Shu maʼnoda olib qaraydigan boʻlsak, Uchinchi Renessansning poydevori Vatanni sevishdan boshlanadi. Yangi Oʻzbekiston – oʻzbek xalqining vatani, muqaddas sajdagohdir. Ona yurtimiz Yangi Oʻzbekiston oʻzbek xalqining Alloh tomonidan tarixan ato etilgan muqaddas Vatani ekanligi sanaladi. Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash — davr talabidir”.
Vatan – bu inson va uning avlod-ajdodlari kindik qoni toʻkilgan muqaddas dargoh sanalib, insonda shu zaminga nisbatan vatanparvarlik tuygʻusini shakllantiradi. Shu maʼnoda, Uchinchi Renessans ajdodlar maskani, el-yurt, xalq voyaga yetgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari shakllanib, oʻsib kamol topib boradigan zamindan boshlanadi. Vatan deganda, hamisha tugʻilib oʻsgan, koʻz ochib koʻrgan, taʼlim-tarbiya olib voyaga yetgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab oʻtgan, ularning aql-idroki, mehnati sarf qilingan yurt koʻz oldimizga keladi.
Vatan ona kabi aziz va mukarramdir. Vatan insonga baxt-iqbol beradigan zamindir. Abdulla Avloniy aytganidek: “Har bir kishining tugʻilib oʻsgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tugʻilgan, oʻsgan joyini jonidan ortiq suyar... Biz turkistonliklar oʻz vatanimizni jonimizdan ortiq suyganimiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik issiq choʻllarini, eskimoslar shimol taraflar, eng sovuq qor va muzlik yerlarni boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi Turonlik oson yerlarga oʻz vatanlarini tashlab hijrat qilurlar edi”. Vatan – ajdodlardan avlodlarga qoladigan eng buyuk, bebaho meros, eng aziz xotira.
Vatan ostonadan boshlanadi, deb bejiz aytilmaydi. Biroq inson ulgʻaygani sayin uning Vatanga nisbatan vatanparvarlik tuygʻusi va tasavvurlari ham kengaya boradi. Avvalo uy, soʻngra mahalla, qishloq yoki shahar hamda butun mamlakat Vatan ekani qalban anglab olinadi.
Uchinchi Renessans yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini his etishda, Vatanni avaylab asrashda, uning boyligini eʼzozlashda, uning barcha boyligini: tabiati, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, musaffo osmonini va boshqalarni kelgusi avlodlarga qoldirishdagi jonbozligida namoyon boʻladi. Vatanparvarlik tuygʻusi – muqaddas qadriyat. U insonning kindik qoni toʻkilgan joy, insonni ijtimoiy yetimlikdan asrovchi manzil, maʼnaviy kamolot va fuqarolik maydoni, hayot maktabi, farovonlik va baxt-saodat oʻchogʻini chin yurakdan his etib turuvchi tuygʻudir. Mavlono Fuzuliyning, “mening bitta hayotim bor, bordiyu mingta hayotga ega boʻlgan taqdirimda ham hammasini vatan uchun sarflagan boʻlur edim”, deb aytgan soʻzlari har birimiz uchun bebaho vatanparvarlikdir.
Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik vaksinasi bilan emlash, mustahkam vatanparvarlik immunitetini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda vatanparvarlik oʻzining qanday qirralari bilan namoyon boʻlayotir? Vatanparvarlikning mohiyati nimalarda, qanday amaliy ishlar faoliyatida namoyon boʻladi? Umuman vatanparvarlik nima, uni qanday tushunmoq kerak, u haqda donishmandlar nima deganlar.
Vatanparvarlik – Vatanga nisbatan sadoqat, unga xizmat qilish, yurt tinchligini asrash, Vatan ravnaqi uchun faol boʻlishga undaydigan ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy fazilat. Uning mazmuni–Vatanga mehr-muhabbat va sodiq boʻlishdan, yurtning oʻtmishi va hoziri uchun faxrlanishdan, mamlakat manfaatlarini himoya qilishga intilishdan iborat. Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, oʻz ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona gʻoyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamasligi nazarda tutiladi.
Vatanparvarlik vaksinasi qalbda jo etgan insongina Yangi Oʻzbekistonda oʻzlarining gʻarazli va jirkanch niyatlarini amalga oshirish maqsadida yurtimizga har xil yoʻllar bilan kirib kelayotgan, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarimizni qalbi va ongini qandaydir zararli va buzgʻunchi gʻoyalar bilan egallashga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi kurasha oladi va oʻz yurtini gʻanimlardan himoya qiladi.
Uchinchi Renessansni shakllantirishda katta ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan maʼnaviy qadriyatlardan biri yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirishdir. Vatanparvarlik ona yurtining, xalqining tarixi va taqdiriga chuqur hurmat bilan qaraydigan, Vatan manfaatlari yoʻlida fidoyilik namunalarini koʻrsatishga qodir boʻlgan insongagina xos fazilat.
Mamlakat, millat taraqqiyotining imkoniyatlari, shon-shuhrati, obroʻ-eʼtibori ham shu millat kishilari vatanparvarlik tuygʻusining darajasi bilan bogʻliq boʻladi. Ota-bobolarimiz, avlod-ajdodlarimiz uchun Vatanga, eliga muhabbat muqaddas tuygʻu boʻlgan. Ular Vatan, xalq manfaati, milliy qadr-qimmat, or-nomus masalasini hamma narsadan ustun qoʻyganlar, kerak boʻlganda bu manfaatlar yoʻlida oʻz jonlarini, hayotlarini qurbon qilishni oʻzlari uchun sharaf deb bilganlar.
Agar har bir odam oʻzi tugʻilgan qishloq yoki shaharnigina vatanim deb tushunsa, bu mahalliychilik kayfiyatlarini kuchaytiradi, kishilarni muayyan hududda yashayotgan ijtimoiy-etnik birlik sifatida uyushishiga, birlashishiga, butun mamlakat, millat manfaatlarini bir yoqadan bosh chiqarib himoya qilishga toʻsqinlik qiladi. Yaxlit yagona Vatanni tan olmaslik milliy parokandalik, Vatan tanazzulining belgisidir.
Vatanparvarlik tuygʻusi muayyan mamlakatda yashovchi barcha millat va elatlarning vakillarini aniq maqsad va manfaatlar yoʻlida birlashtiruvchi umummilliy gʻoya hamdir. Agar biror mamlakatda yashovchi barcha fuqarolar tarqoq, uyushmagan, umummilliy manfaatlar birligini anglamagan, qabila-urugʻchilik, mahalliychilik, guruhbozlik girdobiga oʻralib qolgan boʻlsa, ularda mushtarak vatanparvarlik tuygʻusi hamda eʼtiqodi boʻlmaydi. Bunday millat kishilarini bir-biriga qarama-qarshi qilib qoʻyib, asoratga olish oson kechadi. Vatanparvarlik tuygʻusi va eʼtiqodi bilan sugʻorilgan milliy birlik, birdamlik, ahillik, hamkorlik, hamdardlik tuygʻusi millatning kuchi va qudratini belgilovchi, istiqbolini porloq qiluvchi maʼnaviy omil va mezondir.
Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans taraqqiyoti milliy va umuminsoniylikka uygʻunlashgan vatanparvarlikni talab etadi. Biz Vatan tuygʻusini mana shunday yaxlit holda, yaʼni dunyoda yagona oʻzbek millati, oʻzbek xalqining farzandi deb, yoshlarni shu ruhda tarbiyalashimiz zarur. Vatanga, uning istiqboliga boʻlgan munosabat maʼnaviyat darajasiga koʻtarilib, inson faoliyatiga maqsad va yoʻnalish berish – vatanparvarlikdir. Vatanparvarlik – bir ijtimoiy etnik guruhga mansub boʻlgan kishilarning oʻz tarixini, tili, madaniyati, urf-odatlarini, milliy obroʻsi, qadr-qimmatini bilish, hurmat qilishi, ularga tayanishi, shu bilan birga boshqa xalqlarning ham obroʻ-eʼtiborini, manfaatlarini hurmat qila bilishni ifodalovchi maʼnaviy mezondir.
Vatanparvarlik – Vatanni ulugʻlashdan tashqari, uning qadr-qimmatini, uning har bir qarich yerini, mustaqilligini himoya qila bilishdir. Vatanparvarlik Vatan taqdiri, uning taraqqiyotining eng masʼuliyatli davrlarida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Birinchi Renessans davrining ulamolaridan Shayx Najmiddin Kubro haqiqiy vatanparvar, qahramon boʻlgani elimizga maʼlum. El-ulus, mamlakat boshiga ogʻir kunlar kelib turganida mamlakatni tashlab ketishni, jonini asrab qolishni oʻzi uchun nomus deb bildi. U qoʻliga qurol olib, jang maydonlarida ajnabiy moʻgʻul bosqinchilarga qarshi kurashda halok boʻldi.
Vatanparvarlik soʻzda emas, balki amaliy ishlarda, xatti-harakatlarimizda namoyon boʻlgandagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanishi kerak. Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, maʼnaviy asoslari mustahkamlanayotgan bir davrda vatanparvarlik eʼtiqodi har birimizning amaliy ishlarimizda, fuqarolarning kundalik faoliyatida namoyon boʻlishi ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bunda har bir inson faoliyatida onglilik bilan fidoyilik birlashmogʻi zarur. Inson Vatanining, xalqning qadr-qimmatini, ahamiyatini ruhan anglab yetgandagina vatanparvarlik uning qalbidan chuqur oʻrin oladi.
Vatanparvarlik bilan bogʻlangan faoliyatning katta-yu kichigi boʻlmaydi. Inson oʻz hayotining har bir daqiqasida, bosgan qadami, qilgan ishi-yu, aytgan soʻzlaridan Vatan oldidagi burchi va masʼuliyatini unutmasligi lozim.
