Albatta, har zamonning oʻz tosh-tarozisi bor. XXI asr insoniyat tarixida iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan va texnologiyada erishilgan ulkan yutuqlari bilangina emas, turli iqtisodiy inqirozlar, ijtimoiy-siyosiy buhronlari bilan ham yodda qoladi. Shu bilan birga, ayni paytda ayrim davlatlarning oʻzaro nizolashuvi, urush va vayronagarchiliklar, siyosiy taranglashuv, ijtimoiy tengsizlik avj olgani, odamlar xotirjamligidan turli guruhlar manfaatlari ustun qoʻyilayotgani, ulkan shaharlarda yaxshi amallardan koʻra fahsh ishlar koʻpayishi ezgulik ustiga qurilgan tamaddunning yemirilishiga xizmat qilmoqda.
Dunyodagi mana shunday murakkab vaziyatda yurtimizda ulkan islohotlar, qadim zamonlarda boʻlgani kabi takrorlanmas bunyodkorliklar amalga oshirilayotgani kishini ikki karra mamnun etadi. Albatta, bu ishlar oʻz natijasini beryapti. Yurtdoshlarimizning farovonligiga xizmat qilyapti. Misol uchun, uysizlar vatan ichra kichik vatanli boʻlayotgani, oliy taʼlim dargohlari koʻpayishi, universitet eshigidan qaytaverib sochi oqarganlar endi cheklovsiz tahsil olayotgani, koʻcha changitib, toʻp tepib yurgan oʻsmirlarning zamonaviy sport zalda shugʻullanib, jahon chempioni boʻlayotgani shunday saʼy-harakatlarning amaliy natijasidir.
Oʻtgan yili poytaxtimizda boshlangan ulkan bunyodkorlik loyihasi — Chirchiq va Qorasuv daryolari oraligʻida, 20 ming gektar maydonda qurilayotgan Yangi Toshkent shaharsozlik madaniyatining yirik namunasi boʻlishi kutilmoqda. Bu bejiz emas. Davlatimiz rahbari “Bugun poydevori qoʻyilayotgan maskanlar koʻp yillar xalqimiz maʼnaviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-maʼrifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qoʻshadi, deb ishonaman”, deb taʼkidlar ekan, bu loyiha kelajak avlodga katta meros, ilm-maʼrifat maydoni sifatida qolishini nazarda tutgan edi.
Bunga asos ham bor. Loyiha doirasida toʻrt qavatli, oʻz bagʻriga bir vaqtning oʻzida 1500 ga yaqin kitobxonni sigʻdirishi moʻljallanayotgan Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi barpo etilmoqda.
Eng muhimi, bu shahar ekologik toza, milliy va dunyoviy meʼmorchilik namunalarini oʻzida mujassam etishi bilan ham ahamiyatli. Mazkur qurilishning yana bir jihati borki, uni aytmasdan jim turib boʻlmaydi. Bu yerda koʻplab yurtdoshlarimiz qatori yillar davomida oʻzga yurtda, oilasidan olisda yurgan vatandoshlarimiz ishlayotgani koʻngilni ravshan qiladi.
* * *
Erta bilan ishxonadan berilgan topshiriq sabab mashinada “Qaydasan, Yangi Toshkent?” deya yoʻlga tushdim. Maqsad bu yerda ishlayotganlarning kayfiyati, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish edi.
Xalqimizda “Yoʻlga chiqqan — yoʻldan topar” degan maqol bor. Yoʻl-yoʻlakay haydovchi savol bilan yuzlandi:
— U yerda biron tanishingiz ishlaydimi?
Kutilmaganda berilgan bu savolga qisqa qilib:
— Yoʻq, — javob berdim.
— Men ham oʻsha tomon ketyapman. Hamroh boʻlganingiz soz ish boʻldi.
— Nima, biron yumushingiz bormi?
— Yoʻq. Oʻgʻlimni koʻrgani boryapman. U quruvchi. Yaqinda oʻsha joyga ishga kirdi...
Bir muddat sukutdan soʻng u tugallanmagan gurungni davom ettirdi:
— Xudo bizga bir oʻgʻil berdi. Uch yildan ortiq muddat xorijda ishladi. Unga “Oʻz uying — oʻlan toʻshaging, shu yerda ishlayver”, deb qayta-qayta aytishimga qaramay, odamlarning gap-soʻziga qiziqib, chet elga ketib qoldi. Topgan puliga yangi uy koʻtardi, uylandi. Yaqinda ishxonasidan taʼtil olib kelgandi. Rosa sogʻingan ekanman oʻziyam. Bolamning yana begona yurtga ketishini istamadim. Yangi Toshkentda ishlash boʻyicha eʼlonni koʻrib qolgandim. Odam odamga gʻanimat, bugun bormiz — ertaga yoʻq, deya ishga kirish uchun suhbatga borishga koʻndirdim. Nasibasi qoʻshilgan ekan, ishli boʻldi. Kunora boʻlmasa ham haftada bir marta bizni, farzandini koʻrib ketadi. Inson uchun eng katta boylik — toʻrt koʻz tugallik, xotirjamlik…
Haydovchining gurungi bilan olis yoʻlimiz bir qadam boʻldi. Sherigim mashinadan tushib qurilish maydoniga kirmay, oʻgʻlini kutish joyida qoldi. Atrofda ustalarning baqir-chaqiri, yuk mashinalari koʻtarayotgan chang, qurilish jarayoniga haybat bagʻishlab turgan, ogʻir yuklarni koʻtarib, bir joydan ikkinchi joyga olib oʻtayotgan kranlar ishning shiddatini namoyon etadi.
Qurilish jarayonini kuzata turib, quruvchilardan birini suhbatga tortaman:
— Bu yerga ishga kelishimdan oldin ancha yil Rossiyada ishladim. Soʻng Yangi Toshkentga ishga qabul qilishayotganini ijtimoiy tarmoqlarda oʻqib qoldim. Eʼlondagi raqamlarga qoʻngʻiroq qilib, suhbatdan oʻtgani keldim, — deydi quruvchi Sirojiddin Sayfiddinov. — Menimcha, har bir inson yurtida, oilasi davrasida ishlashni xohlaydi. Bu yerda shartnoma asosida ishlayapmiz. Chet eldagidan kam boʻlmagan ish haqi berilyapti. Yashash, ishlashimiz uchun barcha sharoit bor.
Mutasaddilarning aytishicha, hozir Yangi Toshkent qurilishiga 1500 ga yaqin ishchi qabul qilingan. 11 mingga yaqin ishchi kuchi zaxirasi hozirlangan. Loyihaning keyingi bosqichlari ishga tushishi bilan yana ishchilar qabul qilinadi.
Qurilish jarayonini kuzatar ekanman, bu yerga ish soʻrab murojaat qilayotganlar hali ham koʻpligi guvohi boʻldim. Albatta, besh qoʻl barobar emas, ish soʻrab kelayotganlar orasida tajribasi yoʻqlar ham topiladi. Mutasaddilar qurilish koʻlami kengligi sababli buning ham yechimini topibdi. Endi Qibray kasbiy koʻnikmalar markazi negizida Qurilish va uskunasozlik kasb tanlovi markazi tashkil etiladi.
— Bu markazda yurtdoshlarimiz qurilishning turli sohalari va uskunasozlik boʻyicha oʻqitiladi, — deydi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova. — Markaz yoz fasli oxirida ishga tushiriladi. Bir yilda 1,5-2 ming kishini oʻqitish koʻzda tutilgan. Bu jarayonga xorijiy qurilish kompaniyalarining ish beruvchilari, qurilish boʻyicha mutaxassislari taklif qilinadi. Ular qurilish sohasidagi zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻrgatadi. Eng muhimi, bu markazda oʻqiyotganlar Yangi Toshkent loyihasida amaliyot oʻtab, bilimini amaliyotda mustahkamlaydi. Oʻqishni tugatganidan soʻng loyihaning keyingi bosqichlarida ishga yoʻnaltiriladi.
Bu yerdagi imkoniyat, shart-sharoit bilan tanishar ekanman, doʻstim Obid xayolimga keldi. U bir vaqtlar uchuvchi boʻlishni orzu qilardi, ammo...
“Qush uyasida koʻrganini qiladi” degan iborani koʻp eshitganmiz. Keling, buni migratsiya masalasiga bogʻlasak. Bir vaqtlar xorijga chiqib ishlash aksariyat odamlar uchun iqtisodiy muammolarning yagona chorasi edi. Maktab oʻquvchilaridan orzusi haqida soʻralsa, aksariyati chetga chiqib ishlamoqchi ekanini aytardi. Boisi otasi, akasi, boshqa tanishlari oʻzga yurtlarda mehnat qiladi.
Koʻpga kelgan toʻy qishloqdoshlarimni ham chetlab oʻtmadi. Dehqonchilik va chorvachilikka qanoat qilmay, aniqrogʻi, yoz boʻyi qilingan mehnatni arzimas narxga pullagan, roʻzgʻordan orttirib biror ish qila olmagan hamqishloqlar xorijga ish izlab ketdi. Sinfdoshim Obidning otasi ham koʻp qatori shu yoʻlni tanladi.
Oʻqituvchilarimiz Obidning yaxshi mutaxassis boʻlib yetishishiga ishonardi. Chunki u matematikadan koʻplab musobaqalar gʻolibi edi. Oʻzi esa bir kun kelib uchuvchi boʻlishini aytardi. Sinfdoshlarimiz ham unga “Uchuvchi” deb nom qoʻyib olgandi.
Otasi xorijga ketganidan soʻng Obid darslarda kam qatnashadigan boʻldi. Asosan qishloqdagi sheriklari bilan kimningdir oʻchoq-ayvonini qurib bersa, yana kimningdir tomorqa yumushlari bilan andarmon boʻlardi. Shu tariqa uch farzandning masʼuliyatini yelkasiga olgan onasiga koʻmaklashardi. Bora-bora Obid maktabga kelmay qoʻydi.
Oradan bir necha yil oʻtib, otasi chet eldan qaytdi. Koʻp pul emas, oʻzi bilan ogʻir dardni olib keldi. Shusiz ham ogʻir ahvoldagi oilaning boshiga yangi bir sinov tushdi. Otasi qaytganidan soʻng Obid bir yilcha qoʻshni tumanlarda, shaharlarda qurilish sohasida ishladi. Tirikchilikning u kirmagan koʻchasi qolmadi. Topgan pulining bir qismi otasini davolatish uchun, yana bir qismi boshqa kamchiliklar uchun sarflanardi. Bu orada uning ham ishlash uchun xorijga ketgani haqida eshitdim. Otasi esa oyoqqa turib, qishloqdagi fermerga yordamchi boʻlib ishga joylashibdi.
Oradan oʻn yilcha vaqt oʻtgan boʻlsa-da, u hamon chet elda. Qishloqdagi ikki farzandi, ayoli va ota-onasi holidan bir yilda bir xabar oladi. Uy-joyi yaxshi, bolalari tumandagi xususiy bogʻchada tarbiyalanadi. Faqat ular ota mehrini koʻrmay oʻsyapti.
Quyosh ufq tomon botib borarkan, safarim qaridi. Xorijdan kelib ter toʻkayotgan yurtdoshlarimizning bolalari kun kelib, ortimizda bunyod etilayotgan maktablarda, universitetlarda oʻqisa, ajabmaski, otalari bosib oʻtgan muhojirlik yoʻli ularning hayotida takrorlanmaydi, bu oʻgʻil-qizlar yurt rivoji uchun javlon uradigan, zamonaviy dunyoning yangi kasblarini mukammal biladigan insonlar boʻlib kamolga yetadi, degan orzular gʻujgʻon edi xayolimda.
Shu oʻy bilan mashinada qaytarkanman, Obiddan xabar keldi: “Ertaga uyga qaytaman”. Uni oʻqib, ehtimol, doʻstim ham Yangi Toshkent qurilishi maʼmuriyati bilan telefon orqali gaplashgan, shu yerda ishlab, vatanda tomir yozar, degan fikr xayolimga keladi. Koʻnglim birdan ravshan tortadi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri