Bu maqomga kimlar munosib?

Bugun barcha sohada rivojlanish, takomillashish jarayoni yuqori sur'atda kechmoqda. Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ta'lim tizimiga ham o'z ta'sirini ko'rsatyapti. Bilim va kasblar xilma-xilligining keskin oshishi, o'quv dasturlarini doimiy yangilab borish zarurati, o'qitishning yangi shakllarini joriy etish va ilg'or texnologiyalardan foydalanish davr talabiga aylanmoqda. Shunday sharoitda yangi kasblarga ehtiyoj sezilishi shubhasiz. T`yutorlik shunday kasblardan biri.

T`yutorlik Evropa universitetlari tarixi bilan chambarchas bog'liq. U ilk bor Buyuk Britaniyada paydo bo'lgan. XIV asrning klassik universitetlari Oksford va biroz keyin Kembrijda shakllandi. O'sha vaqtdan boshlab t`yutorlik oliy o'quv yurtlarida murabbiylikning o'ziga xos shakli sifatida tushunila boshlangan. T`yutor — ta'lim oluvchi va o'quv jarayoni o'rtasidagi bog'lovchi shaxs bo'lib, uning yordamida o'qish qiziqarli va samarali jarayonga aylanishi, talaba hayoti mumtoz ideallar bilan yanada mazmun kasb etishi lozim bo'lgan. XVII asrga kelib, t`yutorning faoliyati doirasi, jumladan, ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish borasidagi o'rni alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Bu kasb egasi o'quv rejasini qanday tuzish kerakligini ko'rsatadigan, vaqtni to'g'ri taqsimlaydigan, qaysi ma'ruza va amaliy mashg'ulotlarga qatnashish foydali ekani borasida tavsiya beradigan, talabaning o'qishdagi yutuqlari va universitet imtihonlariga tayyorgarligini nazorat qiladigan bo'ldi. XVII asrda t`yutorlik ingliz universitetlari tizimining bir qismi sifatida rasman tan olindi.

Shu tarzda t`yutor maktabda, universitetda, qo'shimcha va uzluksiz ta'lim tizimlarida individual rivojlanish jarayoni bilan birga o'quvchi va talabalar uchun individual ta'lim dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatini beruvchi tarixan shakllangan pedagogik kasbga aylandi.

Ayni paytda Evropaning ko'pgina mamlakatlarida t`yutorlik markazlari va uyushmalar faoliyat yuritadi. Bu kasb vakili bog'cha, maktab, kollej va universitetlarda ta'lim-tarbiya oluvchiga elkadosh murabbiy va mohir konsul`tant, yo'l ko'rsatuvchi vazifasini o'taydi.

Uning vazifasi nimadan iborat?

T`yutor tegishli malaka talablariga javob beradigan, yuksak axloqiy fazilatlarga ega biror soha mutaxassisi bo'lib, asosiy vazifasi o'quvchi yoki talabaga muayyan bilim va ko'nikmani egallashga ko'maklashishdan iborat.

Talabalarning darsni o'zlashtirish holatini tahlil qilish va darsdan bo'sh vaqti mazmunli o'tishini ta'minlash, ijtimoiy (oilaviy) holatidan doimiy xabardor bo'lish hamisha t`yutorning diqqat markazida bo'ladi. U o'quvchisining nimalarga qiziqishini aniqlaydi, muvaffaqiyati va muvaffaqiyatsizligi sabablarini tahlil qiladi, ixtisoslashtirilgan va qo'shimcha kurslarni tanlashda yordam beradi. O'quv jarayonidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, ta'lim oluvchining ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, bilim olishini nazorat qiladi. T`yutor talabaga har doim hamroh bo'ladi. Ba'zan uni boshqaradi, ba'zi o'rinlarda esa qo'llab-quvvatlab, katta orzu-maqsadi ro'yobi sari undaydi. Shuningdek, talabalar turar joylari, ijara va xususiy xonadonlarda yashovchi yoshlarning yashash manzillariga muntazam borib, u erda yaratilgan sharoit va muammolarni o'rganadi. Talabalarning yashash va o'qish sharoitini yaxshilashga ko'maklashadi.

T`yutor tashkilotchi, sabr-toqatli, talaba uchun ochiq yuzli bo'lishi muhim. U o'z nuqtai nazariga ega bo'lmagan, maqsadini belgilay olmaydigan talabaning qiziqishlarini aniqlab, kelajagi haqidagi tasavvurini boyitadi. Talabaning har bir qadami va xatti-harakatining oqibatini anglashiga yordam beradi.

Mamlakatimizda yangi tizim

Prezidentimizning 2019 - yil 8 - oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni va boshqa me'yoriy hujjatlar yurtimizda yoshlarning zamonaviy ta'lim olishi uchun qulay sharoit yaratish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko'tardi. Ularda qator imtiyoz va engilliklar ko'zda tutilgan. Jumladan, o'tgan yili oliy ta'lim muassasalarida t`yutorlik tizimining ilk bor yo'lga qo'yilgani o'ziga xos yangilik bo'ldi.

Barcha davlat oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan har 120-150 talabaga 1 nafar t`yutor biriktirilgan. Hozir 3000 nafarga yaqin t`yutor 400 mingga yaqin talabaning ma'naviy va ijtimoiy holatini tahlil qilib, mavjud muammolarini bartaraf etishga ko'maklashmoqda.

— Shu kunlarda 153 talabaga etakchilik qilyapman, — deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining maktabgacha ta'lim fakul`teti t`yutori Bekzod Jo'raev. — Fakul`tetimizda qizlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Ularni asosiy darslardan tashqari to'quvchilik, tikuvchilik, hunarmandlik va mantiqiy tafakkurni oshirishga qaratilgan “Zakovat” to'garagi, psixologiya kursiga jalb qilganmiz. Talabalarning qiziqishiga qarab notiqlik, jurnalistika yo'nalishi bo'yicha ham tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydik. Yoshlarning ilmiy tadqiqot olib borishi uchun kerakli maslahatlarni berib boryapmiz.

— Avvaliga talabalarni o'rgandim, — deydi mazkur universitetning tarix fakul`teti t`yutori Farhod Rahmatillaev. — Shunday yigit-qizlar bor, haqiqatan ham bilimi kuchli. Intiluvchan, tartibli. Ammo o'quv uchun shartnoma pulini to'lashga imkoniyati etmaydi. Ba'zilari o'qishdan tashqari paytda ishlashga harakat qiladi. Ularga birinchi maqsad faqat o'qish bo'lishi kerakligini, shartnoma pulini to'lashning muqobil variantlarini topish mumkinligini aytdim. Masalan, o'zaro suhbat paytida bir talabamiz o'zi yashaydigan joyda “Temir daftar”ga kiritilganini bildim. Darslar boshlanganiga to'rt oydan ziyod vaqt o'tgan bo'lsa-da, qiynalganini, ota-onasi yo'qligini hech kimga aytmagan. U yashaydigan hudud hokimligi bilan gaplashib, hokimlikning o'quv shartnoma pulini to'lab berish vakolatidan foydalandik. Talabamiz juda xursand bo'ldi. Universitetimizning 4 mingga yaqin talabasi ijarada turadi. Ular yashayotgan joylarni sharoitiga qarab “qizil”, “sariq”, “yashil” hududga ajratganmiz. Aynan “qizil” hududdagi talabalar t`yutorlar yordamida yaxshiroq sharoitli uy yoki talabalar turar joyidagi bo'sh o'ringa ko'chiriladi. Alohida yondashuvni talab etadigan talabalar bilan maxsus shug'ullanamiz. Ruhshunos bilan birga 1-kurs talabasining psixologik portretini shakllantirish jarayonini yo'lga qo'ydik. Bu kelgusida o'zining mevasini beradi.

Guruh murabbiyidan farqi

T`yutorning o'qituvchi yoki murabbiydan asosiy farqi shundaki, u o'ziga biriktirilgan ta'lim oluvchining qiziqish va intilishini, muammo va qiyinchiliklarini chuqur tahlil qiladi. Talaba atrofidagi intellektual va psixologik muhitni sinchkovlik bilan o'rganadi. An'anaviy ravishda talaba bilan ishlaydigan o'qituvchilar rivojlanishning individual yo'nalishini tanlashda doimo malakali yordam berolmaydi. Agar biz aniq rivojlanish xususiyatlariga ega (iqtidorli yoki nogiron) talabalar haqida gapiradigan bo'lsak, muammo yanada murakkablashadi.

