Hujjatga koʻra, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan issiqxona xoʻjaliklarini iqlim sharoiti qulay boʻlgan Surxondaryo viloyatiga bosqichma-bosqich koʻchirish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlash nazarda tutilgan.

Qarorda belgilanishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xoʻjaliklarini koʻchirishdan boʻshagan yer uchastkalarida ijarachilar tomonidan hududning ixtisosligidan kelib chiqib, intensiv bogʻdorchilik, uzumchilik va koʻchatchilik yoʻnalishlarida faoliyatini davom ettirish yoki “yashil bogʻlar”ni barpo etishga ruxsat beriladi.

Davlat mulki boʻlgan va tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalaridagi issiqxonalar faoliyati toʻxtatilib, yer uchastkalarida bino va inshootlar qurish (kapital qurilish) ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyoʻl, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida koʻmir, mazut va atmosferaga zararli yoqilgʻilardan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish va davlat roʻyxatidan oʻtkazishga ruxsat berilmaydi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyoʻl, Zangiota va Toshkent tumanlarida issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish toʻliq toʻxtatiladi va mavjud shartnomalar belgilangan tartibda gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi.

Ushbu tumanlarda issiqxonalar tomonidan isteʼmol qilinadigan suv resurslari uchun toʻlovlar (soliq stavkasi) sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi.

Soliq kodeksiga Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyoʻl, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi issiqxonalar egallab turgan yer maydonlari uchun yer soligʻi va koʻchmas mulk uchun mol-mulk soligʻi stavkalarini amaldagi bazaviy stavkalarga nisbatan 10 baravar (yoki yuqori oshirilgan koeffitsiyentlarda) miqdorida qoʻllashni nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritiladi.

Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun qator moliyaviy yengilliklar beriladi. Jumladan, 2028-yil 1-aprelga qadar “Surxon-Agro” zonasi hududiga koʻchadigan issiqxonalar uchun issiqxona konstruksiya va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar 1 sotix yer maydoni uchun bir martalik, biroq 500 ming soʻmgacha miqdorda qoplab beriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentyabrga qadar “Surxon-Agro” zonasining master rejasini ishlab chiqish, xorijiy investorlarni jalb qilish va issiqxonalarni koʻchirish bilan bogʻliq subsidiya mexanizmlarini joriy etish vazifalari belgilandi.

Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari va mutasaddi rahbarlar zimmasiga yuklatildi.