Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-iyuldagi “Respublikada oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6262-son Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-5185-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan quyidagilar amalga oshirildi.

Sohani huquqiy tartibga solish boʻyicha 11 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, shundan 3 tasi vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda, 3 tasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan, 2 tasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilib, birinchi oʻqishdan oʻtgan, 3 ta idoraviy hujjat tasdiqlangan.

Agentlik tizimini malakali mutaxassislar bilan butlash maqsadida, 831 nafar agronom-inspektor, 801 nafar soha mutaxassisi va 168 nafar masʼul xodim ishga qabul qilindi.

Ilmiy salohiyatni rivojlantirish sohasida:

Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti biolaboratoriyasida “Kaliforniya qalqondori”ning parazit entomofagi va “Makkajoʻxori parvonasi”ning parazit entomofagi mahalliylashtirildi hamda koʻpaytirish texnologiyasi ishlab chiqildi. Natijada zararli organizmga biologik usulda qarshi kurash imkoni paydo boʻldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati biolaboratoriyalarida Pseudaphicus malinus va Encarsia formosa entomofaglarini koʻpaytirish texnologiyasi yoʻlga qoʻyildi. Bu esa, zararli organizmga qarshi koʻproq maydonlarda biologik ishlov berish uchun asqotadi.

Laboratoriya sharoitida qovun pashshasini koʻpaytirish uchun maxsus hasharotxona, yaʼni Insectarium yasalib, hasharotning 1 avlod yetuk zoti olindi hamda 2 avlod olish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda qovun pashshasi koʻpaytirilib, uning bioekologiyasi, zarari oʻrganiladi. Shuningdek, feromon tutquchlarni samarasini ham oʻrganish imkoni yuzaga keladi. Bundan tashqari, erkak zotini bepusht qilish maqsadida insektarium yasalib, qovun pashshasi koʻpaytiriladi.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2 turdagi entomofag nematodalarni koʻpaytirish hamda ular asosida biopreparatlar tayyorlash boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkent davlat agrar universiteti hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda oʻsimliklarni biologik va kimyoviy himoya qilish boʻyicha 40 ta metodologik qoʻllanmadan iborat ”Oʻsimliklar himoyasi” toʻplami yaratilishi ustida ish olib borilmoqda.

Fransiyaning “SOFRECO” agentligi bilan 2021-2023-yillar davomida Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari ilmiy xodimlarining malakasini oshirish, shuningdek Turkiyaning Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari

va siyosati instituti bilan uning Oʻzbekistondagi filialini tashkil etishga kelishildi.

Sohani raqamlashtirish yoʻnalishida

Agentlikning “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 30 mingdan ortiq fermer va dehqon xoʻjaliklarining

yer maydonlarini qamrab olingan. Ushbu axborot tizimi eksportga koʻmaklashuvchi “Assalam agro” elektron platformasi bilan integratsiya qilindi.

Shuningdek, Turkiya tajribasi asosida “e-Fitouz” tizimi orqali mineral oʻgʻit va pestitsidlarni qoʻllash zanjirining barcha bosqichlarini toʻliq nazoratini taʼminlash uchun QR-kod elektron boshqaruv dasturi hamda “Fermer pasporti” elektron maʼlumot bazasi ishlab chiqilmoqda.

BMT Taraqqiyot Dasturi doirasida Fargʻona vodiysida 24 ta ”Agrometeostansiya” va 12 ta “Aqlli feromoni tutqich” oʻrnatilib, “Fitokonsalting markazi” faoliyati pilot loyiha sifatida yoʻlga qoʻyildi.

Respublika agrokimyoviy tahlil markazi tashkil etildi va uning hududlardagi filiallari bino-inshootlar bilan taʼminlandi hamda

9 ta hududda laboratoriya asbob-uskunalari oʻrnatildi.

Mineral oʻgʻitlardan samarali foydalanishni tashkil etishda agrokimyoviy xaritanomalar (kartogramma) ishlab chiqish uchun 182,5 ming gektar maydondan tuproq namunalari olindi.

Tugatilayotgan “Oʻzagrokimyohimoya” aksiadorlik jamiyatining hududiy jamiyatlariga tegishli 1 million tonnadan ortiq sigʻimga ega 163 ta markaziy omborlar va uning shaxobchalari foydalanish uchun kimyo korxonalari va klasterlarga topshirildi.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti

va sohadagi izlanuvchilar ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 10 mlrd. soʻmlik grantlar eʼlon qilindi.

Xalqaro aloqalar, grantlarni jalb qilish yoʻnalishida Oʻsimliklar karantini va himoyasi hamda agrokimyo sohasini xalqaro ilgʻor tajriba asosida rivojlantirish maqsadida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi faoliyatiga 11 nafar xalqaro ekspert jalb etildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Toshkent (2 ta) viloyatlari hamda Toshkent shahridagi 5 ta oʻsimliklar karantini chegara maskanlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) 6,7 mln. dollariga teng grant mablagʻni jalb etish va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi loyiha doirasida sohani rivojlantirish uchun 5,8 mln. dollariga teng mablagʻni jalb etish choralari koʻrilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasining 2,9 mln. dollari, Qishoq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro fondi (IFAD) loyihasining 183,0 ming dollariga teng mablagʻlari hisobiga fitosanitariya laboratoriyalar uchun asbob-uskunalar olib kelinmoqda.

Agentlik va Xitoy karantin xizmati oʻrtasida 2021-2022-yillar davomida hamkorlik qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi imzolanib, mutaxassislar malakasini oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti nomenklaturasini kengaytirishga kelishildi.

Shu asosda joriy yil 10-avgust sanasida Oʻzbekistondan Xitoyga limonni eksport qilish boʻyicha Bayonnoma imzolandi. Shuningdek, Xitoy mutaxassislarini jalb qilgan holda joriy yil yakuniga qadar

300 nafar xodimlar malakasini oshirishga kelishildi.

“ORGANIC” va GLOBAL G.A.P. xalqaro standartlari asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirish maqsadida agrotexnologiyalarini yaratish loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Chegaradosh qoʻshni davlatlar bilan zararli chigirtka tarqalishiga oid maʼlumotlarni almashish tizimini joriy qilish va hamkorlik rejalarini tuzish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

“Agrobank” Aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlikda AQSH, Turkiya, Niderlandiya tajribalari asosida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida ajratilgan maxsus yer maydonida Oʻsimliklarni himoya qilish namunaviy Markazi tashkil etildi va hozirda uning tumanlardagi shoxobchalari tashkil etilmoqda. Buning uchun 10 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi.

Oʻsimliklarni himoya qilish yoʻnalishida faoliyat yurituvchi

189 ta xoʻjalik yurituvchi subyektga bir oy muddatda 120 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratildi. Ushbu mablagʻning 67,5 mlrd. soʻmi moddiy texnik taʼminotni yaxshilashga, 8,4 mlrd. soʻm uskuna va jihozlar sotib olishga va 44,1 mlrd. soʻm aylanma mablagʻlarga yoʻnaltirildi.

Shuningdek, “Fermerlar maktabi”da oʻsimliklar himoyasi boʻyicha intensiv oʻquv kurslari tashkil qilindi. Ushbu oʻquv kurslarda bir yil davomida 200 nafarga yaqin mutaxassis malakasini oshirish rejalashtirilgan.