Shayx Saʼdiy hazratlarida bunday satrlar bor: “Sen chiroqni koʻrolmasang, chiroq birlan neni koʻrasan”. Anglagan inson uchun bu satrlarda qanchalar chuqur falsafiy maʼno bor, shunday emasmi?
Bugun har bir yurtdoshimiz shohid, mamlakatimizda keng miqyosli islohotlar davri boshlangan, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichi pallasida. Barcha sohalardagi islohotlardan asosiy maqsad – xalqni rozi qilish, inson qadrini ulugʻlash, yashash tarzi, turmush sharoitlarini yaxshilash, farovon hayotni taʼminlash. Muhimi, bu jarayonlarda hech bir yurtdoshimiz tomoshabin emas, balki faol ishtirokchisi.
Yurtdoshlarimiz nafaqat shaxsiy, balki viloyati, mahallasi yoki ovulidagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun harakatda. Deylik, kimdir oʻz tumanida kutubxona ochib, xalqqa ziyo taratishni niyat qilgan boʻlsa, boshqa biri korxona yoki boshqa muassasa ochib, kishilarni ishi qilish tashvishida. Yaʼni xalqimiz mamlakatimizning ertangi kuniga befarq emas.
Prezidentimiz: “Inson qadrini ulugʻlash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi boʻlgan mahalla hal qiluvchi oʻrin tutadi”, deb bot-bot takrorlab keladi.
Mana shu daʼvatga javoban, yaqinda bir guruh ijodkor, sanʼatkor va madaniyat-maʼrifat sohasi faollari “Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt!” shiori ostida Qashqadaryo viloyatining qator tumanlari, qishlogʻu shaharlarida boʻldik.
Olis manzilni koʻzlab yoʻlga chiqqan inson yoʻl-yoʻlakay shirin oʻylar ogʻushiga choʻmadi. Poytaxtdan tezyurar poyezd voha tomon ildamlar ekan, yuragimni entikish, hayajon qamrab oladi. Bahor fasli emasmi, goʻzal kentni ortda qoldirib, birma-bir ajib manzaralar koʻz oldingizda namoyon boʻla boshlaydi. Toshkent viloyatida goʻyoki kelinchak sochini chiroyli taramlab oʻrganiday mehr bilan ishlangan dalalar, paxtazoru gʻallazorlarni koʻrib, “Barakalla, oʻzbek bobodehqoni!” deging keladi. Sirdaryoning bagʻrikeng adirlari, Zarafshonning toshqinligi, Jizzaxning Hamid Olimjon taʼrifi bilan aytganda, “koʻm-koʻk, koʻm-koʻk”likka burkangan salobatli, serviqor togʻlari, Samarqandning Sohibqiron bobomiz asos solgan, bugun yangidan chiroy ochayotgan, gulgun yashnayotgan bogʻu rogʻlarini koʻrib koʻzingiz quvnaydi. Axir shunday oʻlkani sevmay boʻladimi?! Yana qayda bor bunday goʻzallik, bunday tarovat! Qalbim mana shunday tuygʻular bilan limmo-lim toʻlgan mahalda cheksiz kengliklar koʻrinadi. U yogʻi kengliklar, kengliklar yana kengliklar... Xalqim yuragiday toza, mehriday cheksiz, taftiday qaynoq!
Tezyurar poyezd bizni Qarshi shahriga eltadi. Qay bir manzilga bormang, har birida yangilanishlar, oʻzgarishlar, yangi qurilishlar, koʻrkam binolar, ravon yoʻllar. Eh-he, sanab sanogʻiga yetmaysan.
Guruhimiz qoʻngan manzil Kasbi tumani boʻldi. Kasbida ham har bir mahalla, har bir qishloq ahli bilan qizgʻin uchrashuvlarda boʻldik. Tumanning Qamashi qishlogʻidagi shunday uchrashuvlarning birida yonimda oʻtirgan otaxon bilan suhbatlashib qoldim. U kishining soʻzlari meni taʼsirlantirdi: “Qara, qizim, qishlogʻimizda qancha oʻzgarishlar, qancha yangi binolar qurildi. Yana qurilyapti. Yoshim bir joyga borganda, ayni haqiqatni bildim. Shu paytgacha hammamiz hayotimiz qachondir oʻzgarishini kutib yashabmiz. Anglasam, aslida hayot bizning oʻzgarishimizni kutayotgan ekan... Qolaversa, oʻzgarishlarni bir kishiga yuklamasdan, har birimiz oʻzimizning uyimizdan, mahallamizdan, mana shu kichik vatanimizdan boshlashimiz kerak ekan”.
Oʻtgan yili xizmat safari bilan Belarus Respublikasida boʻldik. Biz hafta davomida hamkorlarimiz bilan muzokaralarni bitirgach, yurtga shoshdik. Mehmonxonadan chiqib, aeroport tomon yoʻl oldik. Manzilgacha bir soatlik yoʻl, oʻzaro suhbat avjida. Nima boʻldiki, biz chiqqan yengil mashina va yana old tomonda besh-oltita ulov tezlikni sekinlashtirib, bamaylixotir yura boshladi. Biz hayronmiz, hech kim signal chalmaydi, yoʻl soʻramaydi. Yaxshilab qarab, old tomonda gʻalla kombayni ketayotganini koʻrdim. Qarama-qarshi yoʻnalish boʻm-boʻsh boʻlsa-da, ortdan kelayotgan biror mashina quvib oʻtay demasdi. Birozdan keyingina ulovlar sekin-asta yoʻrgʻalab, kombaynni aylanib oʻta boshlashdi. Shunda ham kombayn haydovchisidan ruxsat soʻraganday tavozeʼ bilan bosh irgʻab, iliq soʻzlar aytib, qoʻl silkib oʻtishardi. U ham bunga javoban qoʻl koʻtarib, oq yoʻl tilardi. Biroz sukutdan soʻng hamrohimiz qiziqishini yashirolmay, haydovchi boʻlmish belarus yigitdan oddiy kombaynchiga bu muomalayu iltifotning sababini soʻradi.
Haydovchi xushchaqchaqqina yigit ekan, jilmaygancha atrofga imo qildi va “bular nima?” deya savolga savol bilan javob berdi. Hamrohimiz atrofga bir qarab, “bu keng dalalar”, dedi. Shunda yigit bosh silkidi: “Yoʻq, bu jannat-ku! Bu dalalar bizni toʻydiradi, rizq beradi. Bu rizqni ekuvchi, yetishtiruvchi, neʼmatlarni yigʻib olib, dasturxonimizga yetkazib beruvchi mana shu dehqon birodarlarimiz. Ular bizni toʻydiradigan, oilamizga barokat va xursandlik olib keluvchi jannatiy insonlar. Ularga hurmat koʻrsatib, bir ogʻiz iliq soʻz, rahmatimizni aytmay oʻtish Xudoga-da xush yoqmaydi”.
Bu javobdan keyin biz bir-birimizga maʼnoli qarab oldig-u, oʻrtaga bir muddat sukunat choʻkdi. Boshqalarni bilmadim, ammo mening tomogʻimga-da bir nima tiqildi...
Biz bugun har narsadan ulugʻ boʻlgan inson qadri haqida koʻp gapiryapmiz. Guvoh boʻlganim hodisa esa har qanday buyruq yo topshiriqlarsiz, dabdabayu shiorlardan xoli samimiy insoniy munosabat, oddiy insonning baland qadr-qimmatiga misol edi.
Amin boʻldimki, har bir mamlakatdagi taraqqiyot, oʻsish va oʻzgarishlar, avvalambor, shu yurtda yashovchi har bir fuqaro qalbida yurtiga mehru muhabbat va fidoiylikdan boshlanadi.
Barqaror taraqqiyot haqida soʻz ketganda, hamisha matonatli yapon xalqi koʻz oldimizga keladi. 1945-yilda Xirosimaga atom bombasi tushgan, Nagasakining kuli koʻkka sovurilgan damda dunyoning koʻpgina mamlakatlari siyosatchilari “Bu yer qargʻish urgan manzilga aylandi, hali beri bu zaminda rivojlanish boʻlmaydi”, deya taxmin etishgandi. Ammo Yaratganning moʻjizasi va yapon xalqining matonati, oʻz yurtiga cheksiz muhabbati sabab oradan ikki-uch yil vaqt oʻtiboq bu “qargʻish tekkan” zaminda daraxtlar ilk kurtak chiqardi, yashillandi.
Bugun 120 milliondan oshiq aholi yashaydigan Yaponiyada ochlik ham, kambagʻallik ham yoʻq. Yaponlar farovonlikda Amerikadan oʻtsa oʻtadiki, kam emas. Vaholanki, bu zaminda hech bir yer osti zaxirasi, na neft, na koʻmir, na-da gaz bor. Bu yurtning eng katta boyligi – Hazrati inson. Oʻz xalqi va oʻz tuprogʻiga boʻlgan cheksiz mehr, insoniy munosabat bor. Ularning yaxshi yashashi va faoliyati uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bor.
Hech ikkilanishsiz aytishim mumkinki, oʻzbek xalqimiz mehru oqibatda, insoniy qadriyatlar boyligi va saxovatda, millatparvarlikda belarus yoxud yapondan aslo kam emas. Va aynan bugungi har bir sohadagi jadal islohotlar tag zamirida xuddi shu xususiyatlarni yuzaga chiqarish, yurtdoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar sari ulugʻ yoʻl mujassam.
Har qanday davlat taraqqiyoti ikki ustunga tayanadi, bu iqtisodiyot va maʼnaviyatdir. Maʼnaviyat, maʼrifati yuksalmagan davlat inqirozga yuz tutishga mahkum. Shunday ekan, avvalo, yoshlarimizga bu sohada keng yoʻl ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlash, ularga hayotda oʻz oʻrinlarini topishiga madadkor boʻlish bugunning eng dolzarb vazifasidir. Maʼrifatli, maʼnaviyati yetuk farzandlarimizning esa oʻz fikri, oʻz mustaqil soʻzi, asosiysi, oldiga qoʻygan yuksak maqsadlari bor.
Har qanday jamiyatda maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlashda adabiyotning oʻrni beqiyos. Maʼnaviyat daraxti ildizlari adabiyot buloqlaridan suv ichadi. Bugun yurtimizda adabiyot vakillariga, ijod ahliga koʻrsatilayotgan eʼtibor asosida ham oʻzbek adabiyotining ertangi istiqboliga gʻamxoʻrlik yotadi.
Mashhur fransuz adibi Mishel de Montenning “Men kitoblarni emas, kitoblar meni yaratdi”, degan oqilona fikri bor. Haq gap. Bugun mamlakatimizda kitob va kitobxonlikka eʼtibor keng va ijobiy tus olmoqda.
Jumladan, joriy yil davomida yosh ijodkorlarning “Birinchi kitobim” seriyasida 38 nomda, “Adib va jamiyat”, “Nazm boʻstoni”, “Tanlangan asarlar”, “Nasr gulshani”, “Shoir va zamon”, “Adabiy meros” va boshqa loyihalarda jami 102 nomda kitob chop etildi, 68 ta yangi kitob taqdimoti oʻtkazildi. Muhimi, oxirgi yillarda ijodkorlarga, qalam ahliga eʼtibor chin maʼnoda yuksaldi, ijodkor qadr topdi. Shunda beixtiyor buyuk shoirimiz Choʻlponning “Adabiyot yashasa – millat yashar”, degan misralari xayoldan oʻtadi.
Haqiqatan, biz buyuk xalqmiz, bizning koʻplab xalqlar, millatlar havas qilsa arzigulik qadim va buyuk mumtoz adabiyotimiz bor. Shu millatning bir ijodkori sifatida ishonch bilan ayta olamanki, bizning yana koʻplar havas qilsa arziydigan zamonaviy adabiyotimiz, baland sheʼriyatimiz bor. Endigi masala - berilayotgan imkoniyat, yaratilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanib, adabiyotimizning yorqin namunalari hisoblangan betakror, jahon adabiyoti durdonalari bilan bemalol bellasha oladigan asarlarimizni xorij tillariga tarjima qilish, dunyoga chiqish va tanitish. Zero, bu haqda davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham batafsil soʻz yuritilgan.
Shu oʻrinda gruzin shoiri Shota Rustavelining quyidagi misralarni keltimoqchiman: “Ulugʻ yoʻl kutayotganda, sustkashlik jinoyatdir”. Nazarimda, bugun mana shu soʻzlar har birimizga daxldor. Vatan taraqqiyoti uchun har bir yurtdoshimiz jipslashmogʻi, taraqqiyotning ulugʻ yoʻlida kamarbasta boʻlmogʻi, bu maqsad har birimizning sharafli burchimiz, maqsadimizga aylanmogʻi lozim.
Zilola XOʻJANIYOZOVA,
shoira, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi