Tuz va shakarning kunlik meʼyori qancha?

    Koʻpchilik kun davomidagi yugur-yugurlar, vaqtning tigʻizligi bahonasida oʻz sogʻligʻiga eʼtibor bermaydi.

    Nonushta qilmasdan ishga ketish, tushlikda yaxshi ovqatlanmaslik esa oxir-oqibat salomatlikka salbiy taʼsir etishi aniq. Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova sogʻlom ovqatlanishning bir nechta muhim qoidalari haqida aytib oʻtdi.

    1-qoida. «Fast-fud» va boshqa tez pishar mahsulotlar ortiqcha vazn, semirish va qandli diabet kabi xastaliklarning eng asosiy sababchisidir. Shu bois ushbu yeguliklardan butunlay voz keching.

    2-qoida. Meva-sabzavotlar foydali ozuqa moddalari va fermentlarga boy. Shu bois ulardan kuniga kamida 400 gramm isteʼmol qiling. Issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlarga haddan ortiq kimyoviy ishlov berilishi sababli oʻzining foydali xususiyatlarini yoʻqotadi. Shunday ekan, ularni imkon qadar tanovul qilmang.

    3-qoida. Oʻsimlik yogʻi, oq bugʻdoy uni, shakar, tuz isteʼmolini cheklang. Chunki ularda kletchatka yoʻq. Bu esa ovqat hazm qilish tizimi, ichaklardagi foydali bakteriyalarning oziqlanishiga salbiy taʼsir etadi.

    Qolaversa, JSST tavsiyasiga koʻra, bir choy qoshiq — 5 gramm yodlangan osh tuzi, 25-30 gramm shakar (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi shakar ham hisobga olingan) kunlik meʼyor hisoblanadi. Ularni haddan ortiq isteʼmol qilish yurak, buyrak va qon aylanish tizimida salbiy oʻzgarishlarga olib keladi.

    4-qoida. Koʻp ovqat tanovul qilmang. Buning eng toʻgʻri yoʻli – shoshmasdan taomlanishdir. Ovqatlanayotganda sizni chalgʻituvchi tashqi omillar — televizor koʻrish, kompyuterda ishlashdan xoli boʻling. Qolaversa, nonushta qilmasdan aslo koʻchaga chiqmang.

    5-qoida. Kunlik taomnomangizda sutli mahsulotlar — qatiq, yogurt, pishloq, suzma, tvorog, brinza boʻlishiga eʼtibor bering. Chunki ular suyaklarni mustahkamlab, osteoporoz rivojlanishining oldini oladi.

    6-qoida. Tananing asosiy qismi suyuqlikdan iborat. Shu bois uning normal ishlashi uchun kuniga oʻrtacha 2-3 litr suyuqlik (gazsiz mineral suv, mevali, kam yogʻli sutli ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi. Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar isteʼmol qilmang.

    7-qoida. Oqsilli taomlar aminokislotalarga boy. Ular mushak toʻqimalarini shakllantirish, eski hujayralarni yangilash uchun juda zarur. Oqsilga boy yeguliklarga tuxum, yangi goʻsht, dukkakli oʻsimliklar, baliq, yongʻoq kabilar kiradi.