1-5 noyabr kunlari Turkiyaning Bursa shahrida “Qo‘rqut ota” turkiy xalqlar kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida turkiy tilda so‘zlashuvchi 17 davlatdan tashrif buyurgan kinoijodkorlar sammiti tashkil etildi. Tadbirda o‘zaro hamkorlik, istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritildi hamda kinoijodkorlar hamkorlik loyihalari pitchingini taqdim etdi. Xo‘ja Nasriddin haqida o‘zbek kinematograflari tomonidan yaratilgan  16 qismdan iborat animasion film loyihasi sammitda birinchi bo‘lib namoyish qilindi.

— O‘zbekistonda kinematografiya sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimiz tashabbusi tahsinga sazovor. Uzoq yillar mobaynida faoliyati to‘xtab qolgan Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tashkil etilishi va mamlakatda kino suratga olishda yangicha yondashuv qo‘llanilayotgani quvonarli hol. O‘zbek kinoijodkorlari va o‘zbek filmlari bu festivalga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi, — dedi loyiha prodyuseri, rejissyor Temur Bekmambetov.

“Qo‘rqut ota” kinofestivali doirasida 4 noyabr kuni O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazildi. Tadbirda o‘zbek kinoijodkorlari bilan uchrashuv, davra suhbati va o‘zbek filmlari namoyishi tashkil etildi.

Festivalga yuzdan ortiq kinoijodkor tashrif buyurdi. 57 ta film g‘oliblik uchun raqobatlashdi. O‘zbek kinoijodkorlarining ikkita kartinasi ham yurtimizga sovrinsiz qaytmadi. Xususan, Furqat Usmonovning “Inson” ko‘p qismli hujjatli filmi “Eng yaxshi hujjatli film” nominasiyasida bosh sovrin bilan mukofotlandi. Mazkur kinokartina O‘zbekiston Milliy kinematografiya agentligi hamda “Spectre” studiyasi tomonidan suratga olingan.

— “Inson” hujjatli filmi O‘zbekistonning yangilanayotgan kino sanoati o‘laroq xalqaro darajada yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgani bilan ijodiy jamoamizni tabriklayman. Bugungi O‘zbekistonda inson siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning markazida turibdi. Filmimiz qahramonlari ham oramizdagi insonlar, — deydi film muallifi va rejissyori Furqat Usmonov.

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan “Dilshoh media” kino studiyasida rejissyor Dilmurod  Masaidov tomonidan suratga olingan va adashib Suriyaga ketgan vatandoshlarimizni yurtimizga qaytarish bo‘yicha maxsus operasiya haqida hikoya  qiluvchi “Ayol qismati” badiiy filmi esa “Eng yaxshi badiiy film” nominasiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

— Bursada bo‘lib o‘tgan kino festivalida o‘zbek kinoijodkorlari erishgan muvaffaqiyat bugun mamlakatimizda kino san’ati va sanoatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va imkoniyatlar samarasidir, — dedi Dilmurod Masaidov. — Festivalda kartinalarimiz oliy mukofotlarga loyiq ko‘rilgani, katta kino dunyosiga kirib kelayotgan yoshlarimizning qisqa metrajli filmlari ham alohida e’tirofga sazovor bo‘lgani Yangi  O‘zbekiston yoshlarining dunyo kinosiga aytadigan o‘z so‘zi borligini yana bir bor isbotladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva turkiy xalqlar kinematografiyasi sohasidagi xizmatlari uchun taqdirlandi. Aktrisa Yulduz Rajabova “Turkiy xalqlar birdamligi hamda hamdo‘stligiga qo‘shgan hissasi uchun” TURKSOY xalqaro mukofotiga munosib ko‘rildi.

“Eng kreativ qisqa metrajli film suratga olgani uchun” Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentdagi filiali talabalari Akmal Obidjonov va Saida’loxon Ma’sudxonov festivalning esdalik ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

— Oxirgi yillarda kino san’atimiz yaxshigina o‘sishga erishdi. Yurtimizda kino sohasiga qaratilayotgan e’tibor mahsuli sifatida filmlarimiz xalqaro kinofestivallarda g‘olib bo‘lmoqda. Bunday yutuqlar hali davomiy bo‘ladi. Kinematografiya agentligi tomonidan ko‘pdan-ko‘p sifatli va tomoshabop, shu bilan birga, jahon darajasidagi filmlar ishlab chiqarishda davom etamiz. Maqsadimiz tomoshabinlarimiz, xalqimiz uchun munosib filmlar suratga olishdir, — dedi O‘zbekiston Milliy kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Festival doirasida kino san’ati va sanoatini rivojlantirish borasida foydali bitimlar imzolandi. Baxchashehir universiteti hamda Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentdagi filiali o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan, 2023-2024 yilgi o‘quv dasturiga Netflix Series Script platformasi kiritiladigan bo‘ldi.

“Qo‘rqut ota” 3-xalqaro kinofestivali estafetasi esa Ozarbayjonga topshirildi. 2023 yil Shusha shahrida ushbu festival yana turkiy davlat kino ijodkorlariga o‘z eshiklarini ochadi.

Shohira Raufboyeva,

jurnalist