Uchinchi renesans davriga navbatdagi qadam!

    Ta'lim 9 Oktabr 2020 4138

    Muhtaram Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi bayram tabriklarida taraqqiyotimizning maqsadi Uchinchi Renessans bo'lishi lozimligini ta'kidladilar.

    Uyg'onish davrini bevosita ta'lim sohasisiz tasavvur qilish mushkul ekani hech kimga sir emas. Ta'lim sohasidagi islohotlar to'g'risida so'z yuritar ekanmiz 2020 yil
    23 – sentyabrdagi O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi Qonuni ko'z o'ngimizga keladi desak mubolag'a bo'lmaydi.

    Ta'kidlash joizki, ushbu Qonun bilan ilk marotaba ta'lim tizimidagi atamalarning talqini berilgan. Ta'lim o'quvchilarga chuqur nazariy bilimlar, ko'nikmalar, amaliy ko'nikmalar berish shuningdek, umumiy ta'lim va kasbiy bilim, ko'nikma va malakalarni shakllantirish, qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayon sifatida qaraladi.

    Ushbu Qonunda masofaviy ta'lim tushunchasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internetdan foydalanish orqali ta'lim olish shakllaridan biri sifatida berilgan. Ushbu ta'lim shaklining ahamiyati va zaruriyati pandemiya davrida, asosan, maktablar, o'rta maxsus va oliy o'quv yurtlari o'quvchilari orasida kasallikning ommaviy tarqalishini cheklashga yordam berganida isbotlangan.

    Shuningdek, Qonunda o'quv dasturining nazariy qismi o'quv muassasasida, amaliy qismi esa talabaning ish joyida o'rganiladigan dual ta'lim kabi shakl belgilangan. Har bir talabaning qobiliyatlarini shakllantirish va uning amaliy ko'nikmalari va tajribalarini rivojlantirish, olingan bilim va ko'nikmalarni amalga oshirish amaliyotidan faol foydalanishni talab qiladi. Ushbu o'quv faoliyati amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga yo'naltirilgan. Talabaga boshlang'ich kasbiy ko'nikmalarni olish, egallagan bilim va ko'nikmalarini amaliyotda to'g'ri qo'llay olishga imkon beradi.

    Oilada ta'lim olish va mustaqil ta'lim olish ta'lim shakli joriy qilingan bo'lib bunday ta'lim shaklida davlat oilada ta'lim olishga va mustaqil ta'lim olishga ko'maklashadi. Bolalarning oilada ta'lim olishi va mustaqil ta'lim olish uslubiy va maslahat yordami ko'rsatilgan holda tegishli o'quv dasturlari bo'yicha amalga oshiriladi.

    Shuningdek, katta yoshdagilarni o'qitish va ularga ta'lim berish shakliga ko'ra katta yoshdagilarni o'qitish va ularga ta'lim berish butun umr davomida o'qitishning markaziy tarkibiy qismi bo'lib, ta'lim berish hamda o'qitishning jamiyat hayotida va mehnat faoliyatida katta yoshdagilarning ishtirok etishini ta'minlashga qaratilgan barcha shakllarini o'z ichiga oladi, shuningdek rasmiy, norasmiy va informal o'qitish jarayonlarining butun majmuini qamrab oladi.

    e'tiborli jihati shundaki, ta'lim tizimida har qanday o'quvchi (talabaning) shaxsiy xususiyatlari ya'ni imkoniyatlaridan qat'iy nazar uning boshqalar bilan birdek ta'lim olishini kafolatlaydigan inklyuziv ta'lim alohida o'rin tutishida. Ushbu turdagi ta'limni joriy qilishdan maqsad mamlakatning asosiy qonunida nazarda tutilgan ta'lim olishning umumiy huquqini amalga oshirishdir.

    Prezidentimiz ta'biri bilan aytadigan bo'lsak: “YOshlar huquqi deganda, biz, birinchi navbatda, ularning tinch va sog'lom yashash hamda ta'lim olishga bo'lgan to'laqonli huquqini tushunamiz. Shu bois, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizning barkamol bo'lib voyaga etishi, sifatli va mukammal ta'lim olishini ta'minlash biz uchun hamisha ustuvor vazifa hisoblanadi”.

    Bundan tashqari ta'lim muassasalari xorijiy mamlakatlarning ta'lim tashkilotlari va muassasalari bilan birgalikda hamkorlik qilishlariga yo'l ochilmoqda.

    Xususan, ta'lim muammolari yuzasidan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha, qo'shma fakul`tetlar, o'quv markazlari va ilmiy laboratoriyalar tashkil qilish orqali, xalqaro darajadagi birgalikdagi ta'lim hamda ilmiy-tadqiqot loyihalari va dasturlarini tayyorlash yuzasidan, hamkorlikda fundamental hamda amaliy
    ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish orqali, ilmiy-amaliy seminarlar, konferentsiyalar va simpoziumlar o'tkazish bilan, talabalar, magistrlar, doktorantlar, o'qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinishini amalga oshirish yo'li bilan, eng asosiylaridan biri ikki tomonlama diplomlar (Double Diploma) dasturlarini joriy etish, orqali hamkorlikni amalga oshirishlari mumkin bo'ladi.

    So'ngi so'z o'rnida aytish mumkinki, «Ta'lim to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni sohada tub burilishga sabab bo'luvchi, davlat va nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi, ilm-fanning bugungi zamonaviy ko'rinishidan kelib chiqib ta'limning maqsad-vazifalarini belgilab beruvchi norma bo'lib xizmat qiladi.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali o'qituvchisi Po'lat Qobilov