“Navbatdagi” deyishimiz boisi, tuman shifoxonasida birinchi marta buyrak koʻchirib oʻtkazilayotgani yoʻq. Shifoxonada ushbu amaliyotni qoʻllash boshlangandan buyon oʻtgan bir yilga yaqin davr mobaynida oʻnlab bemor sogʻayib ketdi.

Oʻtgan yildan buyon gemodializ muolajalarini olib kelayotgan bemor Zohid Qarshiyevga akasi Komil Qarshiyev oʻzining bir buyragini berdi. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli yaxshi, shifokorlar nazorati ostida salomatligi tiklanmoqda.

— Hayotimni saqlab qolgan va bu muhim operatsiyani muvaffaqiyatli oʻtkazgan shifokorlarga rahmat aytaman, — deydi Zohid Qarshiyev. — Yaratganga shukr, hozir oʻzimni yaxshi his qilyapman. Bunday murakkab jarrohlik amaliyoti narxi qimmatligi, asosan, xorijda qilinishi haqida eshitib, toʻgʻrisi, hayotdan umidimni uzgan edim. Qarangki, hammasi men uchun bepul amalga oshirildi. Yangi umid va ishonch paydo boʻldi. Nasib qilsa, sogʻayib, oʻz mehnatim bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshaman.

Buyrak koʻchirib oʻtkazish bugungi tibbiyotda katta yangilik emas. Biroq yaqin yillargacha yurtimizda bu kasallikni davolash amalda ilojsiz boʻlib, imkoniyati borlar xorijga borib, katta pul evaziga ­davolanib kelardi. Bu amaliyot respublikamizda ham yoʻlga qoʻyilishi sogʻliqni saqlash tizimidagi inqilobiy oʻzgarish boʻldi, deyish mumkin. 2017-yilda Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida birinchi marta buyrak koʻchirib oʻtkazilgandan buyon bu muassasadan mingdan ziyod bemor dardiga shifo topib chiqdi.

Hozirgi paytda mazkur markaz mutaxassislari tomonidan bu turdagi operatsiyalar nafaqat viloyat markazlari, balki olis tumanlarda ham mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Bugun Jizzax viloyati ahliga xizmat qilayotgan jami 228 ta sogʻliqni saqlash muassasasi, jumladan, 16 ta viloyat shifoxonasi va tibbiyot markazi, 3 dispanser, 13 ta tuman, shahar tibbiyot birlashmasi, 35 oilaviy, 13 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 76 ta shifokorlik hamda 72 ta mahalla tibbiyot punktining barchasi keyingi besh-olti yilda zamonaviy binolar, eng soʻnggi rusumdagi asbob-anjomlar bilan taʼminlandi.

Xususan, bu davrda kardiologiya va endokrinologiya kabi ikkita markazning yangi binolari qurildi hamda eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, tibbiyot ilmining soʻnggi yutuqlari asosida davolash ishlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada kardiologiya markazida uch yil davomida yurak-qon tomir kasalliklari bilan bogʻliq 5 mingdan ortiq murakkab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti bajarildi. Hozir 12 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyatdagi barcha filiallarida yuqori texnologiyali tibbiy muolajalar amalga oshirilmoqda.

— Bugungi kunda viloyatda 50 yoshdan katta aholining 25-30 foizi yurak ishemik kasalligi bilan dispanser nazoratida turadi, — deydi markazning angiografiya boʻlimi boshligʻi Shahzod Asqarov. — Shunisi ahamiyatliki, aholining juda koʻp qismi markazga yurak ishemik kasalligi sababli birinchi yordam olish maqsadida muro­jaat qiladi. 2023-yil boʻyicha yurak xuruji bilan tushgan 116 bemorning 37 nafarida erta diagnostika qilinmagani sababli mio­kard infarkti tashxisi qoʻyilgan. Yangi keltirilgan angiografiya apparati minglab ­bemorlarning nafaqat sogʻligʻini tiklashga, balki hayotini saqlab qolishga ham imkon beradi. Mazkur boʻlim faoliyat koʻrsatishi natijasida bir yilda 100 dan ortiq miokard infarkti oʻz vaqtida davolandi va 300 dan ziyod infarktning oldi olindi.

Tizimdagi islohotlarda qishloq aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatishni yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. Keyingi besh-olti yil ichida barcha tumanlar markaziy shifoxonalari davlat dasturlari asosida yo qayta qurildi, yo toʻliq taʼmirlandi.

Malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatish borasida ilgʻor chet el klinikalari davolash usullari, yuqori texnologik operatsiyalarini viloyatda amaliyotga tatbiq etish maqsadida Germaniya, Rossiya, Turkiya, Hindiston bilan 11 ta memorandum imzolangan. Natijada 52 mutaxassis chet eldagi klinikalar va markazlarda malaka oshirib qaytdi. Bugungi kunda tizimdagi mavjud ixtisoslashtirilgan markazlarda 12 ta soha boʻyicha maxsus qayta tayyorgarlikdan oʻtib kelgan mutaxassislar ishlayapti.

— Davlatimiz rahbarining «Oʻzbekis­ton — 2030» strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmonida xalqimiz salomatligini saqlashda oldimizga yangi vazifalar qoʻ­yildi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash bosh­qarmasi boshligʻi Maxmarasul Umarov. —

Eng asosiy vazifa esa sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, kasalliklar ­profilaktikasi, yaʼni kasalni davolashdan koʻra, uning oldini olishga eʼtibor qaratish hisoblanadi.

Kasallikning oldini olish ilgaridan tibbiyotning muhim sohasi boʻlib kelgan boʻlsa-da, asosiy resurs va kuch davolash ishlariga sarflangan. Mamlakatimizda profilaktikaga, kasallikka emas, uni keltirib chiqaradigan omillarga qarshi kurashish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilishi yil dasturida ham oʻz aksini topishi juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ishdir.

Zero, aholining muayyan qismidagi kam harakatlanish, pala-partish ovqatlanish, semirish natijasida turli kasalliklarga chalinish koʻpayib borayotir. Kasalni davolashdan koʻra, uning oldini olish muhimligi haqidagi oddiy hayotiy qoidaga koʻpchilik rioya qilmasligi tashvishlanarli.

Oʻtgan yili viloyat aholisi tibbiy xatlovdan oʻtkazilganida ularning 40 foizdan ziyodi jismoniy faol emasligi va 30 foizdan koʻpi toʻgʻri ovqatlanmasligi aniqlandi. Mana shular oqibatida aholida ortiqcha vazn, qon bosimi, yuqumli boʻlmagan kasalliklar koʻp uchramoqda.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, viloyat sogʻliqni saqlash tizimidagi ishlar koʻzlangan asosiy maqsadga — bu xizmatdan odamlarni rozi qilishga olib kelmoqda.

Farhod NEʼMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri