Toʻlaqonli hayot kechirishi uchun insonning kundalik isteʼmolida un, yogʻ mahsulotlari bilan birga, goʻsht va sut mahsulotlari ham muhim oʻrin tutadi. Shu bois, aholining oshib borayotgan ehtiyojini inobatga olgan holda, bugun aynan chorvachilik sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha taraqqiyotini yangi pogʻonaga koʻtardi. Meʼyoriy hujjatda ichki isteʼmol bozorini goʻsht, sut, tuxum va boshqa chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ozuqa bazasini kengaytirish, ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha ilmiy asoslangan usullar hamda intensiv texnologiyalarni keng joriy etish kabi yoʻnalishlar ustuvorligi koʻrsatilgan.
Qaysi soha boʻlmasin, uning rivoji uchun, albatta, malakali, kuchli bilim va salohiyatga ega, eng muhimi, oʻz ishini yaxshi koʻradigan kadrlarni tayyorlash oʻta muhim. Aynan shu jihatlarni inobatga olgan holda, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialida ham sirtqi va kechki taʼlim yoʻnalishlarida yangi — chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi yoʻnalishi ochildi. Bu boʻyicha oʻqiyotgan talabalar endi ham oʻqish, ham nazariy bilimini amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, sohani zamon talablariga mos tarzda qayta modernizatsiya qilish, unga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, chorva mollari va parranda ozuqasi tarkibini tahlil qilish hamda parrandalar kasalliklarini aniqlash boʻyicha laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 3 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Qarorda sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun ham bir qancha yengilliklar koʻzda tutilgan. Jumladan, 2020-2022-yillarda chorvachilik mahsulotlari va intensiv usulda baliq yetishtiruvchi hamda parrandachilik xoʻjaliklariga davlat tomonidan subsidiya ajratilishi diqqatga molik ishlardan boʻldi.
2024-yil 1-yanvarga qadar naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllanadi. Bu esa, oʻz navbatida, aynan shu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni koʻpayishiga ham sabab boʻldi.
Oxirgi besh yilda chorvachilik subyektlari soni uch barobar koʻpaydi. 2021-yil avgust holatida yurtimizda chorvachilik xoʻjaliklari soni 17 mingdan oshdi. Xususan, ulardan yuzdan ziyodi 1000 bosh va undan ortiq chorva moli boʻlgan xoʻjaliklardir.
Maʼlumotlarga koʻra, bugun qoramolning 94 foizi, qoʻy va echkining 84 foizi, parrandaning 58 foizi aholi xonadonlarida boqilmoqda. Bu yil chorvachilik xoʻjaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida 7 milliard soʻm miqdorida subsidiya ajratildi. Veterinariya hamda chorvachilik yoʻnalishida hamkorlik va tajriba almashish maqsadida bir nechta xorijiy davlatlar tashkilotlari, oʻquv muassasalari bilan muloqot oʻrnatildi. Xususan, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati kabi bir necha xalqaro tashkilotlar bilan turli kelishuvlarga erishildi. Bu esa aynan veterinariya va chorvachilik sohasida ishlayotgan, oʻqiyotgan yoki shu sohada ilmiy izlanish olib borayotganlar uchun ijobiy holatdir. Chunki bu orqali ular chet davlatlarda ham tajriba oshirish imkoniyatiga ega boʻldi.
Bu kabi imkoniyatlar, albatta, chorvachilikning keng koʻlamda rivoj topishiga xizmat qiladi. Qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlar ham aholining turmush darajasini yaxshilash, dunyo hamjamiyatida oʻz soʻzi, bilimi va tajribasiga ega kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.