarqand sammitini yuqori saviyada oʻtkazish ishlarida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining hissasi qanday boʻldi?

    – Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisiga butun mamlakat, viloyat ahli qatori universitetimiz jamoasi ham jiddiy tayyorgarlik koʻrdi. Universitet professor-oʻqituvchilari va mutaxassislari ishtirokida mehmonlarga xizmat koʻrsatadigan yuzlab restoran, mehmonxona, turizm obekti, muzey, transport xodimlari, mingga yaqin koʻngilli oʻqitildi va qayta tayyorlandi. Bugun universitet xodimlarining barchasi, talabalarimizning asosiy qismi SHHT sammiti mehmonlariga xizmat va yordam koʻrsatishga shay turibdi.

    Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlining markazi boʻlib, qadim zamonlardan buyon butun dunyo sayyohlari eʼtiborini oʻziga tortib kelgan. Oradan necha ming yillar oʻtib yurtimizga ana shu qadimiy sifat qaytmoqda, mamlakatimiz yana dunyoning turizm xablaridan biriga aylanyapti. Mamlakatimiz turizm boʻyicha xalqaro reytinglarda tobora yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.

    Samarqand sammitida turizmni rivojlantirish va madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha hamkorlik yuqori bosqichga chiqadi hamda mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.