Turkiy Kengash Turizm vazirlarining yigʻilishi nega aynan Qoʻqon shahrida oʻtkazilmoqda?

    Oʻzbek milliy hunarmandchilik namunalari va amaliy sanʼati ustalari ham aynan Qoʻqon atrofida birlashdi, hunarmanchilik gurkirab yashnadi va eng muhimi, shu kunlarga qadar saqlanib qoldi.

    2020-yilning 23-iyun kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK)ning Turizm vazirlari V yigʻilishi koronavirus pandemiyasi sabab videokonferensiya shaklida oʻtkazilgandi.

    Tadbir davomida “Zamonaviy Ipak yoʻli” qoʻshma turistik mahsulot loyihasiga Oʻzbekistonning shaharlari va manzillarini kiritish masalasi muhokama qilinib, TTDHK Turizm masalalari boʻyicha vazirlarning navbatdagi – VI yigʻilishini 2021-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif etildi.

    Shu bois joriy yilning 23-24-iyun kunlari Fargʻona vodiysida joylashgan Qoʻqon shahrida Turkiy Kengash Turizm vazirlarining VI yigʻilishi oʻtkazilishi belgilandi.

    Nima uchun aynan Qoʻqon shahri degan savol tugʻilishi mumkin va bunga sabablar talaygina.

    Qoʻqon Fargʻona vodiysining yirik shaharlaridan biri boʻlib, u qadimdan ilm-fan, madaniyat hamda hunarmandchilik markazi hisoblangan.

    XVIII asrdan boshlab Qoʻqon vodiyning siyosiy, iqtisodiy, adabiyot va madaniyat markaziga aylandi. Qoʻqonda yaratilgan adabiy meros oʻzbek xalqining noyob durdonasiga aylangan. Mashrab, Huvaydo, Mahzun, Amiriy, Nodira, Uvaysiy va yana 200dan ziyod oʻzbek mumtoz adiblari shu muhitning mahsulidir. Hozirgi oʻzbek adabiy tili ham Qoʻqon adabiy muhiti negizida shakllangan.

    Bu davrdagi taʼlim tizimi ham havas qilsa arzigulik edi. XIX oxiriga kelib birgina Qoʻqonning oʻzida 620 mahalla masjidi, 240 ta boshlangʻich maktab, 52 ta madrasa, 23 ta qorixona mavjud edi.

    Professor X.N.Bobobekovning “Qoʻqon 2000” nomli kitobida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, 1878-yilda Qoʻqon shahrining savodxonlik salohiyati 53 foizni koʻrsatgan va bu koʻrsatkich oʻz davrida dunyodagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblangan.

    Bundan tashqari, Qoʻqon “shoirlar shahri” deb ham atalgan. XVIII asrning birinchi yarmida Qoʻqon shahridagi har bir mahallada kamida 3 nafardan, jami 720 dan ortiq shoir yashab ijod qilgan va ular oʻz davrida shaharni “nazm markazi”ga aylanishiga hissa qoʻshishgan.

    Oʻzbek milliy hunarmandchilik namunalari va amaliy sanʼati ustalari ham aynan Qoʻqon atrofida birlashdi, gurkirab yashnadi va eng muhimi, shu kunlarga qadar saqlanib qoldi. Xususan, yogʻoch oʻymakorlik, kulolchilik, kandakorlik, meʼmorchilik, ipakchilik, chitgarlik va boshqa oʻnlab hunar turlari Qoʻqon xonligi davrida oʻz taraqqiyot choʻqqisiga chiqdi. Ularning mahsulotlari dunyoning 10ga yaqin davlatiga olib chiqib sotilar edi.

    Shunday ekan, ushbu nufuzli xalqaro tadbirning Qoʻqon shahrida oʻtkazilishi bejiz emas.