Milliy palata maʻlumotiga koʻra, Turkiyaning “Medical Park” klinikalar tarmogʻida tajriba toʻplagan Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari 300 nafardan ziyod bemorni koʻrikdan oʻtkazdi.
Andijonlik bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun malakali neyroxirurg, onkoxirurg, travmotolog-ortoped, gematolog va boshqa mutaxassislar jalb etildi.
Ushbu tibbiy qabul Oʻzbekiston Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va “Medical Park” klinikalar tarmogʻi oʻrtasida 2022-yil fevralʻ oyida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida uyushtirildi.
Memorandum, shuningdek, mamlakatimizning turli mintaqalaridagi bemorlarni aniq tashxislash va davolashga Turkiyadan malakali shifokorlarni jalb qilish, Turkiya tibbiyot muassasalarida mamlakatimiz shifokorlarining malaka oshirishini tashkil etish, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga eng yaxshi xalqaro tajribalarni jalb etish singari qator vazifalarni ham nazarda tutadi.