Ummon Sultonligi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻlami kengayadi

    Xalqaro hamkorlik 31 Yanvar 2024 532

    Joriy yil 1-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ummon Sultonligining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Vafa bint Jabr Nosir al-Busaydiy bilan uchrashdi.

    Kun tartibida — savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalasi boʻldi. Ummon tomoni oʻzaro tovar ayirboshlash koʻlamini kengaytirish va hajmini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni koʻrishga tayyorligini taʼkidladi.

    Oʻzaro manfaatli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Jumladan, ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari, yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari va mintaqaviy transport infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish.

    Ikki davlat oʻrtasidagi amaldagi barcha kelishuvlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, ikki tomonlama hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash, ishbilarmon doiralar oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish maqsadida Qoʻshma ishchi guruhi tuziladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.