Ushbu tadbirlarda ishtirok etish uchun kelgan Turkiyaning turizm vazirligi delegatsiyasi aʼzolari bugun, 22-iyun kuni Fargʻona xalqaro aeroportida viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi vakillari tomonidan kutib olindi.
Qoʻqon shahri mezbonlik qiladigan yigʻilishda Kengashga aʼzo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish, Qoʻqon shahrini “Zamonaviy ipak yoʻli” dasturiga kiritish hamda aʼzo davlatlarning yirik shaharlari oʻrtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizmi imkoniyatlari, Fargʻona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.
Bugundan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlar delegatsiyalari vakillari Fargʻonaga yetib kelishni boshladilar.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2019-2020-yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlari doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish hamda tashkilot doirasida turizm sohadagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari Turkiy kengash doirasida amalga oshirilayotgan “Modern Silk Road” qoʻshma turizm marshruti loyihasiga kiritilishi taʼminlandi.