Yana bir jihat, ba'zi oliy o'quv yurtlarida talabalarning ixtisosligi uchun juda ahamiyatli bo'lmagan fanlar o'qitilishi sir emas. Natijada juda ko'p fanlarni o'qigan, ammo ularni bir-biri bilan bog'lay olmaydigan mutaxassis etishib chiqadi. Yoki boshqacha manzara: abiturient o'zi tanlagan universitetga o'qishga kiradi, ammo muassasada hech kim uning rivojlanishi bilan shug'ullanmaydi. Talabaning muvaffaqiyati ko'p jihatdan o'qishdagi ustozlariga bog'liq. Aksariyat hollarda yoshlar o'zining kelajagi haqida bitiruvchi kursda yoki universitetni tark etganda o'ylay boshlaydi. Ushbu muammolarni hal etishda esa t`yutor yordamiga ehtiyoj seziladi. T`yutor imtiyoz, imkoniyatlarni ko'rish, kamchiliklarni aniqlash va individual ta'lim yo'lini yaratish, kar`era yo'lini belgilashda talabaga yordam beradi.

— Ilgari talabalar bilan shug'ullanish uchun guruh murabbiylari faoliyati yo'lga qo'yilgandi, — deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori Feruza Madrahimova. — Bu bevosita professor-o'qituvchining o'ziga yuklatilgan vazifasi edi. Ular birorta guruhda qirq nafardan ortiq talabaga murabbiylik qilar va universitet tomonidan oylik ish haqiga qo'shimcha 20-25 foiz ustama olardi. Lekin bu qaysidir ma'noda professor-o'qituvchiga og'irlik qilardi. U dars o'tishi, ilmiy ish bilan shug'ullanishi, bundan tashqari, o'sha guruhdagi 30-40 talabaning shaxsiy hayotidan boxabar bo'lishi kerak. Ayniqsa, uzoq viloyatlardan kelib o'qiyotgan talabalar bilan ishlash qiyin masala. Ular bilan shug'ullanish murabbiyga ham jismonan, ham ruhan og'irlik qiladi. Ana shu nuqtai nazardan, barcha oliy ta'lim muassasalarida guruh murabbiyi instituti bekor qilinib, o'rniga maoshi professor-o'qituvchining oyligiga tenglashtirilgan bir shtat birligidagi t`yutorlik amaliyoti yo'lga qo'yildi.

— T`yutor talabaga ham otalik, ham onalik qiladi, — deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “5 tashabbus” markazi koordinatori Azizbek Omonov. — U talabaning oilaviy sharoitini chuqur o'rganadi. Har oilada har xil muhit. Bu jamiyat muhitiga to'g'ri kelmasligi mumkin. Aynan ana shu muammolarni o'rganish va talabaning ko'ngliga yo'l topish, muammoni yuzaga chiqarish ham t`yutorning vazifasi sanaladi. Agar u yuzaga chiqmasa, suiqasd holatigacha kelib qolishi mumkin. Aynan t`yutor lavozimining joriy etilishi ma'naviyat sohasidagi ishlarning to'g'ri olib borilishi, har qanday masalada aynan talabaning o'zi bilan bevosita ishlash imkonini bermoqda.

T`yutor faoliyatining rivoji va vaqtdan unumli foydalanishi uchun ularga planshet berilgan. Qaerda, qanday faoliyat ko'rsatyapti, kim bilan qanday shug'ullanmoqda — barchasi universitet ma'muriyati va otaonalarga onlayn ko'rinib turadi.

Qanday bilim va ko'nikmaga ega bo'lish kerak?

T`yutor ham butun guruh bilan, ham individual ish olib boradi. Albatta, mutaxassis pedagogik va psixologik bilimga, ta'lim jarayoni ishtirokchilari bilan munosabat o'rnatish qobiliyatiga ega bo'lishi zarur.

T`yutor ta'lim tizimi va mehnat bozorining rivojlanish tendentsiyalari, istiqbolli kasblar va yaqin kelajakda qanday kompetentsiyalar talab qilinishi haqida tasavvurga ega bo'lishi kerak. U o'z talabasi uchun mavjud ta'lim imkoniyatlarini to'liq ko'rishi talab etiladi. Shu ma'noda, bugun yurtimiz oliy ta'lim tizimida joriy etilgan yangi lavozim yoshlarning malakali mutaxassis bo'lib etishishida o'ziga xos ko'prik vazifasini o'taydi.

Risolat MADIEVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri