Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-iyun kuni qabul qilingan “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi tuzish, hokimlar hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash vazifasi belgilangan edi.

Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yangi qaror loyihasi tayyorlandi.

Maktab reytingini aniqlaydigan indikatorlarni yaratish jarayonida xorijiy tajribalar oʻrganilib, xususan AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Avstraliya, Shveysariya, Gollandiya, Kanada va Ukraina kabi davlatlarda umumtaʼlim muassasalari reytingini baholash metodikasi chuqur tahlil qilindi.

Milliy reyting indikatorlarini ishlab chiqish jarayonlariga fan metodistlari, malakali pedagoglar hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari jalb etildi. Qaror loyihasini tayyorlash doirasida bir necha bor davra suhbatlari tashkil etildi. Shuningdek, qaror loyihasini 39 ta vazirlik va idoralarga kelishish uchun hamda regulation.gov.uz portaliga umumxalq muhokamasi uchun joylashtirildi va bildirilgan takliflarga asosan yana-da takomillashtirib qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hamda akademik litseylar reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

Qarorga koʻra, Taʼlim inspeksiyasi har yili 1-sentyabrga qadar Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda akademik litseylar reytingini eʼlon qiladi.

Shu bilan birgalikda, maktablar reytingi natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyatiga baho berishda ham inobatga olinadi.

Bundan tashqari, akademik litseylar faoliyatining samaradorligi boʻyicha monitoring yuritilib, reyting koʻrsatkichlari past boʻlgan taʼlim tashkilotlariga nisbatan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan chora-tadbirlar belgilanadi va amalga oshiriladi.

— Taʼlim inspeksiyasi tomonidan soʻnggi ikki yilda maktablar reytingi eʼlon qilinib kelinayotgan edi, — deydi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev. — Birinchi marta Xalq taʼlimi vazirligi va hududiy xalq taʼlim boshqaruv organlari tomonidan tavsiya qilingan maktablar reytingga jalb qilingan boʻlsa, oʻtgan yili tasodifiylik tamoyili asosida 10 foiz maktablar tanlab olingan edi. Endi yangi qaror boʻyicha barcha maktablar reytingga jalb qilinadi. Baholash mezonlariga ham bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Taʼkidlanganidek, reyting natijalari har yili yangi oʻquv yili boshlanishidan kechikmay Taʼlim inspeksiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida yoritiladi, Har yili umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligi monitoring qilinib, koʻrsatkichlari past boʻlganlarining faoliyatiga oid tahliliy maʼlumotlar taʼlim sohasidagi vakolatli organlar va tashkilotlarga taqdim etiladi.

— Reyting natijalaridan kelib chiqib, direktorlar va ularning oʻrinbosarlari, oʻqituvchilar, tegishli hududlar va ularning taʼlim boʻyicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi, — deydi U. Tashkenbayev. — Rahbar xodimlar, pedagog va oʻqituvchilarning faoliyati samaradorligini hisobga olib, moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Reytinglash tizimi orqali qaysi maktablarda taʼlim sifatiga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani, qaysilarida esa oqsashlar kuzatilayotgani aniqlanadi. Bu esa oʻqitish sifati yomon boʻlgan maktablar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish, ularda taʼlim darajasini oshirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish imkonini beradi.

Aytish joizki, hokimlar hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholashda bir nechta maktab bitiruvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha tayyorgarligi va taʼlim sifati, oʻquvchilarning chet tillarini bilish darajalari, 11-sinf bitiruvchilarining bandlik koʻrsatkichi, taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida sodir etilgan jinoyatlar ulushi inobatga olinadi. Shu bilan birga, maktab pedagoglarining sifati (salohiyat), oʻqituvchilarning chet tillarini bilish darajasi, taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va oʻquv-tarbiyaviy muhitni qoʻllab-quvvatlash uchun tuman (shahar) mahalliy byudjetining orttirilgan mablagʻlari hisobidan qilingan qoʻshimcha xarajatlari hajmiga qarab baholanadi.

Ushbu koʻrsatkich Moliya vazirligi maʼlumoti asosida shakllantiriladi.

Soʻnggi sakkizinchi koʻrsatkichda esa taʼlim muassasasida maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv tarbiyaviy muhit kabi mezonlar inobatga olinadi. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida baho beriladi.

Yuqorida sanab oʻtilgan mezonlar boʻyicha barcha maktablar baholanadi va natijalar tuman va shaharlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent kesimida eʼlon qilinadi.

Bundan tashqari, qaror bilan bevosita maktab direktori, uning oʻrinbosarlari va pedagog jamoa faoliyatini baholash boʻyicha ham alohida mezonlar tasdiqlandi. Bunda reytingni aniqlashga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun ishchi guruhlar tomonidan har yili davomida Taʼlim inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi birgalikda qurʼa tashlash orqali tanlab oladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ijtimoiy soʻrovnomalar va nazorat ishlari oʻtkaziladi.

Ijtimoiy soʻrovnomalar TALIS-xalqaro tadqiqotlari savollari asosida oʻtkaziladi.

Oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma asosida pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligi baholansa, oʻqituvchilar esa oʻz kasbiy tayyorgarligi, pedagogik faoliyati, shaxsiy fikr-mulohazalari, maktab sharoiti haqida maʼlumotlarni bayon qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Pedagog jamoa bilan oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrovnomada umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilarning kamida uchdan ikki qismi qatnashadi.

Nazorat ishlari umumiy oʻrta taʼlim muassasasi oʻquvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilim darajasini aniqlash maqsadida yozma ish va test sinovi shaklida oʻtkaziladi.

Reyting koʻrsatkichlarini hisoblash quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:

— reytingda ishtirok etayotgan barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining ballari har bir mezon boʻyicha alohida hisoblanadi;

— tegishli mezon boʻyicha eng yuqori natijaga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga mazkur mezon uchun belgilangan eng koʻp ball beriladi;

— qolgan barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining ballari eng yuqori ballga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasining ballari yigʻindisiga nisbatan hisoblab chiqariladi;

— har bir mezon boʻyicha hisoblangan ballar yigʻindisi asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasasining reytingi belgilanadi.

Akademik litseylar reytingi esa

— oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgan talabgorlar sonining belgilangan qabul parametriga nisbati (raqobat koʻrsatkichi);

— oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan oʻquvchilar ulushi;

— reyting aniqlangan yilda nufuzli xalqaro va respublika fan olimpiadalari, sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan (sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan) oʻquvchilar ulushi;

— chet tili va fanlarni bilish darajasi toʻgʻrisida milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar ulushi;

— ilmiy darajali, chet tili va fanlarni bilish darajasi toʻgʻrisida milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan asosiy shtatdagi pedagoglar ulushi;

— xorijiy pedagoglar, shuningdek, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytinglarida birinchi 1 000 talikka kirgan OTM diplomlariga ega boʻlgan mahalliy pedagoglar ulushi;

— akademik litseydagi maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv tarbiyaviy muhit (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida) kabi koʻrsatkichlar asosida aniqlanadi.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingi Prezident maktablari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalariga nisbatan, akademik litseylar reytingiga esa “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va boshqa harbiylashtirilgan akademik litseylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Endilikda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumtaʼlim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantiriladi.