Bayroqqa hurmat — yurtga muhabbatdan dalolat

    Dunyodagi barcha davlatlarda milliy bayroqqa nisbatan hurmatsizlik, ya'ni uni kamsitish davlatga qarshi jinoyat deb hisoblanadi hamda qonun yo'li bilan jazolanadi.

    Milliy timsollar va ramzlarning har biri o'zligimiz va g'ururimizni rivojlantirishga xizmat qilib, milliy yuksalishning hayot darsligi, eng kuchli tarbiya vositasidir.

    O'ttiz yildirki, O'zbekiston davlati tomonidan milliy tariximizni tiklash, o'zligimizni anglash orqali mard va jasur, mehnatkash xalqimiz ulug' avliyo-ajdodlarimiz xotirasiga munosib ehtirom ko'rsatib, boqiy an'analar hamda umumqadriyatlarimizni asrab-avaylab, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari zaruriy poydevor yaratish yo'lida sa'y-harakatlarni izchillik bilan amalga oshirib kelmoqda. Bunday jarayonlarda xalqimizning tarixiy an'analari va milliy qadriyatlari hamda madaniy-ma'naviy merosini o'zida to'liq aks ettirgan milliy bayrog'imiz – yalovimiz muqaddas ramz sifatida beqiyos ahamiyatga egadir.

    “O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida”gi Qonun mamlakat Oliy Kengashining navbatdan tashqari VII sessiyasida (1991-yil 18-noyabr) qabul qilindi. So'nggi yillarda mazkur Qonunga bir nechta o'zgartirish hamda qo'shimchalar kiritildi, hujjat yangi tahrirda qabul qilindi, yangi moddalar bilan boyitildi. Misol uchun, 5-moddaga kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, nodavlat tashkilotlarning hujjatlari yoki materiallari tafsilotlariga Davlat bayrog'ining elementlarini kiritishga yo'l qo'yilmaydi. Bundan tashqari, Davlat bayrog'i tasvirini aks ettiruvchi belgilar tijorat maqsadlarida tovarlar yoki sotishni targ'ib qilish uchun ishlatilishi mumkin emas. Aslini olganda, milliy tarixiy qadriyatlar asosida yaratilgan, o'tmish, bugun va kelajakni aks ettiruvchi Davlat ramzi bo'lmish bayrog'imizni hurmat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi va majburiyatidir.

    Bayroqlar qadim-qadimdan har bir davlat va jamiyat uchun mustaqillik, ozodlik, tinchlik va osoyishtalik hamda barqarorlik timsoli bo'lib kelgan. Ajdodlarimiz yurt bayrog'ini muqaddas bilib, uni ko'z qorachig'idek asraganlar. Darvoqe, jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qo'liga o'tib qolishi mag'lubiyat bilan barobar turgan. Misol uchun, Buyuk Amir Temur saltanatida ham bayroq davlat va millat g'ururi sanalib, eng ishonchli bahodirlar, sarkardalar tomonidan qo'riqlangan. Dushmanlarga qarshi kurashlarda mardlik va jasorat ko'rsatgan amiru sipohiylarga ehtirom ramzi sifatida maxsus tug' hadya qilingan. Jang paytida Sohibqiron qo'shinlarida bayroqdor, bayroq ko'targan askarlarning ulug'lanishi uchun uning nomiga alamdor yoki alambardor taxallusi qo'shib aytilgan. Zurriyodlari esa bu nomni faxr va g'urur bilan tilga olganlar. Sohibqiron buyrug'iga ko'ra, qo'shinda birgina jangchi qolsa ham bayroqni ko'tarib turishi shart hisoblangan. Bayroqni tushirish qo'shinning ruhiga salbiy ta'sir ko'rsatgan, uning mag'lubiyatini bildirgan.

    Davlatimiz bayrog'idagi yangi chiqib kelayotgan yarim oy, yulduzlar, moviy, oq, yashil ranglar hamda qizil hoshiya chiziqlar uyg'unlikda xalqimiz g'ururi va kelajakka bo'lgan ishonchining ifodasi hisoblanadi. Bayrog'imiz xalqimizning iftixor timsoliga aylandi. Zero, mamlakatimizda o'tkazilayotgan har qanday ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, ayniqsa sport tadbirlari Davlat bayrog'ini tantanali suratda ko'tarish, madhiyamizni kuylash bilan ochiladigan bo'ldi.

    Men fuqaro sifatida quvonib, ozodlik va mustaqillik ramzi bo'lgan bayrog'imizda sehr timsoli bor deyishga xaqliman: uning sehrini his qilmagan qalbda milliy g'urur, Vatandan faxrlanish tuyg'usi bo'lmaydi hisob.

    Prezidentimizning xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog'imiz o'sha mamlakatlar ko'chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalari va mamlakatimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlar hamda nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz sharafi, xalqimizning g'urur va iftixorini yorqin aks ettiradigan omillardan biri ham aynan milliy timsolimiz ramzi – bayroq.

    Vatan himoyasi uchun harbiy qasamyod qilayotgan o'g'il-qizlar bayrog'imiz oldida tiz cho'kib, uni ko'zlariga suradi. Dunyodagi barcha davlatlarda milliy bayroqqa nisbatan hurmatsizlik, ya'ni uni kamsitish davlatga qarshi jinoyat deb hisoblanadi hamda qonun yo'li bilan jazolanadi. Ming yillar osha davlatlar uni ko'z qorachig'idek avaylab-asrab kelganlari bejiz emas. Ozodligimiz, obodligimiz, iftixorimiz va g'ururimiz, shon-shavkatimiz, muqaddas qadriyatlarimiz ramzi bo'lgan bayrog'imiz har birimizga fuqarolik burchi va mas'uliyatini yuklaydi. Bayroqqa bo'lgan munosabatidan kishining Vatanga bo'lgan hurmatini bilib olish qiyin emas. Zero, tarix uchun qisqa muddat bo'lgan o'ttiz yil yurt bayrog'iga chuqur mehr qo'yish, uni yurakka mustahkam o'rnatib olish uchun etarli bo'lsa kerak...

    Karim Normatov,

    tarix fanlari doktori, professor.