Hovlimiz, koʻchamiz, mahallamiz obod boʻlsin deb koʻchat eksak, uni parvarishlasak, biror joy iflos boʻlsa, uni achinib, kuyib-pishib tozalasak, oilaviy nizolar kelib chiqsa yaxshi niyat bilan oʻrtaga tushib er-xotinni, quda-andalarni yarashtirib qoʻysak, bilimimizni muntazam oshirishga, zamonaviy ilm-fan, texnika va texnologiyalarni qunt bilan egallashga intilsak, ularni hayotga tatbiq etsak, ishbilarmonlik, tadbirkorlik yoʻlidan borib, yaxshi sifatli, arzon mahsulotlar ishlab chiqib, kishilarning ehtiyojini qondirishga oʻz hissamizni qoʻshsak, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlsak, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslikka harakat qilsak va boshqalarda ham vatanparvarlik tuygʻularini oʻzimizda namoyon qilamiz. Xullas, vatanparvarlikning qirralari har birimizning barcha ijobiy xatti-harakatimizda namoyon boʻladi.
Vatanparvarlikni eng oliy tuygʻu sifatida oʻtmish mutafakkirlari alohida qayd etganlar va oʻzlari ham unga sodiq qolganlar. Sitseron (Rumo notigʻi va faylasufi): Bizga ota-onalar, bolalar, yaqin xesh-aqrabolar qimmatlidir, lekin muhabbat bobidagi barcha tasavvurlarimiz birgina “Vatan” degan soʻzda mujassamlashgan. Vatanga nafi tekkudek boʻlsa, qaysi vijdonli odam u uchun jonini berishga ikkilanar ekan! yoki V.Gegel (nemis faylasufi): Maʼrifatli xalqlarning haqiqiy jasorati Vatan yoʻlida qurbon boʻlishga hozir ekanliklarida aks etadi, degan edi.
Yoshlar vatanparvarlik tuygʻusini quyidagilarda qalban anglab yetishlari lozim:
- oʻz xalqini, tarixini yaxshi bilish va u bilan faxrlanish;
- qadimiy obidalar, mislsiz imoratlar, ajdodlar yaratgan moddiy va maʼnaviy meroslarni koʻz qorachigʻiday asrash va avlodlarga taqdim etish;
- xalqimizning, ajdodlarimizning goʻzal va maʼnoli urf-odatlar, rasm-rusum va udumlarini qadrlay bilish, ularni davom ettirish;
- ajoyib vatandoshlar – ajdodlar nomi bilan, ularning ulugʻ ishlari, ijodlari bilan faxrlanish, ularning ishlarini davom ettirish, ularga munosib voris boʻlish;
- Turonzaminni himoya qilib, tomirida oxirgi qoni qolguncha dushmanga qarshi kurashgan bahodirlarni, ayovsiz janglarda halok boʻlgan qahramonlar nomini yod etish;
- bu aziz va goʻzal vatanimizda yuksak eʼtiqod bilan yashash, unga hamisha sadoqatli boʻlishdir.
Vatanparvarlik tuygʻusi yoshlarning oʻz ishiga masʼuliyat bilan qarash, Vatanning boyliklarini koʻz qorachigʻidek asrash, boyliklariga boylik qoʻshishga oʻz hissasini qoʻshish, ilm-fan choʻqqilari sari intilish va boshqalardir. Vatanparvarlik bir soʻz bilan aytganda oʻz ijobiy ishlari, bunyodkorlik harakatlari bilan uning kuch-qudratiga, gullab yashnashiga imkon darajasida hissa qoʻshish, ona yurtda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni saqlashga intilish, xalqaro munosabatlarda Vatan, millat manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyishdir.
Jahonda mamlakat mudofaasining asosiy koʻrsatkichi vatanparvarlik hissi yuqori darajada rivojlangan, fidoyi, bilim va tajribasini Vatanga baxshida etuvchi avlodni tarbiyalash hisoblanadi. Bu, oʻz navbatida, mazkur fazilatlarni shakllantirish mexanizmlarini, rivojlantirish texnologiyasini ishlab chiqishni taqozo etadi. Dunyoda roʻy berayotgan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy va mafkuraviy oʻzgarishlarning shiddati milliy davlatlar oldiga yangi-yangi vazifalar qoʻymoqda. Ular oʻz suverenitetini mustahkamlash, xalqi osoyishtaligini va milliy xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishishning konstruktiv yoʻllarini topish, integratsiyani oʻzaro manfaatlar uygʻunligiga qurish mexanizmlarini yaratishga intilmoqda. Hozirgi davrda xalqimiz eng rivojlangan mamlakatlarga xos hayot darajasiga erishish, yangi jamiyat qurishdek ulugʻvor maqsadlar bilan yashamoqda. Mamlakatimizning zamonaviy va jozibador qiyofasini yaratish, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish vatandoshlarimizning asosiy maqsad-muddaosiga aylandi.
Ayni paytda biz erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolmasligimiz, xotirjamlikka berilmasligimiz lozim. Bu yoʻlda koʻzlagan marralarimizga erishish va yangi jamiyatning mustahkam poydevorini yaratish, Oʻzbekiston dongʻini olamga yoyish bilan bogʻliq dolzarb vazifalarimiz borligini yaxshi anglaymiz.
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston strategiyasi hayotbaxsh xususiyat kasb etmoqda, xalqimizni yorugʻ kelajakka chorlab va yangilanishga safarbar qilib, umumiy maqsadlar yoʻlida birlashtirib turadigan yaxlit maʼnaviy asos va mezonga aylanib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash hamda uning tadrijiy rivojlanishga vatanparvar shaxs sifatida hissa qoʻshish barcha vatandoshlarimizning ezgu orzu umidlaridan biriga aylanmogʻi kerak. Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekiston – barchamizning ezgu orzumiz, mehnatkash, tinchliksevar xalqimizning orzusi. Unda xalqimizning azaliy umid-niyatlari, yuksalish sari intilishlari oʻziga xos tarzda aks etmoqda. Uzoq oʻtmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli gʻoya va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda yangi Oʻzbekiston tushunchasiga jamuljam boʻldi.
Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar yoshlardagi vatanparvarlik va milliy gʻurur tuygʻusini yangi bosqichga koʻtarishni Uchinchi Renessansning obyektiv ehtiyojiga aylandi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yoshlarda vatanparvarlik tarbiyasi, milliy ruhni yuksaltirish hamon dolzarb masala boʻlib qolmoqda.
Uchinchi Renessans rivojida yoshlarning zamon talablari darajasida taʼlim-tarbiya olishi, vatanparvar boʻlishi, shu aziz vatanga daxldorlik hissini kuchaytirishi, salomatligini mustahkamlashi, oʻz kuchi, bilim va salohiyatini yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridandir.
Vatanparvarlik – shaxs maʼnaviyatining ajralmas qismidir. Yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday boʻlishi farzandlarimiz va yoshlarimizning qay darajada vatanparvar ekanliklariga bogʻliq. Hozirgi kunda taʼlim muassasalarida vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirishga yagona ilmiy asoslangan yondashuvni ishlab chiqish kam sonli olimlar guruhining emas, balki butun boshli siyosiy-tadqiqot va fuqarolik jamiyati institutlarining ham muhim vazifasi hisoblanadi.
Mamlakatimizda tinchlikni yoshlarda shakllangan millatparvarlikda, bagʻrikenglikda koʻrish mumkin. Bularning yuksalishi koʻp millatli Yangi Oʻzbekistonning milliy-maʼnaviy taraqqiyotini asosi, desak adashmaymiz. Yoshlarning millatparvarligi milliy-maʼnaviy taraqqiyotni belgilab, ijtimoiy taraqqiyotga katta hissa qoʻshadi. Bu sabab va oqibat zanjirida quyidagicha namoyon boʻladi:
- birinchidan, yangi Oʻzbekiston uchun oʻtmishdan meros boʻlib qolgan tarixiy-madaniy yutuqlarni, tajribalarni, boyliklarni asrash, saqlash va uni rivojlantirish ishlarida;
- ikkinchidan, oʻzbek millati oʻz oykumeniyasini chuqur anglaganligi, millatlararo, etnoslararo tarixiy-madaniy aloqalarni saqlab kelayotganligi, milliy-madaniy integratsiyani yanada chuqurlashtirishga boʻlgan intilishlarida;
- uchinchidan, xalqimiz oʻtmishdan meros boʻlgan qorishiq madaniy-maʼnaviy, etnomadaniy boyliklarni oʻrganish va uni keng targʻib etishda;
- toʻrtinchidan, millatparvarlikni yaqqol namoyon boʻlishi millatimiz va oʻzga millat vakillarini buyuk ajdodlarining ulugʻ nomini tiklash, ular bilan bogʻliq joylarni (xususan, tinchlik, doʻstlik ramzi boʻlgan qahramonlar, xalq yozuvchilarini) obodonlashtirish ishlarida;
- beshinchidan, xalq anʼanalari, amaliy sanʼati, marosimlari, urf-odatlari va bayramlariga yangi ijtimoiy-madaniy mohiyat berish, ularni etnoturizm obyekti sifatida tiklanishda;
- oltinchidan, jamiyatda barcha millatlarni birlashuviga sabab boʻladigan diniy qadriyatlarni qayta tiklash, munosib shart-sharoitlar yaratish, oʻziga xos qonunchilik ishlab chiqishda;
- yettinchidan, milliy davlatchilik anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish, sharqona axloq, odob, maʼnaviyat anʼanalarini yangi avlod tarbiyasiga tatbiq qilish;
- sakkizinchidan, milliy teatr, qoʻshiqchilik, raqs, baxshichilik anʼanalarini rivojlantirib, boshqa tillarda ularni targʻib qilish va folklor maktablarini qoʻllab-quvvatlash kabilarda aks etmoqda.
Uchinchi Renessans yutuqlari sifatida vatanparvarlik tuygʻusining oliy ramzlari xalqimiz, yoshlarimiz qalbidan mustahkam oʻrin olayotganligi nihoyatda quvonchlidir. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi Birlashgan millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida 200 dan ortiq mustaqil davlatlar bayroqlari qatorida magʻrur hilpirab turishini koʻrish va his etish naqadar katta baxt, insonni naqadar kuchli bir tuygʻu va hissiyotga chulgʻab oladi. Davlatimiz mukofotlari – “Oʻzbekiston qahramoni” oliy unvoni, orden va medallar, faxriy unvonlar ham mamlakatimiz fuqarolarida oʻz Vatanidan gʻururlanish tuygʻularini oshirishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqqan holda vatanparvarlik tarbiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Yosh avlodda oʻz “kichik vataniga” muhabbat, vatanga xizmat qilishga, kerak boʻlsa uni qurolli himoya qilishga shaylik tuygʻularini shakllantirish;
- Yoshlar shon-shuhrat tarixi misolida vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash;
- Vatan va ona yurt tarixi va madaniyatini oʻrganish, Vatan himoyachilari xotirasini abadiylashtirish tadbirlarini oʻtkazish;
- Fuqarolarda Oʻzbekiston Respublikasi ramzlari – Gerb, Bayroq, Madhiya, boshqa oʻzbek ramzlari va vatanning tarixiy ziyoratgohlariga gʻurur, chuqur hurmat va ehtirom tuygʻularini uygʻotish;
- Irqiy, milliy, diniy bagʻrikenglikni shakllantirish, xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish;
- Fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonun ustuvorligiga va jamiyat hayotining normalariga hurmat ruhida tarbiyalash.
Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashda vatanparvarlik hissini yoshlarga singdirishda xorijiy davlatlar tajribasi va yutuqlarini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Shu oʻrinda Oʻzbekistondagi tarbiyaviy va vatanparvarlik yoʻnalishi boʻyicha olib borilayotgan ishlar fonida dunyoning qudratli davlatlaridan biri – AQSHda vatanparvarlik tarbiyasi boʻyicha falsafiy paradigmasi va uni amalga oshirish strategiyasi tahlil qilib koʻrsak. AQSHda vatanparvarlikni shakllantirish tarixiy, madaniy, axloqiy, mafkuraviy va hayotiy qadriyatlarni rivojlantirish asosida amalga oshiriladi: “New World Order” (“Yangi dunyo tartibi”).
Bugungi kunda AQSHning dunyodagi roli juda ziddiyatli. Bir tomondan, bu davlat tashqi siyosatida turli usullar bilan dunyodagi ttakchilik mavqeini saqlab qolishga intilsa, boshqa tomondan esa, dunyodagi eng katta, qudratli iqtisodiyotlardan biri boʻlib, oʻz fuqarolarining farovonligini juda yaxshi taʼminlaydi.
AQSH qudratining asosi fuqarolarning vatanparvarligidir. Koʻpchilik Amerika vatanparvarligi noyob hodisa ekanligini taʼkidlamoqda. Amerikacha vatanparvarlikning etnik, milliy yoki lingvistik asoslari yoʻq. Amerika vatanparvarligining mohiyati — “New World Order”da (soʻzma-soʻz “asrlarning yangi tartibi”) — Amerika demokratik qadriyatlarining ustunligiga boʻlgan ishonch. U oʻtmishdagi ideallarga intilmasdan, kelajakka qaratilgan. Vatanparvarlikning markaziy gʻoyalari erkinlik, tenglik va adolat tamoyillaridir. AQSH jamiyatining hayoti ana shu uch gʻoyaga asoslanadi. Ular insoniyat hozirgi paytda erishmoqchi boʻlgan va kelajakda avlodlariga berishni istagan gʻoyalarni oʻzida mujassam etadi. Vatanparvar xarakterining fazilatlari jasorat, masʼuliyat, taʼsischilarga minnatdorchilik va umumiy manfaatlar uchun fidoyilikdir. Amerika xalqining oʻz-oʻzini anglashi Amerika milliy gʻoyasining adolatning maxsus shakli sifatida oʻziga xosligini anglatadi.
Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda AQSH universitetlari alohida oʻrin tutadi. Qoʻshma Shtatlarda 1350 dan ortiq jamoat kollejlari va 2000 ga yaqin kollej va universitetlar mavjud. Xususiy oʻquv yurtlarining umumiy soni 65 foizni tashkil qiladi. Amerika oliy taʼlim tizimi boshqalardan farqli oʻlaroq muhim iqtisodiy, ijtimoiy va mafkuraviy funkwiyalarni bajaradigan, shu jumladan, talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan yagona ijtimoiy institutni tashkil etadigan oʻquv rejalari, kurslari va fanlari mavjud.
AQSHda vatanparvarlikning asosiy tarkibiy qismlari quyidagilarda namoyon boʻladi:
- AQSH Konstitutsiyasiga muvofiq axloq va erkinliklarning amalga oshirilishi vatanparvarlikning asosini tashkil qiladi. Amerikaliklar oʻz huquqlaridan foydalanishni vatanparvarlik deb hisoblashadi. Bu hukumatni ochiq tanqid qilish, siyosatdagi oʻzgarishlarni izlash va umumiy muammolarni hal qilish uchun boshqa fuqarolarni jalb qilish imkonini beradi. 1791-yilda qabul qilingan Konstitutsiya soʻz, matbuot, yigʻilish va din erkinligini cheklashi mumkin boʻlgan qonunlarni qabul qilishga imkon bermaydigan qilib ishlab chiqilgan.
Taʼkidlash joizki, Amerika vatanparvarligi bu mamlakatga yangi hayot izlab kelgan millionlab Amerika fuqarolarini, turli mamlakatlardan kelgan muhojirlarni toʻplaydigan makondir. Agar vatanparvarlik tarbiyasining puxta oʻylangan va samarali dasturi boʻlmaganida edi, AQSH eng qudratli davlatlardan biriga aylanmagan boʻlardi. Biz bu oʻrinda bitta davlatni koʻrib chiqdik, jahonning barcha davlatlarida vatanparvarlikni shakllantirishning oʻziga xos strategiyasi ishlab chiqilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasini vatanparvarlik strategiyasida ham oʻziga xos paradigmal yondashuvlar mavjud. Ular quyidagilar:
Tizimli yondashuv. Tizimli yondashuv vatanparvarlik tarbiyasini oʻrganishda bir yoqlama pedagogik yondashuvni bartaraf etishga, turli fan sohalari (tarix, adabiyot, madaniyat, falsafa, pedagogika) “vatanparvarlik” tushunchasi boʻyicha maʼlumotlarni umumlashtirishga yordam beradi. Yagona davlat siyosati asosida vatanparvarlik tarbiyasi muammolarini hal qilishda respublika va mahalliy hokimiyat organlari, taʼlim muassasalari, jamoat tashkilotlari va ijodiy uyushmalarning oʻzaro hamkorligini belgilash imkonini beradi; oʻquv jarayoni subyektlarining (oʻqituvchilar, oʻquvchilar, ota-onalar va qoʻshimcha taʼlim oʻqituvchilari) oʻzaro bogʻliqligini ochib berish; vatanparvarlik tarbiyasining barcha tarkibiy qismlari (maqsadli, mazmunli, motivatsion, faollik va diagnostik va samarali); oʻquv va darsdan tashqari mashgʻulotlar; ijtimoiy muhit; avlodlar davomiyligini taʼminlash, hozirgi tajribani bugun va kelajak bilan bogʻlash.
Shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuv. Shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuv zamonaviy taʼlimning etakchi yoʻnalishlaridan biridir. Shunday qilib, taʼlim oluvchiga yoʻnaltirilgan yondashuv shaxs maʼnaviyatining paydo boʻlishi, uning tabiiy, biologik va ijtimoiy tabiatini anglash imkonini beradi. Taʼlimning maqsadi – insonning maʼnaviy boy, axloqiy jihatdan barqaror, ruhiy sogʻlom boʻlishi uchun sharoit yaratishdir. Zamonaviy taraqqiyotni umumlashtirish asosida taʼlimda shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuvning muhim xususiyatlarini ajratib koʻrsatish muhim. Taʼlimning asosiy maqsadi oʻquvchi shaxsini rivojlantirishdir. Shaxs oʻquv jarayonini tashkil etishning tizimli omili sifatida ishlaydi; taʼlimning etakchi motivlari, uning qiymati barcha oʻrganish subyektlarining oʻz-oʻzini rivojlantirish va oʻzini oʻzi amalga oshirishga aylanadi; kuchli bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantiradi, shaxsning kompetensiyasini taʼminlash shartiga aylanadi; subyektiv tajribani kiritish orqali oʻquvchining toʻliq malakasi taʼminlanadi; oʻquvchiga yoʻnaltirilgan taʼlimning maqsadi mustaqillik, masʼuliyat, barqarorlik, maʼnaviy tinchlik, fikrlashni rivojlantirishga aylanadi.
Aksiologik yondashuv. Vatanga mos aksiologik yondashuv qadriyat sifatida qabul qilinadi. Aksiologik yondashuvga koʻra, mehnatga, ijodkorlikda bilim olishga va ijodkorlikka qiziqishga aylanadi. Chuqur bitmas-tuganmas vatanparvarlik tuygʻusi shaxsning faol ijodiy pozitsiyasini belgilaydi.
“Vatan” tushunchasining bir qancha maʼnolari bor:
- Bu buyuk tarixga ega buyuk yurt va u tugʻilib oʻsgan, ajdodlari qabri joylashgan, hayotning quvonchu qaygʻusini ilk bor boshidan kechirgan kichik Vatandir. Mintaqashunoslik hayotning “tirik maktabi” sifatida atrofdagi voqelik hodisalari bilan bogʻliqlikni oʻrnatadi. Aksiologik yondashuv oila, nasl, qabila, millat, millatning asosiy qadriyatlarini saqlashga imkon beradi. “Oqil, ezgu, boqiy”, yaʼni azaliy umuminsoniy qadriyatlarga daʼvat bugungi kun maktablari faoliyatida mezondir. Bu yondashuv madaniy-gumanitar yondashuv bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, u ijtimoiy-gumanistik dasturni belgilaydi, faoliyat yoʻnalishini, qadriyatlarini, natijalarini belgilaydi Sivilizatsiyaning moddiy neʼmatlariga emas, balki madaniyatga yoʻnaltirilgan tarbiya shaxsning axloqiy va maʼnaviy rivojlanishi uchun katta imkoniyatlarga ega.
Etnopedagogik yondashuv. Etnopedagogik yondashuv vatanparvarlik tarbiyasiga milliy madaniyat asarlarida ochib berilgan ijtimoiy hodisa sifatida qaraydi va shaxsning milliy va vatanparvarlik ongining sintezini taʼminlaydi. Ushbu yondashuvga koʻra taʼlim oʻquvchilarning lingvistik muhitini, xalqlar, mintaqa mamlakatlari madaniy anʼanalarini hisobga olgan holda quriladi. Bu milliy tafovutlar xiralashishiga, oʻzbek mentalitetiga yot xususiyatlarni oʻrnatishga yoʻl qoʻymaydi. Oʻz-oʻzini tarbiyalashning etnik pedagogikasi vatanparvar shaxsni milliy gʻurur va inson qadr-qimmati yuksak darajada rivojlangan xalq farzandi sifatida shakllantiradi. Milliy madaniyatning boy merosini bilish odamlarning bir-birini bilishi va tushunishiga, millatlararo munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.
Faoliyatli yondashuv. Zamonaviy falsafiy nuqtayi nazaridan faol yondashuv oʻquvchini oʻquv jarayonining subyektiga aylantirish zarurligiga qaratilgan. Faoliyat yondashuvi predmetli moddiy faoliyatni inkor etmaydi, balki oʻquvchi shaxsining motivlari, ehtiyojlari, qiziqishlari, ideallari va eʼtiqodlarini shakllantirish sohasida ustuvor ahamiyatga ega, yaʼni u shaxsiy fidoyilik bilan tavsiflanadi. Oʻquvchi har qanday harakatni amalga oshirishi, vatanparvarlik xarakteridagi faoliyatni tashqi sabablar, odamlar, sharoitlarning taʼsiri bilan emas, balki ichki motivlar va uning oʻzi, oilasi, jamiyat va davlat uchun amalga oshirilishi mumkinligiga ishonchi tufayli amalga oshirishi kerak.
Prezidentimiz Sh. Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimiz harbiy sohadagi davlat siyosati, Qurolli Kuchlarimizning mudofaa salohiyatini oshirish borasida islohotlari mamlakatimizda vatanparvarlikni shakllantirish borasida yangi bosqichi boshlab berildi. Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashib, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitar ekan, sohada koʻp yillar davomida yigʻilib qolgan jiddiy, tizimli muammolarni ham koʻrsatib oʻtib, “Bular – kadrlar masalasi, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga taalluqli muammolardir”, deb taʼkidlagan.
Yangi Oʻzbekistonning yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirish strategiyasida mavjud tajribani modernizatsiya qilish, yoshlarni vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalashning innovatsion va kreativ tendensiyalarini ishlab chiqish va ulardan samarali foydalanish bugungi globallashgan davr talabidir. Yangi Oʻzbekistonda yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalashning quyidagi usullarini taklif etamiz.
Targʻibot usuli. Vatanparvarlikning tarbiyaviy-axloqiy mazmuni va bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni ilmiy-falsafiy jihatdan asoslash, uning zamon talabiga mos usullarini ishlab chiqishdan iborat. Bu borada ilmiy hamjamiyatni oʻzida yuksak vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash, ularga xalqchil vatanparvarlik nazariyasini ishlab chiqish talabini qoʻyish. Mamlakat miqyosida ishlab chiqilgan vatanparvarlikni tarbiyalash boʻyicha nazariyalarni umumlashtirib, uygʻunlashtirib xalq orasida keng targʻib qilish bugungi kun talabidir.
Jamoaviylik usuli. Kosmopolitizm, amoralizm, ludomaniya, nigilizm, starizm jarayonlarini jadallashuvi natijasida insonlarning vataniga va oʻz oilasiga boʻlgan munosabatlari sezilarli oʻzgarib, oila va vatanni saqlab qolishga, himoya qilishga boʻlgan maʼnaviy-axloqiy burchlari tanazzulga uchrab bormoqda. Vatanparvarlik tuygʻusi shakllangan toifalar vataniga nisbatan ijtimoiy-gʻoyaviy tahdidlar vujudga kelganda, jamiyatning siyosiy tizimidagi oʻzgarishlar boʻlib, davlat ogʻir vaziyatga tushib qolganda, mamlakatni iqtisodiy inqirozlar oʻz domiga tortayotgan pallada barcha muammolarini unutib jamoaviy birlashishi, mushtarak gʻoya atrofida jipslashishi ona yurtni ozod diyor sifatida saqlab qola olishini anglab etadigan toifani shakllantirish lozim. Bunda Vatan manfaati yoʻlida xizmat qilish amaliy xarakterga ega boʻlishi, bu esa vatanparvarlikning sharti va mazmunigina emas, eng muhimi, uning mezoni: Vatan uchun haqiqiy amaliy harakatlar kerak, “Vatan menga nima berdi emas, men vatan uchun nima qildim” shiorini shakllanishi bilan izohlanadi.
Anʼanaviylik usuli. Yoshlarning kundalik turmushi bilan bogʻliq boʻlgan, tarixan shakllangan, avloddan avlodga oʻtuvchi gʻoya, qoida, urf-odat, xulq-atvor meʼyorlarida namoyon boʻladi. Yoshlarni milliy qadriyatlarga, ilgʻor anʼanalarga, axloqiy tamoyillarga, yuksak madaniyatga sodiqlik kabi xislatlarini hosil qilmasdan turib vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalab boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekistonda barpo etilayotgan fuqarolik jamiyatining asosiy maqsadi ham Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligiga befarq boʻlmagan avlodni shakllantirishdan iborat. Bunda milliy va umuminsoniy qadriyatlar pragmatik asos boʻlib xizmat qiladi.
Qadriyatlar ustuvorligi usuli. Bu asosan, qiymat kategoriyasiga ega:
- biz nimani himoya qilamiz, biz nimaga intilyapmiz, maqsadimiz nima, vazifamiz nima? Ushbu konsepsiyaning mazmuni qator ijtimoiy omillar bilan bogʻliq. Birinchidan, davlat, jamiyat va xalq oldida turgan vazifalar: Vatanni himoya qilish, bosqinchilardan ozod qilish, Vatan manfaati uchun mehnat qilish. Ikkinchidan, odamlarning ushbu vazifalarni anglash darajasi, muayyan ijtimoiy jarayonni (urushlar, inqiloblar, xalq xoʻjaligini tiklash, mamlakat taraqqiyoti va rivojlanish) tahlil qila olish qobiliyati.
Zamonaviylik usuli. Qiyinchiliklar, toʻsiqlar, nomutanosibliklar, hatto jinoiy harakatlarning oshib borishi ham sof vijdonli kishi qalbida Vatan tuygʻusini, agar u chuqur eʼtiqodga aylangan boʻlsa, oʻchirolmaydi. Rang-barang maqsad va manfaatlarga ega ijtimoiy guruhlar mavjud ekan, umummaqsadni turlicha, goho bir-biriga zid tarzda idrok etish ham saqlanib qoladi. Yangi-yangi avlodlarning tugʻilishi, hayot sahnasiga chiqishi jamiyat oldiga yangi-yangi muammolarni koʻndalang qoʻyaveradi; aynan ushbu uzlyuksizlik, tadrijiylik ijtimoiy hayotning ham uzluksiz, tadrijiy davom etishini taʼminlaydi.
Bugungi kunda yoshlarda vatanparvarlik asosan uch bosqichda shakllantiriladi va rivojlantiriladi:
- bilish – Vatan toʻgʻrisidagi qadriyatlarni egallash;
- eʼtiqod – vatanparvarlik qadriyatlari toʻgʻrisida olgan bilimlarini eʼtiqodga aylantirish;
- harakat – bu eʼtiqodni amaliy ishlar orqali namoyon etish. Shu bois, yoshlarda vatanparvarlik darajasi koʻrsatkichlarini falsafiy tahlil qilish va baholashda yoshlarning oʻz ona yurti toʻgʻrisidagi qadriyatlarga ega boʻlganlik darajasi, fuqarolik eʼtiqodining shakllanganligi, ijtimoiy-siyosiy faollik darajasini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, Uchinchi Renessansni yaratishda vatanparvarlik har bir insonning oʻzi tugʻilib oʻsgan yurtini, elini eʼzozlash, uning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, maʼnaviy taraqqiyoti haqida qaygʻurish, gʻamxoʻrlik qilish, taraqqiyotiga oʻzining munosib hissasini qoʻshish, oʻz davlati, mamlakatining mustaqilligini saqlash uchun jon kuydirishi va kerak boʻlganda unga oʻz hayotini bagʻishlashga yoʻllaydigan yuksak maʼnaviylik mezonidir.
Shunday qilib, hozirgi oʻzbek vatanparvarligi ota-bobolarimiz, avlod va ajdodlarimiz yaratuvchanlik, bunyodkorlik ishlarining bevosita davomidir. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish uchun hozir har daqiqada ulush qoʻshmoq, Vatanga muhabbat tuygʻusi – vatanparvarlikning asl koʻrinishi va namoyon boʻlishidir. Vatanga munosib farzand boʻlish, uning yeri, suvi, eli bilan chambarchas bogʻliq ekanligimizni teran anglash, uni asrash, ardoqlash vatanparvarligimizning qirrasi.
Yangi Oʻzbekiston – muqaddas Vatan, ota-bobolarimiz yotgan yer, oʻzimiz yotadigan yer. Farzandlarimizni shu zaminga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalblarida shu muborak zaminning har qarichiga mehru muhabbat uygʻotish bugungi kunning eng ustuvor fazilatlaridan biriga aylanayotgani hammamizni quvontiradi.
Otabek Gʻaybullayev,
Samarqand davlat chet tillar instituti
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor,
falsafa fanlari doktori, professor